Binobarin, unda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish va ijtimoiy faolligini oshirishda sportning oʻrni alohida ekani qayd etildi. Yutuqlarni mustahkamlab, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etishga eʼtibor qaratildi.
Bugungi globallashuv sharoitida har bir davlatning
raqobatbardoshligi, avvalo, yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy barkamolligi
bilan belgilanadi. Shu bois, jismoniy tarbiya va sport masalasi davlat
siyosati darajasiga koʻtarilib, izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yigʻilishda oliy taʼlim muassasalarining sport
yoʻnalishidagi faoliyatini yanada kuchaytirish zarurati mavjudligi qayd
etildi. Ayrim OTMlarda
sport infratuzilmasi yetarli darajada rivojlanmagani, sport inshootlaridan
foydalanish darajasi pastligi, talabalarni sportga jalb etish tizimi koʻp
hollarda formallikka aylanib qolgani tanqid qilindi.
Musobaqalar muntazam emasligi yoki keng qamrovli
tashkil etilmayotgani ham aytildi. Shuningdek,sport federatsiyalarining oliy
taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ishlamasligi iqtidorli yoshlarni erta
aniqlash va professional sportga yoʻnaltirish imkoniyati pasayishiga sabab
boʻlmoqda. Iqtidorli talabalar bilan individual ishlash masalasida ham
kamchiliklar mavjud. Xususan, yuqori natijalarga erishish salohiyatiga ega
yoshlar uchun individual murabbiylar biriktirish tizimi yetarlicha rivojlanmagan.
Bu esa ularning professional darajada oʻsishiga toʻsqinlik qiluvchi omillardan.
Holbuki, zamonaviy sport tizimida har bir sportchi bilan individual yondashuv asosida
ishlash eng muhim talabdir. Ushbu kamchiliklarning ochiq muhokama qilinayotgani
va ularni bartaraf etish boʻyicha aniq vazifalar belgilanayotgani ijobiy hol,
albatta. Bu esa tizimni yanada takomillashtirish, muammolarni
bosqichma-bosqich hal qilish imkonini beradi. Davlat siyosatining ustuvor
yoʻnalishlaridan biri sifatida qaralayotgan va aniq strategik yondashuv
shakllanayotgan sport sohasida oliy taʼlim muassasalarining mavqeini
kuchaytirish, ushbu jarayonda nafaqat taʼlim maskani, balki yoshlar
salomatligini mustahkamlash, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish va
iqtidorli sportchilarni yetishtirish markaziga aylanishi dolzarb vazifadir.
Prezidentimizning taklifiga koʻra,
“mahalla — maktab — sport muassasasi — oliygoh” uzviy tizimi asosida
yoshlarni sportga jalb etish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va professional
darajada tayyorlash boʻyicha yangi mexanizmlar joriy etiladi. Sport
toʻgaraklari faoliyati kengaytirilib, ularga tajribali murabbiylar
biriktiriladi, sport yoʻnalishidagi talabalar esa dual taʼlim asosida amaliy
murabbiylik faoliyatiga jalb etiladi. Shuningdek, “salomatlik balansi”,
“sogʻlom hayot volontyorlari”, kross-fit
kabi zamonaviy yoʻnalishlarni joriy etish tashabbusi ham yoshlar oʻrtasida
sogʻlom turmush madaniyatini shakllantirishda muhim. Sport sohasida ilmiy
tadqiqotlarni rivojlantirish, ularni amaliyot bilan integratsiya qilish, sport
tibbiyoti, fiziologiya, reabilitasiya va zamonaviy texnologiyalarni joriy
etish ham ustuvor yoʻnalishlardan. Sunʼiy intellekt asosida sportchilar faoliyatini
tahlil qilish, mashgʻulot jarayonlarini optimallashtirish kabi zamonaviy
yondashuvlarni joriy etish orqali ilmiy salohiyatni oshirishga alohida eʼtibor
qaratiladi.
Sport sohasida belgilab berilgan
ustuvor vazifalar sogʻlom, faol va raqobatbardosh jamiyatni shakllantirishga
xizmat qiladi. Bunda oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan sport
toʻgaraklarining oʻrni muhim.
Bugun Buxoro davlat pedagogika institutida faoliyat
yuritayotgan “Talaba yoshlar sport klubi”da yigit-qizlar sportning futbol,
voleybol, stol tennisi, yengil atletika, gandbol, dzyudo, shaxmat, shashka,
badminton, chim ustida xokkey, kurash kabi turlari bilan shugʻullanmoqda.
Oʻtgan davrda institut talabalari jami 175 ta medalga sazovor boʻlgan. Shundan
11 tasi xalqaro musobaqalarda, 16 tasi Osiyo chempionatlarida, 148 tasi
respublika miqyosidagi bellashuvlarda qoʻlga kiritilgan.
Yaqinda “Vazir kubogi” musobaqasi
doirasida qizlar oʻrtasida ilk bor tashkil etilgan chim ustida xokkey
bellashuvida talaba qizlarimiz 3-oʻrinni egallagani mazkur sport turi boʻyicha
faoliyatimizning ilk natijasidir. Talabalarimizning bu kabi yutuqlari
barchamizni quvontiradi. Shunday boʻlsa-da, yoshlarning sport turlari boʻyicha
muntazam shugʻullanishiga sharoit yaratish yoʻlida doimiy harakatdamiz.
Davlatimiz rahbari boshchiligidagi mazkur islohotlar esa yoshlar oʻrtasida
sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va yuqori
natijalarga erishadigan sportchilarni tayyorlashda alohida faollik talab
qiladi. Institutimiz mazkur islohotlar boʻyicha samarali ishlab, salmoqli
natijalarini koʻrsatadi.
Bahodir MAʼMUROV,
Buxoro davlat pedagogika instituti
rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor