Kaykovusning mashhur “Qobusnoma” asarida nutq va muomala odobiga alohida e’tibor berilgan. Asarning yettinchi bobida quyidagilarni o‘qiymiz: “Ey farzand, toki qila olsang (ya’ni qo‘lingdan kelsa), so‘z eshitmakdin qochmag‘ilkim, kishi so‘z eshitmak bila suxango‘ylik hosil qilur... Yolg‘on va behuda so‘z aytmak devonalikning bir qismidur. Har kishiga so‘z aytar bo‘lsang, qarag‘il, u sening so‘zingga xaridormu yoki xaridor emasmu? Agarda uni so‘zingga xaridor topsang, unga so‘zingni sotg‘il. Yo‘q ersa, ul so‘zni qo‘yib, boshqa shundoq so‘z degilkim, unga xush kelsin va sening so‘zingga xaridor bo‘lsin”.

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida til odobi, ya’ni o‘qish va bilim olishda tilning ahamiyati, qisqa va mazmunli so‘zlash, tilga ortiqcha erk bermaslik xususida quyidagilar bayon qilinadi: “Til aql va bilimning tarjimonidir. Bilki, kishini nuroniy qiluvchi vosita uning ochiq va mazmundor tilidir.... Til kishini izzatli qiladi, kishi tili bilan baxtli bo‘ladi. Til misoli arslondir, qara, u seni doim eshik oldida poylab yotadi. Ey mag‘rur uy xo‘jasi, hushyor bo‘lki, agar tilingga ortiqcha erk bersang, o‘ylamasdan so‘zlasang, bu arslon bir kun emas, bir kun boshingni yeydi...”.

Abu Rayhon Beruniyning fikricha, til so‘zlovchi istagini eshitguvchiga yetkazuvchi tarjimondir. Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy tilni insonni hayvondan ajratuvchi “gavhari sharif”ga o‘xshatadi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ushbu so‘zlari ham ayni haqiqat: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

Manbalarda keltirilishicha, Xoja Yusuf Hamadoniy 17 yoshidan boshlab ilm olishga kirishgan. Shu niyatda u Bag‘dod, Iroq, Isfahon, Xuroson, Buxoro va Samarqandning ulug‘ shayxlaridan ta’lim olib, yuksak kamolga yetishadi. Uning nutqi g‘oyat yoqimli va ta’sirchan bo‘lgani uchun ellik mingdan ortiq ma’jusiy islom dinini qabul qiladi.

“Zikr fikrdan afzalroq, — deydi alloma, — chunki zikr fikr eshigini ochuvchi kalitdir. Kalit yo‘qolsa yoki birovga berib qo‘yilsa, kalitsiz bu eshik aslo ochilmaydi”.

Ona tilimiz, undagi noyob so‘z va iboralar, hikmatlar, maqol va matallar asrlar davomida shakllangan, to‘plangan va sayqal topgan bo‘lib, bu noyob xazina, biz, bizdan keyingi avlodlar uchun qimmatbaho merosdir. Bu xazinadan bahramand bo‘lgan al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari mutafakkirlar dunyo tamadduni rivojiga munosib hissa qo‘shdi, ayni chog‘da o‘zlarining buyuk asarlari, ilm-ma’rifatlari bilan bu xazina maqomini yuksaltirdi. Shu bois, tilga e’tibor, uni milliy boylik sifatida sevib-ardoqlash, boyitish, kelajak nasllarga bor tarovati, xazina yanglig‘ purma’no salmog‘i bilan yetkazish ajdodlar ruhi oldidagi ma’naviy burchimizdir. Bu burchni tushunmay, beparvoligimiz oqibatida til xazinamizga yetkazilayotgan ozorlarni anglamasak, og‘zaki va yozma nutq bir-biriga qorishib ketsa, tuzatish qiyin bo‘lgan jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lamiz. Faqat bolaning emas, kattalarning ham “qotib” qolgan tilini o‘nglashning iloji yo‘q. Til shunday bir bog‘ki, undagi har bir nihol, har bir g‘unchaning o‘z o‘rni bor, bordi-yu ulardan biri e’tiborsiz qolsa, bog‘ning ko‘rkiga putur yetadi, tarovati susayadi.

Hikmatli so‘zlar, ma¬qol va matallar, rivoyat va hikoyatlar orqali biz uzoq o‘tmishga xayolan nazar tashlaymiz, xalqimiz bosib o‘tgan mashaqqatli yo‘ldan xabardor bo‘lamiz. Shu ma’noda, tilni bugungi kunni olis o‘tmish bilan bog‘lovchi ma’naviy ko‘prikka qiyoslash mumkin. Bu ko‘prik bizni yanada ezgu amallarga da’vat etadi. Tilini asragan el boy bo‘ladi, uni yo‘qotgan el o‘zligini yo‘qotadi. Shunday ekan, tilimiz boyligini o‘zligimizni yo‘qotmaslik uchun ham asrashimiz lozim.

Dunyoviy taraqqiyotning bugungi ilmiy-texnik darajasi har qanday mukammal tilni ham yangi so‘z, ibora va tushunchalar bilan muttasil boyitib borishni taqozo etadi. Tilshunos olimlar tilni faqat o‘tmishga emas, bugunga va kelajakka qarab ham boyitish zarurligini uqtiradilar. Bu vazifa mukammal reja asosida bajarilishi kerak. Negaki, tilimiz, tariximiz, madaniyat va san’atimizga qiziqish dunyo miqyosida kuchayib bormoqda. Ellikdan ortiq xorijiy oliy o‘quv yurti, ilmiy-madaniy muassasada o‘zbek tili, adabiyoti va san’atini o‘rganuvchi guruhlar paydo bo‘layotgani, biz bilan hamkorlik qilishga istak bildirayotganlar safi ortayotgani g‘oyat quvonarlidir. Atoqli adib Chingiz Aytmatov asarlari bois, dunyo mamlakatlarida qirg‘iz tilini, O‘ljas Sulaymonov ijodi bois, qozoq tili va tarixini o‘rganishga qiziqish yuzaga kelgan. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asari, Mirkarim Osim, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov romanlari, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf she’riyati ham shunday sharafli vazifani bajardi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yutuqlarimiz bor, albatta. Ammo uzoqda turib, tilimizni o‘rganuvchi yosh tadqiqotchilar o‘zbek tilining imlo va grammatika qoidalariga qat’iy rioya qilayotgan bir paytda biz o‘z yerimizda, o‘z uyimizda bu qoidalarni ayovsiz buzayotganimiz g‘oyat achinarlidir. Bunday qusur ko‘chalarimizda imlo qoidalariga rioya qilinmay yozilgan e’lon, savdo-tijorat reklamalari, televideniyeda “qo‘lbola” dori-darmonga doir tinimsiz berilayotgan maza-matrasiz matnlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Alloma G‘azzoliyning “Til ofatlari” kitobida bunday o‘git bor: “Insonga eng itoatsiz a’zo tildir. Chunki bu suyaksiz a’zoning osongina harakatga kelishi, hech bir mashaqqatsiz yugurikligi kutilmagan noxush oqibatlarga sabab bo‘ladi”.

Biz bugun tilimizdagi nuqsonlar haqida gapiryapmiz. Markaziy Osiyo deb ataladigan yirik bir mintaqa ko‘p jihatdan o‘zaro birlashayotgan, o‘z taqdirlarini shu buyuk birlikda ko‘rayotgan ekanlar, qo‘shnilar, umuman, turkiy dunyo xalqlari tillariga ham e’tibor berishimiz zarur. Buning uchun, avvalo, ona tili va uning amaldagi qo‘llanishi bilan bog‘liq muammolarni to‘la ma’noda hal qilishimiz zarur. Bu muammolar yuqorida keltirilgan xato va g‘alizliklardangina iborat emas. Nutqimizda “Ketdik obedlanishga”, “Balnisa”, “Kapelnisa”, “Srochno”, “Tochno”, “Kak raz”, “Tem boleye”, “Chto vi?”, “Chut-chut”, “Nu i nu”, “Za to”, “Nu da?”, “Nichego sebe”, “Vo-obshe”, degan olaquroq gaplar ko‘payib bormoqda. Oshxonadan uyimizga ovqat olmoqchi bo‘lsak, o‘zbek girgitton “Soboygami?” desa, “Ha”, deb turibmiz. Televideniyeda milliy taomimiz — o‘zbekning shoh asari bo‘lmish palovxonto‘rani pepsi kola bilan iste’mol qilishni kunda yuz bor reklama qilishmoqda. Biz — ishdan ko‘ra oshga jamuljam boradigan (Alixonto‘ra Sog‘uniy fikri) oshxo‘rlar bunga e’tibor bermaymiz. Bu ketishda ertaga qazili norinni sosiska, sho‘rvani pivo bilan tanovul qilishga chorlashlari hech gap emas. Rasmiy xabardan: “Mamlakat aholisining 35 millioni uchun o‘zbek tili ona tili hisoblanadi”. Umumiy ovqatlanish shoxobchalarining 75 foizida taomnomalar o‘zbek tilida emas. “Menyu”da ko‘rsatilgan taomlarni tushunib olish uncha-muncha xo‘randaning qo‘lidan kelmaydi.

Istiqlolning dastlabki yillarida Sog‘liqni saqlash vazirligi tilimiz sof¬ligi uchun kurash ishiga birinchilardan bo‘lib kirishgan, taniqli shoira Mukarrama Murodova boshchiligida ijodiy guruh tashkil etilgan edi. O‘shanda e’tiborga molik ancha-muncha ishlar qilingani yodimizda. Ammo keyinchalik hammasi yana eski qorishiq o‘zanlarga qaytdi. “Trombo ASS” dorisini qabul qilishga doir bugungi yo‘riqnomani o‘qiymiz: “Metamizol va bir vaqtda qo‘llanilishida metamizol atsetilsalitsil kislotasini trombotsitlar agregatsiyasiga ta’sirini kamaytirishi mumkin. Shuning uchun ushbu majmuani antiagregat vosita sifatida atsetilsalitsil kislotasini past dozalarini patsiyentlarni davolash uchun ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak”.

Bir nima tushundingizmi? Shu o‘zbek tilimi? Dorilarga ilova qilinayotgan o‘zbekcha yo‘riqnomalarning aksariyati shunday.

O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov ona tilimiz ravnaqini maqsad qilib, ko‘plab tadqiqot maqolalar yozdi. Ustozning “Ona tilim” maqolasida quyidagi jumlalar bor: “Bir marta yashaydigan inson o‘z qismatiga o‘zi ega bo‘lib, o‘zgaga mute bo‘lmasdan, ozod-emin yashasin ekan. O‘z tilingda so‘zlab, o‘z Allohingga sig‘inib, o‘z ota-onangni o‘z uduming bilan ko‘molmasang, bu dunyoga kelmaganing ham ma’qul ekan. Biz shunday kunlarni boshdan kechirdikki, hozirgi yoshlar tinglab, yoqa ushlasalar ajab emas”.

“Ustoz Qahhorning “xotin tili” degan o‘tkir iborasi meni ko‘p xayolga toldirdi, — deb yozgan edi Erkin aka. — Shu ibora bilan bog‘liq hodisalar, rivoyatlar, she’riy satrlar yodimga keldi. Xayolim dunyoni kezib chiqdi. Xotin tili. Ulug‘ adib bu lutf bilan ona tili degan so‘zning aziz va mo‘tabarligini ham, ayolga ehtiromning yuksak maqomini ham go‘zal ifoda qilgan. Gap faqat tojik tili ustida emas, ko‘ngil ustida, erkak va ayolning bir-birini anglashi ustida bormoqda. Bu oson ish emas. Xotin tilini anglash turmushning eng og‘ir va murakkab muammosi, tiriklikning mangu yechilmas jumbog‘idir. Xoliqi olam ayolning jinsi va jismigina emas, tafakkur tarzini ham boshqacha yaratgan ekan”.

Til haqida gap borarkan, matbuotimizning bugungi tiliga to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. Ko‘tarilayotgan mavzular yaxshi, ammo til g‘aliz. Mana, ayrim namunalar:

Reja qanday bajariladi — sharaf bilan.

Tadbirda so‘z qanday beriladi — mamnuniyat bilan.

Mehmonga qanday boriladi — qadam ranjida qilib.

Nahor oshga qanday boramiz — tashrifi qudum qilib.

To‘rt muchal emas — to‘rt mucha.

Ot aylanib qozini emas — qozig‘ini topadi.

Talabalar studiyaga tashrif buyurmaydi — teleko‘rsatuvda ishtirok etadi.

“Topishmoqli bolalar kitobi” emas — bolalar uchun topishmoqli kitob.

Qo‘shiq radioto‘lqinda jarang sochmaydi — taraladi.

“Xos-xashak” emas — xas-xashak.

“Ol, qo‘lim” emas — “ol, qulim”.

“She’r jonli ijro etilmaydi — o‘qiladi.

“Qurt-baraka” emas, “qut-baraka”.

Hassos shoira Tursunoy Sodiqova ma’ruzasining har so‘zidan olov, ohangidan muhabbat chaqnardi. Ijodiy uchrashuvlarda so‘zning o‘zini ham so‘zlatvorardi, bulbulday sayratardi. Notiqlik mahorati, ishontirish san’ati, ta’sir etish salohiyati baland edi. Ovozida boshqa notiqlarda kam uchraydigan noyob sehr bor edi. Shoira o‘zi yozganiday, “So‘z izlash, so‘z o‘ylash, so‘zga rang-tus berish, uni chiroyli ijroda taqdim etishga urinish, ko‘zlarni, quloqlarni o‘ziga maftun qilish uchun turli auditoriyalar, davralarda jon teriga tushib jang qilar, bahslashar, “so‘zda o‘lib, so‘zda tirilardi”. Opani tinglaganlar u bilan yana bir bor muloqotda bo‘lish, so‘z chashmasidan qonib-qonib ichishni, so‘z olamiga sayohatni niyat qilardi.

Adib va publitsist Ahmad A’zam necha yuzlab so‘z va iboralar, maqol va matallarning to‘g‘ri qo‘llanilishi, ma’no-mazmuni haqida turkum maqolalar yozdi, amaliy takliflar kiritdi. Haqiqatning ko‘ziga tik qarab, “Eng yomoni, tilga, adabiy chalasavodlikka e’tiborsizlik ko‘nikmaga aylanib bo‘ldi, til, to‘g‘ri talaffuz haqida gapirish endilikda hatto erish tuyuladi. Tili g‘aliz, yozish mahorati sust mualliflarning tom-tom kitoblari chiqyapti! Birov bir nima deyayotgani yo‘q. Shu qadar yasama, shu qadar sun’iy jumlalarki, kitob deyishga til bormaydi. Badiiy asarda, umuman, har qanday yozuvda, hatto oddiy yozishmada ham asosiy mezon — til, bu mezon yo‘qolsa, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lamiz”, degan edi u kuyinib.

Ahmad A’zam “Vijdon nomusi” sarlavhali o‘zi ko‘rmay ketgan kitobiga kirgan maqolalarida quyidagilarni yozgan: “Hozirgi adabiy tilimiz ne-ne asrlar davomida necha ming-ming ijodkorlarning tinimsiz mehnati hosilasi. Bu to‘g‘rida gapirganda, “Devonu lug‘otit turk”ni yaratib bergani uchun Mahmud Koshg‘ariyni til piridek xotirlaymiz. “Qutadg‘u bilig” yaratilganmi, binobarin, unga zamin — til, demakki, uni kitob holiga keltirib, muhrlab asrash zarurati bo‘lgan. Agar tilni qo‘riqlash, uning obro‘sini joyiga qo‘yish, yangi martabalarga ko‘tarish ehtiyoji bo‘lmaganda Navoiy bobomiz turkiy til sha’n-shavkati borasida “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni yozmagan bo‘lur edilar. Kerak ekanki, ona tilini qo‘riqlash, bosqinlardan himoyalash va o‘stirish uchun shu fidoyiliklar qilingan”.

Bugun biz ona tilimizni talab darajasida himoya qilmoqdamizmi?

Matbuotda “Tilga e’tibor — elga e’tibor”, “Til — dil kaliti”, “Til — xazina” kabi ruknlar ostida deyarli har haftada kuyinchak maqolalar e’lon qilinadi. Ammo uning samarasi ko‘ngildagiday emas.

Matbuotda “Toshkent shahar Yashnobod tumanida joylashgan Xon Saroy Afsonasi loyihasidan bir xonali xonadonlarga boshlang‘ich to‘lovni amalga oshiring va qolgan qismini oyiga 4 million so‘mdan to‘lab boring”, degan xabar chiqdi. Bu lo-yiha asosida qurilayotgan uylarning sifatidan xabardor emasman, ammo shu kichik e’lonchadagi g‘alizlikdan hayratga tushmaslikning iloji yo‘q. Birinchidan, yangi xonadonlarni odamlarga loyiha emas, uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanayotgan tashkilot beradi. E’lon so‘ngida xonadon xarid qilgan kishining baxtli hayoti uchun (?) bir necha qulayliklar mavjudligi sanab o‘tiladi. Ular orasida shunday “noyob” qulaylik bor: “Xavfsiz bolalar maydonchasi”. Ana xolos. “Xavfsiz bolalar” degani nimasi? “Bolalar uchun xavfsiz maydoncha” deb yozish qiyinmi?

“Makkajo‘xori” deymiz, “makka” va “jo‘xori” boshqa-boshqa ekin. “Sarimsoqpiyoz” ham shu — “sarimsoq” boshqa, “piyoz boshqa” (Z.Isomiddinov kuzatuvi). “8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami”, deyish ham noto‘g‘ri. “Xalqaro xotin-qizlar” degan tushuncha yo‘q. Ayollarni xalqaro va mahalliy toifalarga ajratib bo‘lmaydi. “Xotin-qizlarning xalqaro bayrami” deyish kerak.

“Vazirlik tomonidan berilgan topshiriqqa binoan” — chuchmal jumla. “Vazirlikning qaysi tomonidan?” deb so‘raging keladi. “Vazirlik topshirig‘iga binoan” deyilsa, ma’no aniq anglashiladi. “Tomonidan” so‘zi aksariyat hollarda noto‘g‘ri ishlatiladi: “Teatr jamoasi tomonidan sahnaga qo‘yilgan asar”, “Tuman hokimi tomonidan bildirilgan takliflar”, “Tadbirkorlar tomonidan asfaltlangan yo‘l” va hokazo. “Falon teatrda sahnalashtirilgan asar”, “Tadbirkorlar yordamida asfaltlangan yo‘l”, “Tuman hokimining taklifi” deyilsa bo‘ladi-ku.

“O‘qimishli kitob” emas, o‘qishli kitob.

“Davlat idoralarining shaffofligi” emas, gap bu idoralar faoliyatining shaffofligi haqida bormoqda.

“G‘o‘zaga ishlov berish boshlandi” — g‘o‘zaga ishlov berilmaydi, g‘o‘za qator oralari yumshatiladi.

“To‘p hujumchidan qochib ketmaydi” — hujumchi to‘pni o‘zidan uzoqlashtirib yuboradi.

“Mehmonlar uy ichiga kirmaydi” — uyga kiradi.

Uyga kirishgach, dasturxonga emas, dasturxon atrofiga o‘tirishadi.

Til — tirik organizm, u ham xuddi inson vujudidek, parvarishga, diqqat-e’ti-borga muhtoj. To‘g‘ri parvarishlangan nihol erta mevaga kirgani kabi tilga e’tibor ham yangi avlod tarbiyasida, albatta, o‘zining salmoqli samarasini beradi.

Ahmadjon MЕLIBOYEV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist