Rossiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning uchinchi bor tashkil etilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning izchil rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Ikki kun davomida tashkil etilgan tadbirlar vatandoshlar bilan samimiy muloqotdan tortib, davlatlararo madaniy hamkorlik masalalarini muhokama qilish va o‘zbek san’atini nufuzli xalqaro sahnada namoyish etishgacha bo‘lgan izchil jarayonni qamrab oldi.

Jumladan, madaniyat kunlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Rossiyada ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar va turli sohalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Muloqotda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov ham ishtirok etdi.

Madaniyat kunlarining navbatdagi muhim tadbirlaridan biri, bu O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitasining oltinchi yig‘ilishi bo‘ldi. Unda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova boshchiligidagi delegatsiyar o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi doirasida qator kelishuvlarga erishildi. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib, qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish, ijodiy jamoalar almashinuvini kengaytirish va ikki xalqning boy madaniy merosini targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, uchrashuv davomida, O‘zbekiston xoreografiya akademiyasi rektori Shuxrat Toxtasimov, O‘zbekiston raqs san’ati ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Charos Djurabayeva va Moskva xoreografiya akademiyasi rektori Svetlana Zaxarova bilan memorandum imzolandi. Shu bilan birga, ushbu uchrashuv yakunida, O‘zbekiston va Rossiya madaniyat vazirlari Ozodbek Nazarbekov va Olga Lyubimova tomonidan Madaniyat masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitaning oltinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.

Tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida Moskva shahridagi Davlat Kreml saroyida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” tantanali konserti namoyish etildi. Konsert orqali O‘zbekistonning boy musiqiy merosi, milliy san’ati va zamonaviy ijodiy salohiyatini Rossiya jamoatchiligiga keng taqdim etildi. Dasturdan milliy musiqa, maqom, opera, estrada va xoreografiya namunalari bilan bir qatorda, o‘zbek va rus xalqlarining musiqiy merosini uyg‘unlashtirgan asarlar ham o‘rin oldi. Sahnada O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, Mukarrama To‘rg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli, O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalari hamda taniqli san’atkorlar ishtirok etdi. Shuningdek, O‘zbekiston madaniyati va san’atiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etilib, mamlakatimizning boy madaniy merosi va zamonaviy ijodiy yutuqlari namoyish etildi.

Ma’lumot o‘rnida, ilk madaniyat kunlari 2021-yil 9–12-iyun kunlari Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida, ikkinchi tadbirlar esa 2024-yil 17–20-noyabr kunlari Moskva shahrida o‘tkazilgan edi. O‘zaro madaniyat kunlarini tashkil etish an’anasi doirasida 2025-yil 28–31-may kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Rossiya madaniyati kunlari” ham o‘tkazilgandi.

Navbatdagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari” esa xalqlarimizni madaniyat va san’at orqali yanada yaqinlashtirib, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitdi.