Mamlakatimizda jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish hamda yo‘lovchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan boshqa sohalar qatori metropoliten tizimini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilib, uning moddiy-texnik bazasi izchil mustahkamlanmoqda.

Yo‘lovchilarning talab va takliflarini inobatga olgan holda Toshkent metropoliteniga yana 3 ta zamonaviy to‘rt vagonli harakat tarkibi olib kelindi. Mazkur poyezdlar yozning issiq kunlarida samarali sovutish, qish mavsumida esa isitish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun yanada qulay va shinam safar sharoitini ta’minlaydi.

Yangi harakat tarkiblarining foydalanishga topshirilishi poyezdlar harakati intervalini yanada qisqartirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish hamda ekspluatatsiya muddati uzoq bo‘lgan eski turdagi harakat tarkiblarini bosqichma-bosqich zamonaviy poyezdlar bilan almashtirish imkonini yaratadi.

Shuningdek, zamonaviy harakat tarkiblari sonining ortib borishi metropolitenning tashish quvvatini oshirish, harakat jadvalining barqarorligini ta’minlash va kun sayin ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimiga sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun, joriy yil yakuniga qadar Toshkent metropoliteniga yana 11 ta zamonaviy harakat tarkibini olib kelish rejalashtirilgan. Ushbu metro poyezdlarini bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilishi metropoliten infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yo‘lovchilarga yanada qulay transport xizmatlarini taqdim etishga xizmat qiladi.