Xususan, 1968-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaroning Toshkent shahridagi vaqtincha yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 13 kg 50 gr “opiy” va 7 kg 137 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur shaxsga nisbatan DXX Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklari hamda narkotik moddalarning kelib chiqish manbalarini aniqlash bo‘yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa virtual narkokanal tashkil qilgan 1991 va 2000 y.t. 2 nafar fuqaro ushlanib, ulardan “gashish” va “gashish moyi” olindi.
Ta’kidlash lozim, mazkur shaxslarning biri Jinoyat Kodeksining qator moddalari bilan muqaddam sudlangan bo‘lsa, ikkinchisi esa joriy yilning aprel oyida giyohvandlik vositalari bilan ushlanib, hozirda gumondor sifatida tergovga jalb etilgan bo‘lgan.
Endilikda ushbu narkosavdogarlar qonun oldida javob berishadi.