Maʼlum bölişiça, holat Yunusobod tumani 4-daha, 58-köp kvartirali uyda ötkazilgan örganiş işlari davomida aniqlangan. Tekşiruv natijasida xonadon mulkdori tomonidan binoning tayanç konstruksiyasi ruxsatsiz olib taşlangani maʼlum bölgan.

Mutaxassislarning taʼkidlaşiça, köp qavatli binolarda konstruksiyalar özaro uzviy boğlangan bölib, ular binoning mustahkamligi va seysmik barqarorligini taʼminlaydi. Şu sababli tayanç qismlarga özboşimçalik bilan aralaşiş nafaqat bitta xonadon, balki butun uy aholisi xavfsizligiga tahdid solişi mumkin.

Holat yuzasidan mulkdor şunday izoh bergan: «Buzayotganda bilmaganman, men özim bu yerda bölmaganman. Kelgunimça buzib bölişibdi. Kelib kördim, keyin töxtatdim».

Mazkur holat böyiça Özbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik töğrisidagi kodeksining 159-moddasi uçinçi qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylaştirildi. Şuningdek, özboşimçalik bilan buzib taşlangan konstruksiyani qayta tiklaş yuzasidan majburiy körsatma berildi.

Mutaxassislar köp qavatli uylarda rekonstruksiya yoki qayta rejalaştiriş işlarini boşlaşdan oldin tegişli ruxsat oliş va mutaxassislar xulosasiga amal qiliş zarurligini eslatmoqda. Çunki xonadondagi noqonuniy özgarişlar butun bino xavfsizligiga taʼsir körsatişi mumkin.