Samarqandda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yangi turistik xizmat — vertolyotda havo sayohati yo‘lga qo‘yildi.
13-maydan boshlab mehmonlar “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi hamda Zarafshon milliy tabiat bogʻi hududi uzra vertolyotda parvoz qilib, Samarqand manzaralarini osmondan tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Loyiha doirasida sayyohlar shaharning tarixiy obidalari, zamonaviy infratuzilmasi, yashil hududlari va tabiiy manzaralarini yuqoridan kuzatishi mumkin.
Xususan, Zarafshon milliy tabiat bogʻining tabiati va “Buyuk Ipak yoʻli” turizm markazining zamonaviy majmualari havodan yanada jozibador ko‘rinish kasb etadi.
Maʼlum qilinishicha, vertolyot bir vaqtning oʻzida besh nafar yoʻlovchiga moʻljallangan boʻlib, parvozlar xavfsizlik talablari asosida tashkil etilgan.
Samarqand viloyati mutasaddilariga ko‘ra, yilning dastlabki toʻrt oyida viloyatga 1,8 million nafar xorijiy va 2,7 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan.
Yangi turistik xizmat orqali sayyohlarning Samarqandda qolish muddatini uzaytirish va hududning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsad qilingan.
Mutasaddilarning taʼkidlashicha, vertolyot sayohatlari har oy muntazam tashkil etiladi va kun davomida oltita reys amalga oshiriladi.