Muloqot
chog‘ida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik
sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinib,
raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, elektron
hukumat tizimini takomillashtirish hamda bu sohada qonunchilikni rivojlantirish
masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Iqlim o‘zgarishi
oqibatida yuzaga kelayotgan tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarning oldini
olish hamda ularga tezkor javob qaytarish borasida ikki tomonlama hamkorlik
masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Bu borada Koreya tajribasi asosida
favqulodda vaziyatlarning oldini olish, aholini evakuatsiya qilish va
xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan raqamli texnologiyalarni hududlar
va mahallalar darajasida joriy etish imkoniyatlari haqida fikr yuritildi. Bunda
mahalliy Kengashlar deputatlarining amaliy loyihalarni joylarda samarali tatbiq
etishdagi ahamiyati qayd etildi.
Muloqot
davomida mamlakatimizdagi koreys diasporasining ikki xalq o‘rtasida do‘stlik va
madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashdagi muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, 2027-yilda koreys diasporasi O‘zbekistonda yashayotganining
90-yilligi keng nishonlanishi qayd etildi.
Uchrashuv
yakunida tomonlar parlamentlararo va hududlararo hamkorlikni yanada
kengaytirish orqali o‘zaro manfaatli tashabbus va loyihalarni
qo‘llab-quvvatlash hamda amaliy sheriklikni izchil davom ettirishga tayyor
ekanliklarini bildirdilar, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.