Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning deyarli barcha sohasiga kirib keldi. Endi bankka borib navbat kutish shart emas. Bir necha soniyada telefon orqali pul o‘tkazish mumkin. Kommunal to‘lovlar, soliqlar, davlat xizmatlari, onlayn savdo, masofaviy ta’lim va hatto tibbiy maslahatlar ham raqamli platformalar orqali amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarini kengaytirish hamda naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Bu jarayon iqtisodiyot samaradorligini oshirish, davlat xizmatlarining shaffofligini ta’minlash va aholi uchun qulaylik yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Biroq har qanday yangilikning ikkinchi tomoni ham bo‘ladi. Texnologiyalardan nafaqat halol insonlar, balki yomon niyatli kimsalar ham foydalanishni o‘rganmoqda. Ilgari firibgarlik ko‘proq yuzma-yuz muloqot orqali sodir etilgan bo‘lsa, bugun u telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, bank kartalari, elektron hamyonlar va hatto sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilmoqda.
Shu bois, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bir vaqtda uning huquqiy himoyasini ham kuchaytirish davlat siyosatidagi ustuvor vazifalardan biriga aylandi.
Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi hamda Senatga yuborildi. Qonundan asosiy maqsad raqamli muhitda fuqarolarning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish, jinoyatlarning oldini olish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning samarali faoliyati uchun zamonaviy huquqiy asos yaratishdan iborat.
Nega aynan bugun bunday chora zarur bo‘ldi?
Har kuni yuzlab fuqaro turli aldov va tovlamachilik usullari qurboni bo‘lib, mablag‘idan ayrilmoqda. Telefonga kelgan birgina qo‘ng‘iroq, soxta havola, yolg‘on xabarnoma (SMS) yoki o‘zini bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxs bilan bir necha daqiqali suhbat insonning yillab to‘plagan mablag‘ini yo‘qotishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Keling, hayotda tez-tez uchrab turadigan bir holatni tasavvur qilaylik. Toshkent viloyatida yashovchi yoshi ulug‘ ayolga kutilmaganda telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ladi. Qo‘ng‘iroq qilgan shaxs o‘zini bank xodimi deb tanishtiradi. U ayolning kartasida go‘yo shubhali operatsiya o‘tkazilayotganini aytib, mablag‘ni saqlab qolish uchun SMS orqali kelgan kodni aytishni so‘raydi. Ayol xavotirga tushib, kodni aytadi. Bir necha daqiqa o‘tmasdan hisobidagi barcha mablag‘ boshqa hisoblarga o‘tkazib yuboriladi. Bu voqeada firibgar na bankka kirdi, na karta o‘g‘irladi. U faqat insonning ishonchidan foydalandi.
Ko‘pchilik “kiberjinoyat” deganda kompyuterni xakerlik orqali buzib kirish yoki murakkab xakerlik harakatlarini tushunadi. Aslida esa bugun kiberjinoyatlarning katta qismi oddiy insonlarni aldash orqali sodir etilmoqda.
Masalan, “Siz 50 million so‘m yutdingiz” degan xabar, arzon narxda avtomobil yoki kvartira sotilayotgani haqidagi ¬soxta e’lon, ijtimoiy tarmoqlarda qarindoshining akkaunti buzilib, pul so‘ralgan xabar, o‘zini bank, soliq organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar, investitsiya platformasi yoki kriptovalyuta orqali yuqori daromad va’da qiluvchi firibgarlar insonlarning aldanib qolishiga sabab bo‘layotir.
Bunday holatlarda kompyuter tizimi emas, inson psixologiyasi “buziladi”. Shuning uchun zamonaviy kiberjinoyatchilik huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy -muammoga aylanib ulgurdi.
So‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida “drop” degan atama tez-tez qo‘llanmoqda. Oddiy qilib aytganda, “drop” o‘z bank kartasi, elektron hamyoni yoki bank hisob raqamini boshqa shaxslarga muayyan haq evaziga yoki bepul foydalanish uchun berib qo‘yadigan shaxsdir. Ko‘pchilik bunday harakatning oqibati haqida o‘ylamaydi.
Masalan, talaba ijtimoiy tarmoq orqali “karta kerak, oyiga 1 million so‘m to‘laymiz” degan taklifga rozi bo‘ladi. U o‘z kartasini boshqa shaxslarga beradi. Bir necha kundan keyin esa o‘sha karta orqali o‘nlab firibgarlik mablag‘i aylantirilgani ma’lum bo‘ladi. Natijada jinoyatchilar izini yashiradi. Jabrlanuvchilar pulsiz qoladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar esa mablag‘ning haqiqiy egasini aniqlash uchun ko‘proq vaqt sarflaydi.
Aynan shunday aldov va tovlamachilik holatlarining oldini olish maqsadida mazkur qonun bilan samarali huquqiy mexanizmlar joriy etiladi.
Jazoni kuchaytirish emas, jinoyatning oldini olish
Yangi qonunni o‘qir ekanmiz, undagi o‘zgarishlarning aksariyati jinoyat sodir bo‘lishidan avval uning yo‘lini to‘sishga qaratilganiga guvoh bo‘lamiz. Buning uchun qonunda jinoyatchilarning moliyaviy izlarini tezroq aniqlash, firibgarlikda foydalanilayotgan bank kartalari aylanmasini cheklash, raqamli xizmatlardan jinoiy maqsadlarda foydalanishning huquqiy oqibatlarini belgilash, internet orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga nisbatan huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish, tergov organlariga zamonaviy raqamli dalillar bilan ishlash imkoniyatlarini kengaytirish kabi choralar nazarda tutilgan. Kiritilayotgan o‘zgartirishlar jinoyatning sodir etilishi ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladi.
Har bir davr o‘zining huquqiy yechimlarini talab qiladi. O‘tgan asrda qonunlar asosan an’anaviy munosabatlarni tartibga solgan bo‘lsa, bugun raqamli muhit mutlaqo yangi huquqiy yondashuvlarni taqozo etmoqda.
Shu ma’noda, mazkur qonun alohida jinoyatlarni jazolashga qaratilgan navbatdagi huquqiy hujjat emas. U raqamli jamiyat sharoitida davlat, fuqaro va biznes o‘rtasida xavfsiz raqamli munosabatlarni shakllantirishga xizmat qiladigan tizimli huquqiy mexanizmdir. Qonunning asosiy vazifasi jinoyatchilar qo‘llayotgan yangi usullarga huquqiy jihatdan munosib javob berishdir.
Birinchi muhim yangilik: internet orqali sodir etilgan jinoyatlarga huquqiy baho o‘zgaradi. Raqamlashtirish jarayonining jadallashuvi natijasida firibgarlik jinoyatlarining salmoqli qismi internet tarmog‘i va boshqa raqamli platformalar orqali sodir etilmoqda. Fuqaro telefon qo‘ng‘irog‘ini qabul qiladi. Telegram orqali havola keladi. Ijtimoiy tarmoqda soxta do‘kon ochiladi. Internet orqali qarz taklif qilinadi. Natijada jinoyat sodir bo‘ladi.
Amalda esa ko‘p hollarda jinoyatning aynan raqamli texnologiyalar orqali sodir etilgani jazo tayinlashda alohida huquqiy ahamiyat kasb etmas edi. Qonun bilan mazkur yondashuv qayta ko‘rib chiqilib, internet, telekommunikatsiya tarmoqlari yoki ommaviy axborot vositalari imkoniyatlaridan foydalanib, jinoyat sodir etish og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholanishi belgilangan.
Ikkinchi muhim yangilik: “kartamni vaqtincha ishlatib turing” degan gap endi jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. So‘nggi yillarda firibgarlik natijasida qo‘lga kiritilgan mablag‘larning harakat yo‘nalishini aniqlash hamda ularni o‘tkazishda foydalanilgan hisob¬raqamlar va boshqa moliyaviy vositalarni belgilash huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi eng murakkab vazifalardan biriga aylanmoqda.
Amaldagi usullar shunday ishlaydi. Jinoyatchi hech qachon o‘z kartasidan foydalanmaydi. U talabalar, ishsizlar yoki oson daromad izlayotgan shaxslarga murojaat qilib, ularning bank kartasi yoki elektron hamyonidan foydalanadi.
Masalan, “bir oyga kartangizni ijaraga bersangiz, 2 million so‘m to‘laymiz” degan takliflar ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez uchrab turadi. Ko‘pchilik buning jinoyat ekanini anglamaydi. Aslida esa aynan shu karta orqali o‘nlab jabrlanuvchilarning mablag‘i aylantiriladi.
Qonun mazkur zanjirni uzishga qaratilgan muhim huquqiy mexanizmlarni taklif qilmoqda. Xususan, bank kartalari, hisobvaraqlar va elektron to‘lov vositalarini jinoiy maqsadlarda boshqa shaxslarga berish yoki ulardan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarga aniq huquqiy baho belgilanmoqda. Bu o‘zgarish, birinchi navbatda, halol fuqarolarni himoyalashga xizmat qiladi.
Uchinchi muhim yangilik: elektron ham¬yon va raqamli aktivlar sohasida ham huquqiy aniqlik paydo bo‘ladi. Bugun raqamli iqtisodiyot faqat bank kartalaridan iborat emas. Elektron hamyonlar, onlayn to‘lov platformalari, raqamli aktivlar va kriptovalyuta bilan bog‘liq operatsiyalar ham tobora ommalashmoqda. Mazkur jarayon jinoyatchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Masalan, mablag‘ bank kartasidan elektron hamyonga, undan boshqa mamlakatdagi kriptohamyonga, keyin esa yana boshqa hisobga o‘tkazilishi mumkin. Bir necha daqiqada pulning haqiqiy harakat yo‘lini aniqlash juda qiyinlashadi.
Shu sababli qonun bilan elektron to‘lov vositalari va ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlar ham takomillashtirildi. Bu o‘zgarishlar raqamli moliya bozorining barqaror rivojlanishi uchun ham muhim.
To‘rtinchi muhim yangilik: tergovning zamonaviy vositalari kengayadi. Kiberjinoyatlarni tergov qilish oddiy jinoyatlarni ochishdan tubdan farq qiladi. Agar an’¬anaviy jinoyatda guvohlar, izlar yoki ashyoviy dalillar asosiy ahamiyatga ega bo‘lsa, raqamli jinoyatlarda elektron ma’lumotlar, IP manzillar, server jurnallari, bank operatsiyalari va raqamli tranzaksiyalar asosiy dalil bo‘ladi. Bunday ma’lumotlarni tezkor olish imkoniyati bo‘lmasa, jinoyatchilar mablag‘ni bir necha daqiqada boshqa davlatlarga o‘tkazib yuborishi mumkin.
Shuning uchun qonunda ayrim protsessual mexanizmlarni zamonaviy raqamli munosabatlarga moslashtirish nazarda tutilgan. Bu huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kiberjinoyatlarni tezroq fosh etish imkonini beradi.
Qonunning asosiy ta’siri firibgarlik usullarini tashkil qilayotgan, bosh-qalarning kartasidan foydalanayotgan, soxta hisoblar ochayotgan, internet orqali ommaviy aldovlar uyushtirib kelayotgan shaxslarga qaratiladi.
Shu ma’noda, mazkur hujjat raqamli makonda jinoyatdan daromad topishga urinayotgan shaxslar uchun jiddiy ogohlantirish vazifasini bajaradi.
Hech bir qonun fuqarolarning huquqiy ongi va ehtiyotkorligisiz to‘liq samara bermaydi. Masalan, qonun bank kartasini boshqa shaxslarga bermaslikni talab qilishi mumkin. Lekin inson oson daromad ilinjida o‘z kartasini ixtiyoriy ravishda boshqalarga taqdim etsa, eng avvalo, o‘zi xavf ostida qoladi.
Yoki bank hech qachon SMS orqali kelgan tasdiqlash kodini so‘ramasligi haqida million marta ogohlantirish mumkin. Ammo fuqaro ishonib kodni aytsa, firibgar uchun eshikni aynan o‘zi ochib bergan bo‘ladi. Shuning uchun mazkur qonunni mamlakatimizda raqamli huquqiy madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladigan muhim huquqiy hujjat sifatida baholash maqsadga muvofiq.
Bir qarashda kiberjinoyatchilik alohida shaxslar o‘rtasidagi firibgarlikdek ko‘rinadi. Aslida, uning ta’sir doirasi ancha keng. Bugun raqamli texnologiyalar bank tizimi, davlat xizmatlari, elektron tijorat, soliq ma’muriyatchiligi, investitsiyalar, tashqi savdo va moliya bozorlarining asosiy infratuzilmasiga aylangan. Demak, raqamli muhitdagi xavfsizlik endi butun iqtisodiyot barqarorligining ham muhim shartidir.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, kiberjinoyatchilik oqibatida yetkazilayotgan zarar yildan yilga oshib bormoqda. Xalqaro tahlillarga ko‘ra, bu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yillarda kiberjinoyatlar tufayli jahon iqtisodiyoti ko‘radigan zarar trillionlab AQSh dollariga yetishi mumkin. Bu raqamlar kiberxavfsizlikni milliy iqtisodiy xavfsizlikning ajralmas qismi sifatida ko‘rish zarurligini namoyon etadi.
Tasavvur qilaylik: yosh oila bir necha yil davomida uy xarid qilish uchun mablag‘ jamg‘ardi. Internetdagi soxta ipoteka yoki investitsiya taklifiga ishonib, butun mab¬lag‘ini firibgarlarga o‘tkazib yubordi.
Bu yerda faqat bitta bank hisobvarag‘i bo‘shab qolgani yo‘q. Oilaning kelajak rejalari kechikadi, bank tizimiga ishonch pasayadi, aholi raqamli xizmatlardan ehtiyotkorlik bilan foydalana boshlaydi. Natijada raqamli iqtisodiyotning rivojlanish sur’atiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatilishi mumkin. Shuning uchun ham kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish davlat iqtisodiy siyosatining muhim yo‘nalishidir.
Eng muhim kapital — ishonch
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivoj-lantirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish va elektron to‘lov tizimlarini kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar bajarilayotir. Bu islohotlarning muvaffaqiyati esa, eng avvalo, aholining ishonchiga bog‘liq.
Agar inson telefon orqali pul o‘tkazishdan qo‘rqsa, internet do‘konlariga ishonmasa yoki elektron xizmatlardan xavfsirasa, raqamlashtirishdan kutilayotgan iqtisodiy samaraga erishish qiyin bo‘ladi.
Demak, raqamli iqtisodiyotning eng muhim kapitali texnologiya emas, ishonchdir. Mazkur qonun aynan ana shu ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugun xorijiy investor mamlakatning soliq siyosati yoki bozor hajmi bilan birga kiberxavfsizlik darajasini ham baholaydi. Chunki har qanday zamonaviy ishlab chiqarish, bank tizimi, logistika markazi yoki fintex kompaniyasi o‘z faoliyatida raqamli texnologiyalarga tayanadi. Agar mamlakatda elektron operatsiyalarni himoya qiluvchi huquqiy mexanizmlar yetarli bo‘lmasa, investorning tavakkalchiligi ortib boradi. Shu nuqtayi nazardan, kiberjinoyatchilikka qarshi samarali qonunchilik investitsiya muhitining ham muhim tarkibiy qismidir.
Rivojlangan davlatlar tajribasida ham raqamli muhitda sodir etiladigan jinoyatlarga nisbatan huquqiy choralar bosqichma-bosqich kuchaytirilmoqda. Masalan, Yevropa Ittifoqida axborot tizimlariga qarshi jinoyatlar, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy egallash, elektron to‘lov vositalari orqali firibgarlik va raqamli identifikatsiya vositalaridan jinoiy maqsadlarda foydalanish uchun javobgarlikka oid umumiy huquqiy standartlar shakllantirilgan.
AQShda elektron moliyaviy firibgarlik, bank kartalari ma’lumotlarini o‘g‘irlash, elektron aloqa vositalari orqali firibgarlik hamda kiberjinoyatlar federal darajada og‘ir jinoyat sifatida baholanadi.
Singapur, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi raqamli iqtisodiyoti yuqori rivojlangan mamlakatlarda esa elektron to‘lov tizimlari xavfsizligiga milliy iqtisodiy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi.
Bu misollar shuni ko‘rsatadiki, raqamli iqtisodiyot qanchalik rivojlansa, uni himoya qiluvchi huquqiy mexanizmlar ham shunchalik mustahkam bo‘lishi lozim.
Biznes uchun ham muhim
Ayrimlar “bu qonun faqat jinoyatchilarga qarshi qabul qilinmoqda”, deb o‘ylashi mumkin. Aslida esa uning bevosita manfaatdorlari orasida tadbirkorlar ham bor.
Onlayn savdo platformalari, to‘lov tashkilotlari, marketpleyslar, elektron xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar, logistika operatorlari va fintex loyihalari xavfsiz raqamli muhitsiz barqaror rivoj¬lana olmaydi.
Firibgarliklar ko‘paysa, birinchi navbatda, biznesning o‘zi zarar ko‘radi. Mijozlar ishonchini yo‘qotgan bozor uzoq muddatli rivojlana olmaydi. Shuning uchun mazkur qonun raqobat muhitini ham himoya qiladi.
Qonunni tahlil qilar ekanmiz, yana bir muhim jihat e’tiborni tortadi. Unda jinoyatning oldini olishga xizmat qiluvchi mexanizmlarga alohida e’tibor qaratilgan. Bu zamonaviy huquq siyosatining asosiy tamoyillaridan biridir. Chunki har qanday firibgarlikdan keyin pulni qaytarish oson emas. Ammo uning sodir bo‘lishiga imkon bermaslik ko‘p jihatdan samaralidir.
Aynan shu nuqtayi nazardan qaraganda, bank kartalari aylanmasini tartibga solish, elektron to‘lov vositalari bilan bog‘liq munosabatlarni aniq huquqiy qoidalar asosida belgilash hamda raqamli muhitda jinoyat sodir etishning huquqiy oqibatlarini kuchaytirish profilaktikaning muhim vositasiga aylanadi.
Qonun mamlakatimizdagi keng ko‘lamli raqamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida baholanishi lozim. Chunki davlat bir tomondan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirar ekan, ikkinchi tomondan uning xavfsizligini ta’minlaydigan huquqiy mexanizmlarni ham takomillashtirib borishi tabiiy. Bu esa “raqamlashtirish — huquqiy muhofaza — jamoat ishonchi” zanjirining barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Huquq taraqqiyotdan ortda qolmasligi kerak. Bu — huquqiy davlat qurishning eng muhim talablaridan. Jamiyatda yangi munosabatlar paydo bo‘lar ekan, ularni tartibga soladigan huquqiy mexanizmlar ham zamon bilan hamqadam rivojlanib borishi zarur. Biz ana shunday tarixiy bosqichda turibmiz.
Bugun raqamli iqtisodiyotni shakllantirish va rivojlantirish, davlat bosh¬qaruvi tizimini raqamli texnologiya¬lar asosida takomillashtirish, elektron davlat xizmatlari ko‘lami va sifatini oshirish, shuningdek, innovatsion yechimlarni amaliyotga keng tatbiq etish mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor strategik yo‘nalishlari qatoriga kiritilgan. Bu o‘zgarishlar odamlarning kundalik turmush tarzini yengillashtirmoqda. Davlat xizmatlarining ochiqligi va samaradorligini oshirmoqda. Tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ammo raqamlashtirishning haqiqiy samarasi texnologiyalardan xavfsiz foydalanish imkoniyati bilan belgilanadi.
Ko‘pincha kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi sifatida qabul qilinadi. Aslida esa raqamli xavfsizlikni ta’minlashda har bir fuqaro, har bir tashkilot va har bir davlat organining o‘z o‘rni bor. Banklar zamonaviy himoya tizimlarini joriy etadi. Telekommunikatsiya operatorlari axborot xavfsizligini ta’minlaydi. Davlat organlari huquqiy mexanizmlarni takomillashtiradi. Ta’lim muassasalari raqamli savodxonlikni oshiradi. Ommaviy axborot vositalari aholini ogohlantiradi. Fuqarolar esa shaxsiy ma’lumotlari va moliyaviy resurslariga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘ladi.
Mana shu zanjirning biror bo‘g‘ini zaif¬lashsa, butun tizimning samaradorligi pasayadi. Shu bois, kiberxavfsizlikni ta’minlash umummilliy vazifaga aylanmoqda.
Hech qanday qonun har bir insonning telefoni yonida turib, uni firibgardan himoya qila olmaydi. Hech qanday huquqiy norma insonning o‘rniga qaror qabul qilmaydi. Hech qanday davlat organi fuqaro o‘z ixtiyori bilan firibgarga yuborgan SMS kodni qaytarib bera olmaydi. Shuning uchun raqamli xavfsizlikning birinchi va eng muhim sharti huquqiy madaniyatdir.
Eng katta natija nimada?
Bu savolga javobni oldi olingan jinoyatlar soni bilan baholash to‘g‘riroq bo‘ladi. Agar yangi huquqiy mexanizmlar natijasida fuqarolar bank kartalarini boshqalarga bermay qo‘ysa, internet firibgarligi qurbonlari kamaysa, raqamli xizmatlarga ishonch ortsa, tadbirkorlar elektron tijoratdan xavfsiz foydalansa, bank tizimi barqarorligi mustahkamlansa, tergov organlari kiberjinoyatlarni tezroq fosh eta olsa, demak, qonun o‘zining asosiy vazifasini bajargan bo‘ladi. Chunki zamonaviy huquqning eng muhim mezoni xavfni kamaytirishdir.
Raqamli iqtisodiyot ham, elektron davlat xizmatlari ham, sun’iy intellekt texnologiyalari ham, fintex sohasi ham, axborot tizimlari ham, eng avvalo, inson manfaatlariga xizmat qilishi lozim.
Mazkur qonun aynan shu maqsadga xizmat qiluvchi huquqiy islohotlardan biridir. U raqamli taraqqiyotni cheklamaydi. Aksincha, uning xavfsiz rivojlanishi uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytiradi. Eng muhimi, ushbu qonun fuqarolarning shaxsiy mulki, moliyaviy xavfsizligi va raqamli huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu esa har bir insonning davlatga, qonunga va raqamli xizmatlarga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Raqamli texnologiyalar taraqqiyotini to‘xtatib bo‘lmaydi. Ular yanada rivojlanadi, yangi xizmatlar, yangi imkoniyatlar va yangi iqtisodiy munosabatlarni vujudga keltiradi. Biroq ular bilan birga yangi xavf-xatarlar ham paydo bo‘ladi. Shunday ekan, huquq ham taraqqiyot bilan birga harakat qilishi shart.
Qonun ana shu ehtiyojning huquqiy ifodasidir. U raqamli makonda jinoyatchilikka qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish hamda yangi O‘zbekistonda xavfsiz raqamli muhitni barpo etishga xizmat qiladi.
Akrom TOSHPO‘LATOV,
Parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori