Davlat rahbari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Bassoga Oʻzbekistondagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlab kelayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, yigʻilishda ishtirok etayotgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalar rahbarlarini qutladi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Xorijiy investorlar kengashi Yangi Oʻzbekiston bilan jahон investitsiya hamjamiyati oʻrtasidagi ishonchli muloqot maydoniga aylandi. Bir yil ichida kengash aʼzolari soni 54 tadan 85 taga yetdi. Ular iqtisodiyotning 23 ta tarmogʻini qamrab olgan.

Prezident oʻtgan yildagi yigʻilishda ilgari surilgan 21 ta tashabbus boʻyicha aniq qarorlar qabul qilinganini taʼkidladi.

Investorlarning tashabbuslari davlat siyosatida oʻzining amaliy ifodasini topmoqda. Takliflarning salmoqli qismi asosida normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirildi, — dedi davlat rahbari.

Xususan, Soliq kodeksiga investorlar uchun qulay oʻzgarishlar kiritildi, kompaniyalar oʻrtasidagi ichki qarz bitimlari moliyaviy nazoratdan chiqarildi, asosiy vositalarni jadallashtirilgan tartibda amortizatsiya qilish huquqi berildi. Xalqaro standartlar asosida hisobот yurituvchi xorijiy kompaniyalar uchun bir qator majburiy talablar ham bekor qilindi.

Shuningdek, «Muqobil investitsiya jamgʻarmalari toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish va 16 ta texnik reglamentni xalqaro meʼyorlarga muvofiqlashtirish dasturi tayyorlandi.

Prezident xorijiy investorlar uchun teng va adolatli shart-sharoitlar yaratish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni qabul qilish yuzasidan ham yangi qadamlar tashlanayotganini qayd etdi.