Ushbu savolni bugungi jamiyatga qarab emas, bir lahzagina oʻzimizga qarata bersak, uning javobi yanada ogʻirlashadi.
Yashash
faqat kun oʻtkazishdan iborat emas, u maʼno izlash, qadriyatlarga suyanish,
oʻzlikni saqlash, shuningdek, farzand tarbiyasida, mehnatda va munosabatlarda
oʻz izini qoldirishdir. Axir inson hayoti uning qanday vaqt
oʻtkazgani emas, balki nima uchun yashagani bilan belgilanadi. Xoʻsh, biz bu tushunchalarni qayerdan
oʻrganganmiz?
Bir paytlardagi oddiy oʻzbek
xonadonlarini eslaylik. Kechqurun oila davrasida, choy ustida dildan suhbatlar
boʻlardi. Kattalar hayotidan misollar keltirar, kichiklar esa tinglardi. Bu
shunchaki vaqt oʻtkazish emas, balki tarbiya va maʼrifat edi. Birgina oddiy gap
yoki nasihat kimningdir butun hayotiga taʼsir qilib, uni oʻzgartirib yuborishi
mumkin edi.
Yana bir misol: ilgari kitob oʻqish
faqat bilim olish vositasi emas, balki atrofdagilarning hurmatini qozonishga
sabab boʻladigan omil edi. Qishloqlarda ham, shaharlarda ham kitobxon va ziyoli
odamga alohida ehtirom koʻrsatilardi. Chunki u ilgʻor fikrlovchi hamda bilimli
inson sifatida qadrlanardi.
Bugun-chi?
Bugun oʻsha choy ustidagi
suhbatlarning oʻrnini telefon egalladi. Bir xonadonda oʻtirgan odamlar bir-biri
bilan emas, ekran bilan “suhbatlashmoqda”. Ular bir-birini eshitmaydi, lekin
tarmoq orqali boshqalarni kuzatib, aksariyat hollarda bekorchilikdan ularning
ortidan gʻiybat qiladi.
Toʻylarimizga
nazar tashlaylik. Ilgari toʻyda qarindosh-urugʻlar, qoʻni-qoʻshnilar
diydorlashib, dildan samimiy suhbat qurar, yoshi ulugʻlarning duosi olinardi.
Asosiysi, toʻyga elga dasturxon yozib siylash va diydor vositasi deb qaralardi.
Bugun-chi? Bugun toʻylarimizni yangicha udumlar oʻylab topiladigan bellashuv
maydoni desak ham boʻladi. Eng yomoni shuki, buni kattalarimiz,
quda-andalarning oʻzi boshlab beryapti: kimdir uzuk taqqan, kimdir qudasining
boʻyniga puldan “marjon” osgan, yana birov umra ziyoratiga yoʻllanma sovgʻa
qilgan.
Bu qatordan yoshlar qolib ketsa
boʻlmas! Ular ham koʻz koʻrib, quloq eshitmagan udumlarni oʻylab topishmasa,
zamon zamon boʻlmay qoladigandek: qaysidir kuyov oʻz jufti bilan oqqush raqsiga
tushmoqda, boshqa bir kelin kuyovga atab qoʻshiq kuylamoqda, ayrimlari esa
hammaning koʻz oʻngida tort tufayli kaltaklanmoqda. Hozir esa toʻy koʻp
hollarda shunchaki koʻz-koʻz qilish marosimiga aylanib bormoqda: kim nima
kiydi, qanday videolar olindi, ijtimoiy tarmoqqa qanday joylandi — shular
muhimdek. Toʻyning mohiyatida yashash emas, balki uni namoyish qilish asosiy
oʻringa chiqqan. Unutmaylik, toʻy odamlar uchun qilinsa, qadriyat, kamera uchun
qilinsa, tomoshaga aylanadi.
Mahalladagi munosabatlar-chi? Ilgari
qoʻshnining dardi ham, quvonchi ham umumiy boʻlardi. “Bir bolaga yetti mahalla
ota-ona” degan naqlga amal qilinib, haddidan oshish, kibrga berilish yoki
koʻz-koʻzlash holatlari kuzatilsa, qoʻni-qoʻshnilar dakki berardi. Natijada bugungidek
koʻz koʻrib, quloq eshitmagan yangi udumlar urchimasdi.
Bugun esa bir-birini tanimaydigan
qoʻshnilar koʻp. Lekin shu insonlar tarmoq orqali boshqa birovning hayotini
soatlab kuzatishi mumkin. Afsuski, bu paradoks ijtimoiy hayotimizning bir
qismiga aylanib ulgurdi. Bunday oʻzgarishlarni faqat “zamona zayli” deb
tushuntirish oson. Lekin bu yerda yana bir chuqur jarayon turibdi: odamlar
asta-sekin jamiyat ishtirokchisidan tomoshabinga aylanib bormoqda.
Nil Postman bir paytlar media
jamiyatni koʻngilochar shaklga burib yuborayotganini taʼkidlagan edi. Bugun biz
bu fikrning tasdigʻini oʻz hayotimizda koʻryapmiz: hatto jiddiy mavzular ham
qisqa, taʼsirli, lekin yuzaki formatga aylanib qolmoqda.
Gi Debor esa jamiyat tomoshagohga
aylanadi degan edi. Buni tushunish uchun uzoqqa borish shart emas: ijtimoiy
tarmoqlarda har kim oʻz hayotining borini emas, balki uning faqat eng chiroyli
parchasini namoyish etadi. Boshqalar esa shu parchani yaxlit haqiqat deb qabul
qiladi.
Buning psixologik taʼsiri ham juda
ogʻir. Yoshlar orasida tez mashhur boʻlish istagi kuchayib boryapti. Sabr,
mehnat va bilim kabi qadriyatlar orqaga surilyapti. Chunki ular tez natija
bermaydi-da. Lekin ekrandagi muvaffaqiyat oson va tez qoʻlga kiritilgandek
koʻrinadi. Yoshlar orasida tez mashhurlikka intilish shunchaki orzu emas, balki
atrof-muhit taʼsirining samarasi. Chunki ular koʻrayotgan dunyoda mehnat
jarayoni emas, faqat natijada erishilgan yutuq namoyish qilinadi.
Yana bir ogʻriqli holat: kitob oʻqish
kamaymoqda, biroq axborot isteʼmoli ortib bormoqda. Yaʼni inson koʻp narsa
koʻryapti, lekin kam narsani anglayapti. Bu esa fikrlash tarzining
yuzakilashuviga olib keladi. Qisqa qilib aytganda, kitob insonni tafakkur
qilishga undasa, ijtimoiy tarmoq uni shunchaki reaksiya bildirishga oʻrgatadi.
Fikrlash sekin jarayon, reaksiya esa tezkor boʻlgani uchun koʻpchilik vaqtdan
yutdik deb oʻylab, haqiqiy yashash baxtini boy bermoqda.
Eng dahshatlisi shundaki, tugʻilishi
bilan onasi tomonidan qoʻliga telefon berib ovutilayotgan bugungi avlodning sogʻligʻi
va kelajagi xavf ostida. Chunki telefon bilan ovunayotgan yosh avlod orasida
“raqamli autizm” (ekran oldida haddan tashqari koʻp vaqt oʻtkazish natijasida
jonli muloqot koʻnikmalarining yoʻqolishi, empatiyaning pasayishi va
atrof-muhitga qiziqishning kamayishi bilan tavsiflanuvchi holat), koʻz nurining
xiralashishi kabi tashxislar sezilarli darajada ortib bormoqda. Endi tasavvur
qilib koʻring: agar bu holat davom etsa, kelajak avlod qanday ahvolga tushadi?
Bu haqida oʻylashning oʻzi dahshat.
Ekran orqali ovutilayotgan bola jim
boʻlishi mumkin, lekin u odatdagidek rivojlanmaydi. Axir jonli muloqot, hissiy
aloqa va atrof-muhitni oʻrganish bola uchun asosiy ehtiyoj va ruhiy ozuqa-ku!
Agar bu ehtiyoj ekran bilan almashtirilsa, natijada muloqotdan qochadigan,
empatiyasi past va diqqati tarqoq avlod shakllanadi.
Shu oʻrinda yuqoridagi savolni yana
takrorlaymiz: agar shu tarzda davom etsak, kelajagimiz qanday boʻladi?
Qadriyatlar qayerga yoʻqoladi? Milliy ruhni kim saqlab qoladi? Lekin eng muhim
burilish bu savollarni oʻzimizga berishdan boshlanadi: men oʻzi nima qilyapman?
Farzandimga nimani koʻrsatyapman — ekrannimi yoki kitobni? Men suhbatni
tanlayapmanmi yoki sukutni? Oʻz hayotimni yashayapmanmi yoki faqat
boshqalarnikini kuzatyapmanmi?
Chunki jamiyatni chetdan kimdir kelib
oʻzgartirib bermaydi. Uni har kuni oʻz tanlovlarimiz orqali oʻzimiz
shakllantiramiz.
Buning yechimi katta emas, lekin juda
muhim: oilada jonli suhbatni yana tiklash —
muhim islohot. Kitobni qoʻlga olish — ezgu kurash. Farzandga vaqt ajratish —
kelajakka kiritilgan sarmoya. Mazmunli fikrni boʻlishishning oʻzi ham bir
maʼrifatdir.
Yana oʻsha savolni beramiz, lekin bu
safar u yurakka yaqinroq jaranglaydi: biz haqiqatan yashayapmizmi yoki faqat
tomosha qilyapmizmi?
Agar faqat tomoshabin boʻlib qolsak,
bizning oʻrnimizga kim yashaydi? Agar biz qadriyatlarimizni asramasak, ularni
kim saqlab qoladi?
Buning javobi ogʻir. Lekin u mavjud.
Va u har birimizning kundalik tanlovimiz zamirida yashiringan.
Ahror JABBOROV,
Jurnalist