Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Rishton tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Rishton tuman gaz” ta’minoti bo‘limi xodimlari S.Sh. va M.O. fuqaro H.U.ning “Birlashgan” MFY hududidagi xonadonini tabiiy gaz tarmog‘iga ulab, hujjatlarini rasmiylashtirib berishlari evaziga 5,2 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganliklari aniqlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Uychi tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Uychitumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi yetakchi muhandisi B.D. fuqaro N.E.ning "Gulbog‘" MFY manzilidagi xonadonini gaz tarmog‘iga ulab, hisoblagich o‘rnatib berishi evaziga o‘z xizmat xonasida 4,5 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Chortoq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda “Yangiqo‘rg‘on tumangaz” gaz ta’minoti yetakchi muhandisi A.A. fuqaro N.I.ning xonadonini gaz tarmog‘iga ulash va yangi abonent hisob-raqami ochib berishi evaziga filial qorovuli orqali 4,8 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Izboskan tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Hududgaz Andijon” GTF Izboskan filiali sobiq bo‘lim boshliqlari A.I. va K.Y. tadbirkorning ishonchiga kirib, uning xizmat ko‘rsatish shoxobchasida tabiiy gaz ta’minotidan hisoblangan 76 mln so‘m qarzdorligini “Hududgaz Andijon” GTF bo‘lim mutaxassisi N.K. orqali yo‘q qilib berishlari evaziga qo‘lga kiritgan 500 AQSh dollari hisobidan 2,3 mln so‘mini A.I. tadbirkorga qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.