Hodisa 2 iyul kuni taxminan soat 16:30 larda Uchtepa tumani hokimligi binosi oldida o‘tkazilayotgan Yoshlar festivali vaqtida sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, jamoat tartibini ta’minlashga jalb etilgan Uchtepa tumani Ichki ishlar bo‘limi patrul-post xizmati xodimi, oddiy askar N. Po‘latbekov hamda IIV Akademiyasining 2-bosqich kursanti D. Xayrullaev hokimlik binosi ortidan o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalidan suv shovqinini eshitib, voqea joyiga shoshilgan.
Ular suvga tushib ketayotgan yigitni ko‘rib, zudlik bilan qutqaruv choralarini ko‘rgan. Fuqaro suvdan olib chiqilib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Keyinchalik voqea joyiga yetib kelgan tez tibbiy yordam brigadasi jabrlanuvchini shifoxonaga olib ketgan.
Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, fuqaro internet orqali tashkil etilgan azartli o‘yinlarda katta miqdorda pul mablag‘ini yo‘qotganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Ichki ishlar organlari fuqarolarni internetdagi qimor va azartli o‘yinlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirib, bunday platformalar yengil daromad va’da qilsa-da, amalda og‘ir moliyaviy yo‘qotishlar, psixologik qaramlik va ayrim hollarda fojiali oqibatlarga olib kelishini ta’kidladi.