Qarorga koʻra, 2030-yilgacha metro orqali tashiladigan kunlik yoʻlovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, bekatlar sonini 79 taga, liniyalar uzunligini esa 103 kilometrgacha oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini 2–3 daqiqagacha qisqartirish koʻzda tutilmoqda.
2028-yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylari va oʻtish yoʻlaklarida xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda vending apparatlari hamda kichik koʻchma savdo obyektlari joylashtiriladi.
Metro stansiyalari oldida avtoturargohlar tashkil qilinib, “Park & Ride” tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Unga koʻra, avtoturargohdan foydalangan yoʻlovchilarga metro chiptalari boʻyicha chegirmalar berilishi va toʻlovlarni chipta orqali qoplash imkoniyati yaratiladi.
Qaror bilan xususiy tadbirkorlarga metro tonnellari va bekatlarida auksion asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shugʻullanishga ham ruxsat beriladi.
Shuningdek, “Toshkent metropoliteni” boshqaruv tizimiga xalqaro tajribani joriy etish maqsadida xorijlik mutaxassislar jalb qilinadi.
2026-yil avgust oyidan xalqaro xedxanter tashkilotlari orqali ochiq tanlovlar eʼlon qilinib, 2027-yildan chet ellik mutaxassislarni ishga qabul qilish boshlanadi.
2027-yil yakuniga qadar kamida ikki nafar rahbar lavozimi xalqaro darajadagi mutaxassislar bilan toʻldirilishi belgilandi.
Bundan tashqari, Toshkent metrosida yoʻlkira haqini toʻlashning yangi tizimi joriy etiladi.
Yangi tartibda haq toʻlash bosib oʻtilgan masofa yoki bekatlar soniga qarab amalga oshiriladi. Ayrim aholi toifalari uchun imtiyozlar saqlanib qoladi, shuningdek, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Yangi tizimni 2027-yil 1-yanvardan amaliyotga joriy etish rejalashtirilgan.