Bu haqda
Maʼlum qilinishicha, erkak oilaviy mojaro fonida ikki manzilda qurolli hujum uyushtirgan. Avval u bir ayolni og‘ir yaralagan, so‘ng boshqa uyga borib, o‘z farzandlariga qarata o‘q ochgan.
Oqibatda 3 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 8 nafar bola halok bo‘lgan. Ularning 7 nafari gumonlanuvchining o‘z farzandlari, yana biri qarindosh bola bo‘lgan.
Shuningdek, erkakning turmush o‘rtog‘i va uning yaqin tanishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
Voqeadan so‘ng hujumchi qurol bilan qochib, yo‘lda avtomobilni kuch bilan egallab olgan. Uni taʼqib qilgan politsiya boshqa hududda to‘xtatishga uringan va qarshilik ko‘rsatgani sababli otib o‘ldirgan.
Rasmiylar hodisani oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘lamoqda. Hozirda fojeaning aniq sabablari o‘rganilmoqda.
Shahar rahbariyati bu voqeani so‘nggi yillardagi eng og‘ir fojealardan biri deb baholadi.