Viloyat YHXB maʼlumotiga ko‘ra, o‘quvchilar ijaraga olingan Malibu-2 avtomobilida Ishtixon tumani ko‘chalarida harakatlanib, YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmagan. Shuningdek, ular xodimni haqorat qilib, uning shaʼni va obro‘siga putur yetkazuvchi videotasvirlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.
YHXB tomonidan eʼlon qilingan videoda o‘quvchilardan biri avtomobilni 1,2 million so‘mga ijaraga olganini va YPX xodimining to‘xtash talabiga bo‘ysunmaganini aytgan.
Yana bir o‘quvchi esa YPX xodimlarining to‘xtash talabiga bo‘ysunmay, qochib ketgani va ularni haqorat qilganini bildirgan.
O‘rganishlar davomida qoidabuzarliklarni sodir etgan shaxslar Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 2-sonli texnikum o‘quvchilari ekani aniqlangan. Shundan so‘ng holat ular tahsil olayotgan taʼlim muassasasida tanqidiy muhokama qilingan.
Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan materiallar qonuniy qaror qabul qilish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.