Hodisa oqibatida Nijnokamsk shahridagi qurilish korxonasida ishlagan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Yana bir qator fuqarolar turli darajada tan jarohatlari bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga muvofiq tuzilgan Hukumat komissiyasi doirasida Tashqi ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan halok bo‘lganlarning jasadlarini Vatanga olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar ko‘rildi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi B. Asadov hamda O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli N. Qosimov voqea joyiga borib, mahalliy mas’ul idoralar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 12 avgust kuni maxsus aviareys orqali halok bo‘lgan fuqarolarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi.

Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat bilan bog‘liq barcha masalalarni, jumladan, jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlarini Rossiya tomoni bilan hamkorlikda nazoratga olgan.