Ayniqsa, Qoraqalpogʻistonda keyingi yillarda sohada yuz bergan sifat oʻzgarishlarini alohida taʼkidlash joiz. 2017-2025-yillarda hududda “Bir qadam” tamoyili asosida 76 ta oilaviy shifokorlik punkti,
89 ta oilaviy
poliklinika, 87 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Shuningdek,
ixtisoslashtirilgan markazlarning hududiy filiallarida 150 turdagi yangi
texnologiyalar joriy etildi. Yiliga 4500 bemorning Toshkent va chet elga
bormay, hududning oʻzidayoq yuqori texnologik yordam olish imkoniyati
yaratildi. Toʻrtkoʻl, Qoʻngʻirot va Chimboy tumanlarida qoʻshma
shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etilib,
bemorlarga joylarning oʻzida shoshilinch va malakali tibbiy yordam
koʻrsatilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, 6
yoshli bolalar orasida virusli gepatit “A” kasalligining oldini olish maqsadida
bepul rejali emlash oʻtkazildi. Tegishli farmon asosida faqat 2025-yilning
oʻzida Qoraqalpogʻistonda yashovchi bolalar uchun zarur mablagʻ ajratilib, 47
ming 220 doza vaksina sotib olindi va yosh koʻrsatkichi boʻyicha kasallanish
darajasi yuqori boʻlgan bolalar orasida gepatit “A” kasalligiga qarshi bepul
emlash ishlari bajarildi. Natijada aholining ushbu kasallikka chalinish
koʻrsatkichi 2024-yildagiga nisbatan 1,6 barobar, maqsadli guruh bolalari
oʻrtasidagi kasallanish holatlari 3,7 barobar kamayishiga erishildi.
Joriy yilda
kasallikka qarshi emlash uchun byudjetdan yana 8 milliard soʻm ajratildi.
Shuningdek, bugunga qadar faqat Toshkent shahrida oʻtkazib kelingan ayrim
murakkab jarrohlik amaliyotlari endi shu yerning oʻzida bajarilmoqda. Jumladan,
sunʼiy qon aylanish apparati orqali bemorlarning yuragida ochiq jarrohlik
amaliyoti oʻtkazilyapti. Multispiral kompyuter tomografiyasi, ultratovush,
laboratoriya uskunalari esa kasalliklarga erta tashxis qoʻyish imkonini
bermoqda.
Tibbiyot xodimlari
mehnatini ragʻbatlantirish, olis va chekka hududlarga shifokorlarni jalb etish
maqsadida bunday hududlar roʻyxati 297 taga kengaytirilib, Qoraqalpogʻistondan
38 ta mahalla ushbu roʻyxatga kiritilgan. Viloyatlar hamda Toshkent shahridan,
shuningdek, xorijiy davlatlardan hududning Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak,
Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning
oylik lavozim maoshiga dastlabki uch yil davomida 100 foiz, Moʻynoq tumanida
esa 200 foiz miqdorida qoʻshimcha har oylik ustama davlat byudjeti hisobidan
toʻlab borilmoqda.
Qoraqalpogʻiston
Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi jami 221 muassasada
“Elektron poliklinika” va “Elektron shifoxona” axborot tizimlari
shakllantirilib, bemorlarni oilaviy shifokorlarga biriktirish, onlayn qabulga
yozilish, patronaj, profilaktik koʻriklar, skrining dasturlari va ularning
natijalarini tahlil qilish, bemorlarni qoʻshimcha tekshirish, konsultatsiya va
davolashga yoʻnaltirish hamda qayta bogʻlanish imkoniyatlarini qamrab olgan
“Yagona tibbiyot tizimi” joriy etildi. Nukus shahri tibbiyot birlashmasida
markazlashgan laboratoriya tashkil etilib, shahardagi barcha laboratoriyalar
bilan integratsiya qilindi hamda DMED axborot tizimi negizida ish boshladi.
Onalik va bolalikni
muhofaza qilish yoʻnalishida faoliyat yuritayotgan tibbiyot muassasalari
samaradorligini oshirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan,
tumanlarimizdagi tugʻuruq kompleksi va perinatal markazlarda fertil yoshdagi
ayollar, onalar va bolalar uchun zarur qulay sharoit yaratildi.
Shahar va tuman
tibbiyot birlashmasi tarkibida barcha qulaylikka ega markaziy shifoxonalar,
zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan tez tibbiy yordam boʻlimi, koʻp
tarmoqli markaziy poliklinika, shuningdek, hududlarda qishloq oilaviy
poliklinikalari, chekka qishloqlarda esa mahalla tibbiyot punktlari tashkil
etilgan. Aholining salomatligi shifokorlarning doimiy nazoratida.
Keyingi yillarda
xalqimiz salomatligini muhofaza qilishda xususiy klinikalarning ulushi
sezilarli darajada ortgan. Hozir Qoraqalpogʻistondagi 392 ta xususiy tibbiyot
muassasasida 346 ta ambulator va 45 ta statsionar sharoitda 57 turdagi
mutaxassislik boʻyicha aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatilayotir.
Shu bilan birga,
sogʻliqni saqlash sohasida xorijiy klinikalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib,
qator xalqaro memorandumlar imzolandi. Xususan, Xitoyning CSADI kompaniyasi
yordamida Nukus shahrida bolalar tibbiyot klasteri qurilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, ayni hududda onalar va bolalar uchun BAA yordami bilan
shifoxona qurilishi yakunlanmoqda.
Yaponiyaning
“Digital knowledge” kompaniyasi tomonidan homilador ayollar uchun moʻljallangan
raqamlashtirilgan platformani birlamchi tibbiyot boʻgʻini xodimlari amaliyotiga
joriy etish qoʻshma loyihasi bilan birga AQSHning TIFO tashkiloti yordamida
hududda “Orol fojiasining mintaqaviy aholi salomatligiga salbiy taʼsirini
oʻrganish” loyihasi doirasida suv namunalari olish va oʻrganish ishlari
bajarilmoqda.
Bugun
Qoraqalpogʻistonda tibbiyot sohasida kuzatilayotgan oʻzgarishlar muayyan tarmoq
doirasidagi yangilanishlar bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Ularning
mazmun-mohiyati inson qadrini ulugʻlash, aholi salomatligini saqlash va hayot
sifatiga daxldor eng muhim masalalarni hal etishga qaratilgan.
Ayni paytda
tibbiyot sohasi oldiga qoʻyilayotgan vazifalar tobora murakkablashib, talablar
yuksalib borayotgan bir sharoitda Qoraqalpogʻistonda shakllanayotgan yangi
tajriba va yondashuvlar kelgusi taraqqiyot uchun mustahkam zamin hozirlamoqda.
Eng muhimi, bu jarayonlar markazida inson qadri va manfaatlari turibdi.
Fuqarolarning sifatli tibbiy xizmatdan bahramand boʻlishi, oʻz vaqtida tashxis
va davolanish imkoniyatlari kengayishi, malakali tibbiy yordamning aholiga
yanada yaqinlashayotgani esa islohotlarning hayotiy ahamiyatini yaqqol namoyon
etayotir.
Murad QURBANOV,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri