Bu boʻyicha Prezidentning “Samarqand viloyatida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–145-son, 20.04.2026-y.) qabul qilindi.

Quyidagilar mazkur qarorning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:

  • Samarqand viloyatida mashinasozlik klasterini rivojlantirish, viloyat sanoatida mashinasozlik tarmogʻining ulushini 2030-yilgacha 15 foizga, sanoatda qoʻshilgan qiymat ulushini 40 foizga yetkazish;
  • mazkur qarorga muvofiq tashkil etiladigan mashinasozlik sanoat zonasida yillik 10 ming dona tijorat transport vositalari (yuk avtomobillari, avtobus, mikroavtobus, pikap va maxsus transport vositalari, shu jumladan, elektrda harakatlanuvchi) ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish.

Mashinasozlik sanoat zonasi ishtirokchilari sifatida faqat N, M2, M3, O va L toifaga kiruvchi transport vositalari hamda ular uchun ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etuvchi korxonalar roʻyxatdan oʻtkaziladi.

Mashinasozlik sanoat zonasining faoliyati “Samarqand viloyati sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tomonidan boshqariladi.