Xalqaro anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yoshlarning jamiyat va davlat hayotidagi faol ishtirokini kengaytirish, ularning parlament faoliyatidagi rolini kuchaytirish, yosh avlod vakillari oʻrtasida global muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Konferensiyada 183 mamlakat, 15 ta xalqaro tashkilot vakillari hamda 50 ga yaqin doimiy kuzatuvchidan iborat 300 ga yaqin ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda. Ularning orasida yosh parlament aʼzolari, parlament rahbarlari va vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari bor.
Anjuman doirasida yosh parlament aʼzolari zamonaviy dunyoda duch kelayotgan dolzarb muammolarni muhokama qiladi, inson huquqlari va qadr-qimmatini taʼminlash, adolat tamoyillarini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda yoshlarning rolini oshirish masalalari yuzasidan fikr va tajriba almashadi.
Shuningdek, konferensiya doirasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikka bagʻishlangan III global forum ham tashkil etiladi.
Bugungi kunda dunyoda jadal oʻzgarishlar, yangi xavf va tahdidlar kuzatilayotgan bir sharoitda yoshlarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini taʼminlash, salohiyati va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, mazkur konferensiya yosh parlament aʼzolari uchun nafaqat tajriba va fikr almashish, balki aniq tashabbuslarni ilgari surish hamda amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun muhim xalqaro maydon hisoblanadi.
Samarqand shahrida oʻtkaziladigan ushbu nufuzli xalqaro anjuman Oʻzbekistonning parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yoshlar diplomatiyasini qoʻllab-quvvatlash va global hamkorlikni mustahkamlash borasidagi faol pozitsiyasini namoyon etadi.