Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir Davlat xavfsizlik xizmati, IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi hamda Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Shayxontohur tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi bo‘linma boshlig‘i tadbirkorga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini ijobiy hal qilib berish evaziga 7,5 ming dollar talab qilgan.
Ushbu mablag‘ning 7 ming dollari firibgarlikka oid jinoyat ishi, yana 500 dollari esa restorandagi yong‘in oqibatida xodim tan jarohati olgani yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini tugatish uchun so‘ralgani aytilmoqda.
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs oldindan 2,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.