Toshkent shahrida tijorat banklaridan birining mas’ul shaxslari fuqaroning omonatdagi 300 ming AQSh dollarini o‘zlashtirib olganlikda gumonlanmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda bank mas’ul shaxslari fuqaro I.M.ning omonatga qo‘yilgan 500 ming AQSh dollaridan 300 ming dollarini o‘zlashtirib, talon-toroj qilgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, g‘umonlanuvchilar I.M.ning nomidan qalbaki ariza va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.