Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.

Murojaatni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oʻqib eshittirdi.

Prezident oʻz murojaatida narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, transmilliy narko-jinoyatlarga qarshi kurashishda ishtirokchi davlatlar huquq-tartibot idoralari maʼlumotlar bazalarini birlashtiradigan, sunʼiy intellekt asosida ishlovchi yagona raqamli platformani ishga tushirish taklif etildi.

Qayd etilishicha, narko-biznes nafaqat giyohvand moddalar aylanmasi, balki milliardlab dollarlik yashirin iqtisodiyot, uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni moliyalashtiruvchi manba hisoblanadi. Bugun jinoiy mablagʻlarni yuvishning katta qismi raqamli aktivlar va ofshor hududlar orqali amalga oshirilmoqda.

Shu munosabat bilan, kripto-birjalar uchun majburiy identifikatsiya standartlarini global darajada birxillashtirish, ofshor yurisdiksiyalar bilan majburiy maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda “nomaʼlum manba” mablagʻlarini avtomatik bloklash mexanizmlarini joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, noqonuniy mablagʻlar harakatini dunyo boʻylab avtomatik aniqlaydigan va ularni qabul qilgan moliyaviy tashkilotlarni xavf toifasiga kiritadigan “xalqaro raqamli qora kod” tizimini yaratish taklif qilindi.

Prezident sintetik narkotiklar turi ortib borayotganini qayd etib, bu borada doimiy muloqot maydonini shakllantirish, zamonaviy davolash metodika va standartlarini birgalikda ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, giyohvandlikka chalinganlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha tajriba almashish maqsadida Markaziy Osiyo narkologlar assotsiatsiyasini tashkil etish, uning bosh ofisini Samarqand shahrida joylashtirish taklif etildi.

Murojaatda yana bir muhim masala — ayrim hududlarda narkotik yetishtirish va tarqatish iqtisodiy imkoniyatlar cheklangani, ish oʻrinlari yetishmasligi hamda ijtimoiy tengsizlik oqibatida saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Shu bois, narko-trafik xavfi yuqori boʻlgan hududlar uchun “maxsus rivojlanish dasturi”ni ishlab chiqish, investitsiyalarni jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, taʼlim va tibbiyotni rivojlantirish orqali aholining jinoiy iqtisodiyotga qaramligini kamaytirish boʻyicha kompleks choralar koʻrish taklif qilindi.

Taʼkidlanishicha, bunday dastur faqat yordam emas, balki xalqaro hamjamiyatning umumiy masʼuliyati sifatida qaralishi lozim.

Tadbirda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Jahon bojxona tashkiloti hamda boshqa 20 dan ortiq nufuzli xalqaro tuzilmalar vakillari ishtirok etadi.