Nufuzli mehmonlar qator davlat va hukumatlar rahbarlari, yirik moliya tashkilotlari, taniqli brend va kompaniyalar egalaridan iborat.

Ular orasida BlackRock, Coca-Cola, Veolia, JAC Motors, John Deere,  TBC Bank,  SOCAR kabi yuzlab dunyo gigantlarini uchratish mumkin. Mazkur brendlar vakillarini Oʻzbekistonga bir maqsad — V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish istagi chorladi. Maʼlumotlarga koʻra, ishtirokchi kompaniyalarning umumiy aktivlari 42 trillion dollarni tashkil etadi. Bu jahon yalpi ichki mahsulotining 38 foizi degani.

Mazkur raqamlar bu yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumida qayd etilgan yagona rekord koʻrsatkich emas. Forumning yubiley sanasida deyarli barcha raqamlar yangilandi. Xususan, sammitda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtganlar soni 8,3 ming nafardan oshgan boʻlsa, real sektorda 2,5 mingdan ziyod kompaniya rahbarlari qatnashmoqda. Bu oʻtgan yildagidan ikki barobar koʻp, aynan shuning oʻzi jahon global biznes vakillarining mazkur tadbirga qiziqishi hamda mamlakatimiz investitsion jozibadorligi tobora ortib borayotganini koʻrsatadi.

— Forumning yuksak siyosiy nufuzini unda 62 ta hukumat delegatsiyasi ishtirok etayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov. — Bu oʻtgan yildagidan deyarli uch barobar koʻp. Qolaversa, V Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimida 10 ga yaqin davlat va hukumat rahbari nutq soʻzlagani xalqaro sammitning besh yillik ishidagi tarixiy voqelikdir.

Bu yil ishtirokchilar soni ham, nufuzi ham ancha oshgan. Roʻyxatdan oʻtganlarni tahlil qilganimizda, ilk bor AQSHdan ham oʻnlab yirik biznes egalari kelayotganiga guvoh boʻldik. Bu tadbirga qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi. Qolaversa, unga xalqaro moliya tashkilotlari va tijorat banklarining 370 dan ortiq vakili jalb etilgan. Forum ishini mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillaridan tashqari dunyoning 41 mamlakatidan kelgan 200 dan ortiq xorijlik jurnalist faol yoritmoqda. Ular orasida Bloomberg, Reuters, Nikkei, Euronews, BBC News, CGTN, TRT, The Independent, Xinxua singari nufuzli xalqaro axborot agentliklari ham bor.

Umuman, mazkur yirik tadbir mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun katta imkoniyat, shu bilan birga, biz uchun jiddiy masʼuliyat hamdir. Forumdan kutayotgan natijalarimiz yuqori. Uch kunlik tadbirlar doirasida oʻn milliardlab dollarlik yangi investitsiya bitimlari imzolanishi kutilyapti. Buning uchun barcha imkoniyatlar ishga solinadi, tadbirlar davomida imzolanadigan yirik loyihalar ham tayyorlangan. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlarimiz, hududiy tarmoqlardan umumiy qiymati 82 milliard dollarlik taklif va loyihalar olingan. Toʻgʻri, bu ushbu loyihalarning hammasi imzolanadi, degani emas. Ularni saralab, investorlarga taqdim etyapmiz, ularda qiziqish uygʻotgan loyihalar boʻyicha keyingi kelishuvlar belgilanadi.

Amerika biznesining rekord darajadagi ishtiroki

Forum ishtirokchilari qatorida oʻzimiz bilgan jahonga mashhur brendlar nomlarini koʻrib, hayratlanmay ilojimiz yoʻq. Bunday yirik kompaniyalarni mamlakatga chorlash u yoqda tursin, oʻzaro aloqalarni oʻrnatishning oʻzi oson emas. Ammo bugun xorijlik investorlarning oʻzi yurtimizga katta qiziqish bilan kelyapti. Bu yil ularning orasida AQSHlik ishbilarmonlar koʻpchilikni tashkil etayotgani mamlakatimizning rivojlanayotgan iqtisodiyoti global maydonda allaqachon ishonch uygʻota olgani, investitsion jozibadorligi oshib borayotganining yaqqol isboti.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi esa har yili minglab chet ellik tadbirkorlarning mamlakatimiz iqtisodiy imkoniyatlari bilan tanishishi, mahalliy korxonalar vakillari bilan muloqot qilib, hamkorlik oʻrnatishi uchun sharoit yaratmoqda, faol platformaga aylanyapti. Oʻtgan besh yil ichida ushbu forum shunchaki muloqot maydonidan chiqib, butun Markaziy Osiyo mintaqasining investitsion jozibadorligini namoyon etayotgan yirik tadbir sifatida eʼtirof etilmoqda. Forumning maqsadi ham shunday — muloqotlar aniq amaliy hamkorlikka aylanishi, xorijlik investorlarni mintaqa mamlakatlari bilan faol bogʻlashi kerak.

Poytaxtimizdagi CAEx koʻrgazmalar majmuasi ayni jarayonlarning qoq markaziga aylangan. Boisi, V Toshkent xalqaro investitsiya forumining oʻnlab uchrashuvlari ayni shu yerda oʻtkazilmoqda. Bu yilgi dasturdan oʻrin olgan tadbirlar soni 36 tadan 79 taga oshirildi. Ishtirokchilar panel munozaralar, investitsion pitch sessiya, davra suhbatlari, biznes muloqotlarda qatnashmoqda. AQSH, Xitoy, Turkiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni kabi qator davlatlar vakillari ishtirokida ikki tomonlama biznes-forumlar oʻtkazilyapti. Ularda mintaqamiz va global maydondagi eng dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda. Jumladan, sanoatni rivojlantirish, “yashil” energetika, Markaziy yoʻlak imkoniyatlari, raqamli boshqaruv, sunʼiy intellekt, islom moliyasi va oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti. Spikerlar esa xalqaro toifadagi nufuzli mutaxassislardan iborat.

— Forumda AQSHning 193 ta kompaniyasi ishtirok etyapti va bu mamlakatlarimizning ikki tomonlama munosabatlari tarixidagi eng yirik biznes delegatsiya ishtiroki, rekord koʻrsatkich sifatida baholanmoqda, — deydi AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blek. — Bu Amerika biznesi Oʻzbekistonni nafaqat istiqbolli bozor, balki uzoq muddatli sarmoyaviy hamkor sifatida koʻrayotganiga ishoradir. Qolaversa, Markaziy Osiyo 100 milliondan ortiq aholiga ega jadal rivojlanayotgan mintaqa boʻlib, Oʻzbekiston undagi asosiy figuraga aylangan. Biz mamlakatda ulkan iqtisodiy salohiyatni koʻrib turibmiz va faol hamda uzoq muddatli hamkorlikka ­tayyormiz. Koʻplab sohalar bizni qiziqtiryapti. Hatto biznes-forum doirasida sanoat, neft va gaz, moliya, aviatsiya, sunʼiy yoʻldosh aloqasi, raqamli infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishlarida ikki tomonlama hamkorlik bitimlari imzolandi.

Tadbirkorlar uchun yangi format

Xalqaro forumning asosiy tadbirlaridan biri Milliy investitsiya koʻrgazmasi boʻlib, bu yil ikkinchi bor oʻtkazilmoqda. CAEx koʻrgazmalar maydoni ayni tadbir ruhida bezatilgan. Umumiy ekspozitsiyaning markazida mamlakatimizda qad rostlagan yangi va zamonaviy olimpiya shaharchasi ramzi aks etib turibdi. Uning tagida esa Yangi Toshkent shahrining katta maketi joylashtirilgan. Xorijlik mehmonlar eʼtiborini tortayotgan bu majmuadagi aksariyat loyihalarda chet ellik investorlarning oʻzlari ham ishtirok etayotir.

Bu yilgi koʻrgazma avvalgisidan farqli. Maydon boʻylab birorta mahsulotni uchratmaysiz, ular eng zamonaviy monitorlarda elektron tarzda namoyish etilyapti. Jarayonda interaktiv formatlarga urgʻu berilib, zamonaviy texnologiyalarning eng ilgʻor yutuqlaridan foydalanilgan. Har bir stendda koʻrsatilgan maxsus QR-kod orqali elektron platformaga kirish va mahsulotlar katalogi bilan tanishish mumkin. Bularning hammasi internet tarmogʻi orqali amalga oshiriladi va bu borada mehmonlarga qiyinchilik tugʻilmaydi. Boisi, koʻrgazma maydoniga kirgan har bir kishining mobil qurilmasi avtomatik tarzda Wi-fi tarmogʻiga ulanadi.

— Zamonaviy yondashuvning qulay tomoni — tadbirkorlar avvalgidek mahsuloti namoyishi bilan ovora boʻlib qolmay, asosiy ­eʼtiborini investorlar bilan muloqot qilish, oʻz loyihalarini tanishtirishga qaratyapti, — deydi “Yarentextil Fotima” MCHJ rahbari Fotima Qurbonova. — Xalqaro tajribada ham xorijliklar avval mahsulotlar bilan onlayn tanishishi ommalashgan. Maʼqul kelsa, hamkorlik bosqichiga oʻtadi. Investorlarni topish, ular bilan muloqot qilishga kelsak, bevosita yurtimizdagi ­qator masʼullar bunda tadbirkorlarga yaqindan koʻmaklashyapti. Qolaversa, aynan ishbilarmon ayollar uchun investorlar bilan sessiya ham tashkil etildi. Unda xorijliklarga loyihalarimizni taqdimot qildik. Bunday koʻrgazmalar yangi hamkorlar topishga katta yordam beradi. Masalan, oʻtgan yilgi Toshkent xalqaro investitsiya forumida hunarmandlik mahsulotlarimizni Nyu-Yorkka eksport qilish boʻyicha kelishuvga erishganmiz va ilk bor Amerika bozoriga kirib bordik. Bu yil ham rejalarimiz katta, chunki dunyoning

100 dan ortiq davlatidan kelgan minglab investorlar hazil gap emas. Bu yangi loyihalar uchun juda katta imkoniyat degani.

Bu yilgi investitsiya forumida mahalliy tadbirkorlarni xorijlik investorlar bilan bogʻlash, ularning hamkorlik oʻrnatishiga koʻmaklashishga alohida urgʻu berilyapti. Hatto yurtimiz biznes doira vakillariga loyihalarini investorlarga toʻgʻridan toʻgʻri taqdimot qilish imkoniyati yaratildi. Ilk bor tadbirkorlarning investorlar bilan muloqoti uchun sohalar boʻyicha maxsus sessiyalar tashkil etilgan. Mazkur yangi format orqali forumda ishtirok etayotgan 3 mingdan ziyod mahalliy ishbilarmonni xorijlik biznesmenlar bilan faol bogʻlash hamda aniq natijadorlikka erishish maqsad qilingan.

— Bu yilgi forumda tumanimizdagi bir qancha tadbirkorlar bilan ishtirok etyapmiz, — deydi Samarqand viloyati Ishtixon tumani hokimi Fazliddin Roʻziyev. — Ularning qiziqishi, ishtiyoqi juda baland. Chunki bu forum nafaqat investorlar, yangi hamkorlar topish, balki mahalliy ­mahsulotlarimizni yangi bozorlarga eksport qilish uchun ham juda katta platforma. Aynan investitsion loyihalar eksportni ham, ishlab chiqarishni ham, hududlar rivoji, yangi ish oʻrinlari yaratishni ham oshiradi. Oʻtgan yili Ishtixon tumaniga 70 million dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilgan boʻlsa, bu yil marrani 170 million dollar qilib belgilab olganmiz. Forum davomida xorijlik investorlar tumanimizning drayver tarmoqlaridan boʻlgan uzumchilik, qurilish materiallari, turizm yoʻnalishlaridagi loyihalarga qiziqish bildiryapti. Muloqotlar qizgʻin kechmoqda, dastlabki kelishuvlarga ham erishdik. Bu yil forumda mahsulotlar, loyihalar aynan elektron formatda namoyish etilayotgani qulaylik yaratyapti. Dun­yoning koʻplab davlatlarida koʻrgazmalar shu tarzda tashkil etiladi. Bugun koʻrgazma maydonida oʻrnatilgan stendlar jahon standartlariga toʻla javob beradi. Elektron namoyishlarga qiziqish bildirgan investorlar bilan muzokaralar oʻtkazyapmiz, ularni mahsulotlar bilan real tanishtirish uchun hududlarga taklif qilyapmiz.

Yaʼni milliy koʻrgazma shunchaki namoyish maydoni vazifasini bajarmay, bevosita investitsiya loyihalarini imzolashga xizmat qilishi koʻzda tutilgan. Mahalliy ishbilarmonlar orasida yangi ish boshlagan, avval xorijga chiqmagan, eksport va hamkorlik masalalarida tajribasi yetarli boʻlmaganlari ham bor. Shu bois, bu borada ularga har bir hududdan kelgan hokimliklar va tegishli tashkilotlar vakillari faol koʻmaklashyapti.

Sarmoyadorlar sport maydonida

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi bu gal ana shunday yangiliklarga boy tarzda oʻtmoqda. Rasmiy uchrashuvlardan tashqari norasmiy muhitdagi muloqotlar yoʻlga qoʻyilgani xorijlik investorlarda ham qiziqish uygʻotyapti. Xususan, forum tarixida ilk bor ishbilarmonlik dasturi nufuzli sport tadbirlari bilan boyitildi. Rasmiy majlis zallaridan tashqariga olib chiqilgan bunday uchrashuvlar hamkorlarga yanada qulay tanishuv imkoniyatini yaratdi.

Xususan, yirik investor va xorijiy delegatlar, mahalliy tadbirkorlar, davlat idoralari vakillari forum doirasida tashkil etilgan tennis turniri hamda yugurish marafonida uchrashdilar. Dastlab ishtirokchilar 15-iyun kuni Olimpiya shaharchasida oʻtkazilgan “TIIF Open” yirik tennis turnirida yakkalik va juftlik formatida kuch sinashgan boʻlsa, keyingi kuni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida boʻlib oʻtgan marafonda 3 va 10 kilometr masofaga yugurishdi. Eʼtiborlisi, sport tadbirlari Masdar, The Coca-Cola Company, Halyk Bank kabi jahonning eng yirik kompaniyalari koʻmagida oʻtkazilib, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Bunday loyihalar forumning strategik va ijtimoiy ahamiyatini ham namoyon etadi. Qolaversa, hozir zamonaviy sport diplomatiyasi rivojlanib, ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishga xizmat qilmoqda. Turli avlod va davlatlar vakillarining sport maydonlaridagi birlashuvi umumiy hamkorlik munosabatlarini ham rivojlantiradi. Doʻstona muhit nafaqat bugun qabul qilinadigan iqtisodiy qarorlar samarasi, balki uzoq yillar davom etadigan hamkorlik aloqalarida aks etadi.

V Toshkent xalqaro investitsiya forumi ana shunday mustahkam iqtisodiy aloqalarga zamin yaratmoqda. Uch kun davom etadigan forum doirasida 10 milliardlab dollarlik yirik investitsiyaviy bitim va shartnomalar imzolanishi kutilyapti. Loyihalar bevosita yurtimiz hududlariga kirib borib, iqtisodiy rivojlanish, aholi farovonligi va turmush tarzini oshirishga xizmat qiladi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri