Abdusaid Qoʻchimov 1951 yil 15 may kuni Samarqand viloyatining Urgut tumanida tugʻilgan. U 1972 yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini “Oʻqituvchi” nashriyotida boshlagan ijodkor keyinchalik “Lenin uchquni” gazetasi, Sharq yulduzi jurnali, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy telereadiokompaniyasida faoliyat yuritgan. 2017 yildan buyon esa Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Uning qalamiga mansub “Xalqa”, “Qiyoфа”, “Mening yulduzim”, “Umid daraxtlari”, “Baland togʻlar”, “Chanoq”, “Ikki bahor” kabi koʻplab sheʼriy va nasriy asarlar kitobxonlar meh­rini qozongan.

Abdusaid Qoʻchimov “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist” va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi” faxriy unvonlari, shuningdek, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari jamoasi ustoz jurnalist va adibni qutlugʻ yoshi bilan samimiy muborakbod etib, unga uzoq umr, mustahkam salomatlik, oilaviy baxt-saodat va yangi ijodiy yutuqlar tilaydi.