Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi ham aynan shu maqsadga — sohani yangi bosqichga olib chiqish, ommaviy sportni xalqimizning kundalik hayot tarziga aylantirish hamda seleksiya tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgani bilan gʻoyat ahamiyatlidir.
Shu paytgacha sportga jalb etilganlar soni koʻpincha hisobotlardagi quruq raqamlar
yoki umumiy qamrov foizlari bilan oʻlchanar edi. Endilikda bunday amaliyotdan voz
kechilib, aholining real sogʻligʻi va jismoniy koʻrsatkichlari asosiy baholash mezoni
sifatida belgilandi. Yigʻilishda sport toʻgaraklari faoliyatidagi xoʻjakoʻrsinlik
va formal yondashuvlar keskin tanqid qilinib, barcha harakatlarni faqat va faqat
amaliy natijaga yoʻnaltirish qatʼiy talab qilib qoʻyildi.
Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalarida bu boradagi ishlar ahvoli haqqoniy tahlil
qilindi. Ochiq tan olish kerakki, talaba yoshlarni sportga jalb etishda hali yechimini
kutayotgan masalalar yetarli. Endi oliygohlar sport federatsiyalari bilan yaqindan
hamkorlik qilishi, iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni tayyorlashning mutlaqo yangicha
va shaffof tizimini yaratishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Bu borada
davlatimiz rahbari tomonidan qator hayotiy tashabbuslar ilgari surildi.
Mahallalarda “sogʻlom hayot volontyorlari” tizimi joriy etilishi,
hududlarning sportdagi faolligi ularning ragʻbatlantirilishiga asos boʻlishi
shular jumlasidan. Bundan tashqari, barcha taʼlim dargohlarida haftaning bir
kuni “Sport kuni” deb eʼlon qilinishi, yoshlar oʻrtasida kross-fit kabi
zamonaviy va ommabop mashgʻulotlarni keng yoyish orqali haqiqiy sogʻlom turmush
tarzini targʻib qilish vazifasi yuklatildi.
Shu oʻrinda “mahalla
— maktab — sport muassasasi — federatsiya” uzluksiz zanjirining ahamiyati
beqiyos. Talabalarni sport toʻgaraklariga jalb etish orqali dual taʼlim asosida
murabbiylar tayyorlash va ularga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish tizimi yoʻlga
qoʻyiladi. Sohaga faqatgina jismoniy mashgʻulot sifatida emas, balki ilmiy
yondashuv, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish va iqtisodiy
samaradorlik nuqtayi nazaridan ham qarash vaqti keldi.
Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, Namangan davlat texnika
universitetida sport yoʻnalishidagi ishlar mutlaqo yangicha tizim asosida qayta
tashkil etilmoqda. Biz talabalarning ommaviy sport bilan qamrovini oshirish
boʻyicha oʻzimiz uchun aniq maqsad va koʻrsatkichlarni belgilab oldik.
Universitetdagi mavjud sport toʻgaraklari faoliyati toʻliq inventarizatsiyadan
oʻtkazilib, ularning natijadorligi doimiy monitoring qilib boriladi. Yoshlar
orasida ommaviylashayotgan kross-fit va boshqa zamonaviy sport turlarini
oliygohimizga kiritish orqali talabalarning faolligini va sportga qiziqishini
yanada oshirishni maqsad qilganmiz.
Mavjud sport
infratuzilmasidan foydalanish samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba
sportchilarni kashf etib, ularni professional sport sari yoʻnaltirish kundalik
ishimizga aylanadi. Hududiy sport tashkilotlari va federatsiyalar bilan
hamkorlikni kengaytirib, yangi loyihalarni hayotga tatbiq etamiz. Zero, talaba
yoshlarning sogʻlom va jismonan barkamol boʻlib yetishishi ularning kelajakda
oʻz sohasining yetuk, fidoyi va kuchli mutaxassislari boʻlib yetishishida eng
muhim poydevordir.
Oybek ERGASHEV,
Namangan davlat texnika universiteti
rektori, professor
Hamkorlik materiali