Uning rahbarligida jadidlar milliy davlatchilik qurish uchun harakat qildi. U birinchilardan boʻlib milliy mustaqillik gʻoyasiga asos soldi. Yoshlarni buyuk ajdodlari, boy madaniy merosi bilan faxrlanishga, asriy anʼanalarga ega qadriyatlarni asrab qolishga daʼvat qildi. Shu oliy maqsadlari yoʻlida koʻplab ishlarni amalga oshirib, millat zehniyati, maʼnaviyatini ravnaq toptirdi.
Behbudiyning
shogirdi va zamondoshi Vadud Mahmud Samarqandiy uning vafotiga bagʻishlab
yozgan taʼziyanomasida bunday haqli eʼtirof etadi: “Mahmudxoʻja oʻldi... (Ul
kim edi?) Mahmudxoʻja Turkiston degan oʻlkaning boshligʻi edi. Mahmudxoʻja
Turkistonning yoʻlboshchisi edi. Mahmudxoʻja oʻzbek Turkiston bolasi ekanligini
tushungan bir yigit edi. Shuning uchun u bizga Turkistongʻa har navi edi. Mahmudxoʻja
Turkistonning yangilik davri tarixinda yorugʻ bir chiroq edi. Mahmudxoʻjaning
niyati Turkiston tarixinda mumtoz oʻrin olishga munosib mirʼotdir”.
“Padarkush”dan
keyin sahnalashtirilgan “Toʻy” nomli ikkinchi oʻzbek pyesasi muallifi Hoji
Muʼin ustozi xususida Samarqandiydan kam soʻzlamagan: “Behbudiy afandi halim,
ziyrak, gʻoyat zakovatli va quvvai hofizasi zoʻr boʻldigʻidek, soʻzgʻa-da
nihoyat darajada usta edi. Shuning uchun aning suhbati gʻoyat lazzatli va
istifodali boʻlar edi. Behbudiy afandi har vaqt “kalom un-nosʻala qadri uʼquli
ham mazmunicha musohiblarning holigʻa va aqligʻa qarab, oʻshanga munosib
soʻylasha edi. Baʼzan mutoyiba ila majlisdoshlarini kuldura edi. Aning
suhbatinda boʻlgʻon kishi ruhlana, shodlana va aning oldindan aslo turgʻusi
kelmas edi”.
Soʻnggi
yillarda Mahmudxoʻja Behbudiy xotirasini
abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini oʻrganish hamda keng jamoatchilikka
targʻib etish ancha jonlandi. Bu esa zamon talablariga gʻoyaviy, ilmiy va
badiiy jihatdan yangi muzey ekspozitsiyasini yaratish zarurligini anglatdi.
Uy-muzey mashhur maʼrifatparvar, dramaturg, jurnalist va noshir hisoblangan
Mahmudxoʻja Behbudiyning ijodiy faoliyatini ilmiy oʻrganish va keng targʻib
etishda ilmiy-maʼrifiy maskanlardan biri hisoblanadi.
Mahmudxoʻja
Behbudiyning uy-muzeyi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 13-apreldagi qaroriga
asosan Samarqand davlat muzey qoʻriqxonasi filiali sifatida Samarqand
shahrining Mir Said Baraka koʻchasi 47-uyda tashkil etilgan. Uy-muzey oʻz
faoliyatini 2021-yil 18-oktyabrdan boshladi, binoning umumiy maydoni qariyb 860
kvadrat metrga teng, shundan 128
kvadrat metrini ekspozitsiya maydoni tashkil etadi.
Turkiston jadidlarining otasi
—
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi oʻzining ilk sonlaridayoq Behbudiy hayoti va
ijodiga doir tahliliy materiallarni berib borgani uchun boʻlsa kerak, sizning,
tahririyat muxbirining Behbudiy uy-muzeyiga tashrifi meni uncha
hayratlantirmadi. Boisi, kutilgan mehmon edingiz, — deydi Mahmudxoʻja Behbudiy
uy-muzeyi mudiri Gulmuhammad Ahmedov. — Ushbu muzeyda tashkil etilgan
ekspozitsiyalar ilmiy konsepsiyaga asoslangan boʻlib, unda Behbudiy hayoti va
ijodi, jadidchilik tarixi, XX asr boshlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy,
madaniy-maʼrifiy voqeliklar, hujjatlar, fotonusxalar va boshqa ashyolar
namoyish etilgan.
Bu muzey
bugungi kunda yurtimiz xalqi, yoshlari, pedagoglari, umuman, ziyo izlagan
qalblar uchun oʻz nurini taratib kelmoqda. Bundan tashqari, Mahmudxoʻja
Behbudiy uy-muzeyi katalogi nashr etildi. U tarixchilar, muzeyshunoslar,
sanʼatshunoslar va keng jamoatchilik uchun moʻljallangan. Bu katalogga
kiritilgan eksponatlar ham bevosita Mahmudxoʻja Behbudiy va u yashagan davr
bilan bogʻliq.
Behbudiy
“Turkiston jadidlarining otasi” degan sharafli unvonga sazovor boʻlgan, chunki
u Samarqandda oʻziga xos ilmiy-maʼrifiy muhit yaratgan. Masalan, uning
tashabbusi va gʻayrati bilan 1903-yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi
mahallasida, Abdulqodir Shakuriy bilan birgalikda Rajabamin mahallasida yangi
maktablar tashkil etiladi. Birinchi xona hisoblanmish “Mahmudxoʻja Behbudiyning
hayoti va ijodi” ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan “Muxtasar tarixi islom”,
“Alifboi maktabi islomiya”, “Amaliyoti islomiya”, “Matqali jugʻrofiya umroni”
asarlari ana shu yangi usul maktablari uchun darslik sifatida yaratilgan.
Ekspozitsiyada
Behbudiy bilan bir davrda ijod qilgan jadidlar asarlari ham namoyish etilgan.
Bular Said Vasliy qalamiga mansub “Madaniyat va zoifa shariyati islomiya”, Said
Ahmad Siddiqiy qalamiga mansub va Abdulqodir Shakuriy tomonidan chop etilgan
“Anjumani arvoh”, Munavvarqori qalamiga mansub “Islom aqidalari”, Abulqosim
Oxunzoda Ganjiyning “Risolai ittihodiya”, Abdulqodir Shakuriyning “Jomi
ul-hikoyot” asarlaridir.
Ikkinchi
xona “Behbudiy ijodxonasi” deb nomlanadi. Uning ijodxonasini koʻrsatib berish
uchun taqdim etilgan stol, stullar, shkaf, devor soati XIX asr oxiri — XX asr
boshlariga taalluqlidir. Ushbu jihozlar Turkiston oʻlkasiga koʻp miqdorda olib
kelingan, bu yerda mazkur mebellardan nafaqat Chor maʼmuriyati, balki mahalliy
aholi vakillari ham foydalangan. Mazkur mebellar toʻplami XIX asrning oxirgi
oʻn yilligi — XX asr boshlarida (asosan, Birinchi jahon urushigacha) keng
tarqalgan meʼmorlik, amaliy va tasviriy sanʼatdagi badiiy yoʻnalish boʻlgan
modern uslubida tayyorlangan.
Ekspozitsiyada,
shuningdek, Behbudiy va uning zamondoshlari tomonidan keng foydalanilgan odatiy
uy-roʻzgʻor buyumlari: kitob oʻqish uchun lavh, qalamdon, kitob tashish uchun
sumkalar ham namoyish etilmoqda. Bu paytda yozuv mashinkalari ham Turkiston
hududida keng tarqalgan boʻlib, undan asosan maʼmuriyat vakillari, ziyoli
qatlam, olimlar va noshirlar koʻproq foydalangan edi. Yozuv mashinkasining
Behbudiy yashab, ijod etgan davrda Turkistonda keng tarqalgan, 1903-yildan
ishlab chiqarila boshlangan “Kontinental” turi mazkur ekspozitsiyada namoyish etilmoqda.
Ayni
davrda rasm boʻla boshlagan telefon apparati va stol soati ham ijodxona
interyerini bezab turibdi. Turkiston oʻlkasining yirik shaharlari — Yangi
Margʻilon, Kattaqoʻrgʻon bilan birga Samarqandda ham 1876-yildayoq telegraf
aloqasi tashkil etilgan edi. Stol chirogʻi esa oʻsha davrga xos modern uslubida
yasalgan boʻlib, u yoritishdan tashqari xona bezagi sifatida ham xizmat qilgan
va oʻz davrining ziyolilari ish xonalariga oʻrnatilgan.
Behbudiyning
zamondoshlari, safdoshlari va shogirdlari boʻlimida alohida oʻrinni archa
qipigʻi va tut daraxtidan qoʻlda yasalgan globus egallaydi. Uning yuzasida lak
bilan qoplangan materiklar, okeanlar va dengizlar, togʻlar va turli
mamlakatlarning konturlari aks ettirilgan. Ekvatorning keng chizigʻida oʻn
ikkita burj belgisi tasvirlangan. Globus Mahmudxoʻja Behbudiy zamonida boshqa
fanlar qatorida geografiya va kartografiya ham rivojlanganining belgisidir.
“Nashriyoti Behbudiya”
Vitrinalarning
birida XIX asr oxiri — XX asr boshlarida vatanimiz hududida foydalanilgan
asosiy musiqa asboblari — doira, qashqar va afgʻon ruboblari, nay namoyish
etilgan. Musiqa asboblarining xilma-xilligi shuni koʻrsatadiki, Oʻrta Osiyo
hududida Eron, Qashqar, Afgʻoniston, Shimoliy Hindiston va boshqa mintaqalar
musiqiy anʼanalari taʼsirida oʻziga xos musiqa madaniyati shakllangan.
Shuningdek,
XIX asr oxiri — XX asr boshlarida
aholining oʻziga toʻq, ziyoli qatlami orasida urf boʻlgan kiyim-kechaklar
namoyish qilinmoqda. Ular qoʻlda toʻqilgan yaktak, tik yoqali paxtadan tikilgan
koʻylak, binafsharang baxmaldan tikilgan doʻppi, qizil, oq va moviy chiziqlarga
ega salla, binafsharang, koʻk va yashil rangli chiziqlarga ega beqasamdan
tikilgan ayollar choponi, gul naqshli qoʻlda ishlangan ipak abra matodan
ayollar koʻylagi, charmdan ishlangan erkaklar va ayollar oyoq kiyimlaridan
iborat.
—
Mahmudxoʻja Behbudiy 1913-yilda xususiy nashriyot ochib, uni “Nashriyoti
Behbudiya” deb nomladi va Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qoʻqon va
Namangan shaharlarida kitob doʻkonlari ochadi, — deydi Behbudiy uy-muzeyi
xodimasi Hamida Samadova. — Mahmudxoʻja Behbudiy noshirlik yoʻnalishida
samarali ijod qilgan hamda bu sohada oʻziga xos maktab yaratgan. Navbatdagi
ekspozitsiyada olim tomonidan XX asr boshlarida nashr qilingan “Samarqand”
gazetasining 45-soni va “Oyina” jurnalining bir necha sonlari namoyish
etilmoqda. Muzeyning noshirlik xonasi interyerida asosiy eʼtibor Behbudiyning
noshirlik faoliyatini yoritishga qaratilgan. Turkistonda nashr ishlari bilan
dastlab podsho Rossiyasi statistika qoʻmitalari shugʻullangan. Shu sabab
1868-yildan 1910-yilgacha nashrlarning asosiy qismini rus tilidagi gazetalar
tashkil etgan.
XX
asr boshida, aniqrogʻi, 1913-yildan Behbudiy ham matbuot ishlari bilan
shugʻullanadi. Oʻsha yili aprel oyidan rus-oʻzbek va forsiy tillarda, haftada
ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada “Samarqand” gazetasini
chiqaradi. 45 sondan keyin moddiy tanqislik tufayli chiqishi toʻxtagan. Oʻsha
yilning 20-avgustidan u “Oyina” jurnalini chiqara boshlaydi. Bu suratli
haftalik jurnal asosan oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼrlar,
maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib borilardi. Fitratning “Bayonoti sayyohi
hindi” asarini 1913-yilda ruschaga tarjima qildirib, “Nashriyoti Behbudiya”da
nashr etadi. Undan tashqari, Turkiston xaritasini tuzib, bosmadan chiqaradi.
Muzeyda
noshirlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq ashyolar ham namoyish
etilgan. Ular “Samarqand” gazetasi, “Oyina” jurnali, “Novыy Samarkand” (“Yangi Samarqand”, “Samarqandi Nav”)
gazetalarini nashr etish uchun Samarqand viloyati harbiy gubernatori nomiga
yozilgan ariza namunalari, Samarqand viloyati harbiy gubernatorining nashrlarga
ruxsat beruvchi guvohnomalardan iborat hujjat namunalari va XIX asr oxiri — XX
asr boshlarida Germaniyaning “FORSTE & TROMM LEIPZIG” firmasida ishlab
chiqarilgan, Eron orqali Turkistonga olib kelingan, qoʻl yordamida
ishlatiladigan ulkan litografiya dastgohi namoyish etilgan.
Muzey
ekspozitsiyasida Behbudiyning ijtimoiy-siyosiy va falsafiy qarashlarini aks
ettirishga eʼtibor berilgan. Behbudiy 1917-yilgi fevral va oktyabr oylarida
Rossiya imperiyasi va jahon siyosiy sahnasida roʻy berayotgan oʻzgarishlarni
ziyraklik bilan kuzatadi va vatanparvar inson sifatida Turkistonning kelajagi
haqida chin dildan qaygʻuradi, bor kuch-gʻayratini millatni uygʻotishga
bagʻishlaydi. Behbudiy publitsistik maqolalarida tarix faniga alohida urgʻu
berib, “Moziy istiqbolning tarozusidir”, degan edi. “Kutubxonai Behbudiya”ning
ham 70 foizdan koʻp kitoblari tarix faniga tegishli edi. Oʻzi ham tarix va
geografiya fanlari bilan jiddiy qiziqib, bir qator maqolalar va kitoblar
yozgan.
“Qasdi safar”
1914-yil
29-mayda Behbudiy ikkinchi marta Hijoz safariga chiqadi. Ikki oy ichida Kavkaz,
Qrim, Istanbul, Yunoniston, Bayrut, Misr Qohirasi va yana orqaga — Istanbulga
qaytib, temir yoʻl bilan Bulgʻoriston, Avstriya va Berlin orqali Rossiyaga va
undan Turkistonga qaytgan.
Oʻz
safari haqida u “Oyina” jurnalining 1914-yildagi qator sonlarida “Qasdi safar”
maqolalarini chop etadi. Bu safar natijasi adabiyotimizdagi memuar janrining XX
asr boshidagi oʻziga xos namunasi, ham maʼrifiy, ham badiiy-estetik jihatdan
nihoyatda muhim asar — “Qasdi safar”ni dunyoga keltirilgani tarixiy hodisa
boʻlib qoldi.
Behbudiy
unda yoʻl taassurotlariga, mashhur yoki oddiy kishilar bilan uchrashuvlarining
ibratli jihatlariga keng oʻrin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi,
obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida maʼlumotlar toʻplaydi,
turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan
qiziqadi. Oʻz navbatida, “Oyina” jurnalida chop etilgan “Qasdi safar”
Mahmudxoʻja Behbudiyning jadidona tafakkurida oʻrin topgan qirralarini,
ijtimoiy-falsafiy qarashlari tizimini ravshan aks ettiruvchi manba sifatida ham
qadrli hisoblanadi.
—
Mahmudxoʻja Behbudiyning 1899-yildagi birinchi haj safari vaqtida uning
dunyoqarashi va tafakkurida keskin oʻzgarishlar yuz berdi. Haj safari
munosabati bilan uning Qrimda boʻlishi, Turkiya, Arabistonni kezishi, nihoyat,
Ismoil Gasprinskiy bilan muloqotlari Behbudiy ongida keskin oʻzgarishlar yasadi,
— deydi Gulmuhammad Ahmedov. — Mahmudxoʻja Behbudiy 1901-yildayoq jadidchilik
gʻoyalarini maʼqul topadi va bu harakatga qoʻshiladi. Turkistondagi milliy
uygʻonish davri Mahmudxoʻja Behbudiyning oʻz publitsistik faoliyatini boshlagan
paytga toʻgʻri kelgan. Shu vaqtda u “Turkiston viloyati gazeti”ga maqola yoza
boshladi. Bundan tashqari, u Kavkaz va Tataristonda chop etiladigan “Tarjumon”,
“Tirik soʻz”, “Vaqt” kabi gazeta-jurnallarda adabiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy
mavzulardagi maqolalari bilan faol qatnashadi. Mahmudxoʻja Behbudiy nafaqat
Sharq, balki Rossiyada yashayotgan musulmonlar hayotini ham kuzata boshlaydi va
yurtdoshlari holatini yevropalik xalqlar turmushi bilan solishtirishga
intiladi.
Tarix
sahnasiga chiqqan jadidlar, chunonchi, Mahmudxoʻja Behbudiy maʼrifatparvarlik
qarashlarining mazmun-mohiyati, gʻoyaviy asoslari anʼanaviy islom, shariat,
tasavvufdan tortib, zamonaviy Ovroʻpa pozitivist falsafa usullariga ham
asoslanishdan iborat edi. Jadidlarning nazariy qarashlarida ikkita muhim xususiyat
koʻzga tashlanadi: mustahkam irsiy ildiz hamda Sharq va Gʻarb maʼrifatchilari,
faylasuflarining nazariy merosini egallashga intilish.
Samarqand musulmon maorif
shoʻbasi mudiri
—
Behbudiy siyosiy arbob sifatida Rossiya imperiyasi doirasidagi Rossiya musulmonlari
ittifoqi partiyasi qurultoylarida faol ishtirok etdi. Rossiyadagi mavjud yirik
siyosiy partiyalarni oʻrganib, ulardan sotsial-demokratlarni, ayniqsa,
bolsheviklarning qarashlarini tanqid ostiga oladi va ularni hatto xavfli oqim
sifatida qoralagan edi. U monarxiyachilar partiyasi qarashlaridagi mahdudlik
sababli ularga ham qarshi chiqadi, bosiqlik bilan kurash olib borib, barcha
musulmonlarni birlikka chaqiradi. U oʻsha murakkab davrda Muvaqqat hukumatni
turkistonlik musulmonlar bilan teng huquqli munosabat qilishga chaqirdi va ular
uchun hukumatdan ajratiladigan oʻrinlar soni uchdan biridan kam boʻlmasligini
talab qiladi, — deydi Hamida Samadova. — 1918-yilda Behbudiy “Ittifoq” jamiyati
saʼy-harakati bilan Samarqand musulmon maorif shoʻbasiga mudir etib
tayinlanadi. Biroq tashkilotdagi yevropalik vakillar unga ishlash uchun hech
qanday imkoniyat bermadilar. Ayniqsa, Osipov isyonidan soʻng avj olgan
boshboshdoqliklar natijasida zoʻravonliklar kundan kunga kuchayadi. Behbudiy
Toshkentga soʻnggi safari davomida ham amalda hech qanday ijobiy natijaga
erisha olmaydi. U ilojsiz qoladi va barcha ishlarini tashlab, sogʻligʻini
bahona qilib, shoʻrolarga xizmat etishdan voz kechadi.
Sanab
oʻtilgan tarixiy jarayonlar va bevosita Turkistondagi jadidchilik siyosiy qarashlarini
aks ettiruvchi ashyolar — varaqalar, broshyuralar, Behbudiyning va boshqa
maʼrifatparvarlarning oʻz qarashlari bayon etilgan asarlari ham muzeyda keng
namoyish etilgan.
* *
*
Maqola
soʻngida Turkiston xalqlarining hurriyati va taraqqiysiga borini safarbar
qilib, millat peshvosiga aylangan, fidoyilik namunasini koʻrsatgan buyuk
maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning yurt ertasi uchun qaygʻurgan siymosini
va oʻtli nidosini oʻzining kichik bir vasiyatnomasi orqali koʻrsatishga qaror
qildik.
Vasiyatnoma
ushbudir:
“Ey
Turkiston maorif ishlarida boʻlgʻon oʻrtoq va oʻgʻlonlarim! Men oʻzim garchand
bandi boʻlsam-da, sizlarni esimdan chiqarmayman va sizlargʻa bir oz vasiyat
qilib oʻtaman. Mani sevadur oʻrtoqlarim! Manim soʻzlarimni quloqlaringʻizga
olinglar! Biz ikki oydan beri Buxoro shaharlarida bandi boʻlib turib, oxir oʻn
kundan beri bu yerda (Qarshi shahrida) bu zolimlarning qoʻligʻa tushib, bandi
boʻldik. Jadid — kofirilik otini koʻtardik. Sipohlar ichida tinchlik otini
koʻtardik. Bu yerdin qutilmogʻimiz gumon boʻldi.
Oʻrtoqlarim
Siddiqiy, Ayniy, Fitrat, Qurbiy va Akobir Maxdum va oʻgʻlonlarim Vadud Mahmud,
Abdulqodir Shakuriy! Sizlarga vasiyat qilaman. Maorif yoʻlida ishlayturgʻon
muallimlarning boshini silangizlar! Maorifga yordam etingiz! Oʻrtadin nifoqni
koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar! Har ish qilsangiz,
jamoat ila qilingizlar! Hammaga ozodlik yoʻlini koʻrsatingizlar! Bizdek maorif
qurbonlarini yoʻqlangizlar! Buxoro tufrogʻiga tezlik ila yoʻl boshlangizlar.
Ozodlikni tezlik ila yuzaga chiqaringizlar! Bizning qonimizni zolim beklardan
talab qilingizlar! Maorifni Buxoro tufrogʻida joriy qilingizlar! Bizning
otimizga maktablar ochingizlar! Bizlar ul chogʻda qabrimizda tinch yotarmiz!
Manim
oʻgʻlonlarimgʻa salom yetkazinglar! Bu hamrohlarimning avlodlaridan xabardor
boʻlingizlar!
Ushbu
vasiyatlarimni yozib Ahmadga berdim!”.
Vasiyatnoma
insonning orzu-armonlari ifodasi ekan, ular vasiyat sohibining dunyoqarashi,
fikrlari, soʻzlari va amallarini anglatadi. Ulugʻlarning maqsad, gʻoyalari ham
ulugʻ boʻlishi vasiyatnomasi mazmunini ham ana shunday darajaga olib chiqadi.
Vasiyatnomaning har bir bandi vorislar tomonidan ado etilganda ruhlar orom
topadi. Mahmudxoʻja Behbudiy dunyoqarashi, fikrlari, soʻzlari va amallari uning
orzu-armonlarini, bizga nimalarni vasiyat qilganini anglatadi. Vasiyatlarni
munosib ado etish esa ajdodlarga sodiq, munosib avlodlarning burchi,
masʼuliyatidir.
Azizbek YUSUPOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri