Haydovchi tomonidan e’lon qilingan kadrlarda, janjal ayolning farzandi oʻrindiqni tinmay tepavergani uchun haydovchi tanbeh berganidan soʻng boshlangan. Shundan soʻng haydovchi yoʻlovchidan mashinadan tushishni talab qilgan, biroq ayol buni rad etib, telefon orqali ukasini chaqirgan.
Voqea joyiga kelgan ayolning tanishlari dastlab haydovchini shilqimlikda ayblab, videolar olgan va tarmoqqa joylagan. Keyinchalik bu videolar oʻchirib tashlangan. Tarqalgan videolarda ayolning tanishlari haydovchini urishiga urinyotganini koʻrish mumkin. Koʻp oʻtmay haydovchi salondagi voqealar aks etgan videolarni e’lon qilib, mojaroning asl sababini ochiqlagan.
Toshkent shahri IIBB xabariga ko‘ra, hodisa 17 avgust kuni Yashnobod tumanining Abdulla Qodiriy koʻchasida sodir boʻlgan. Voqea joyiga ayolning ikki nafar tanishi yetib kelgan. Ular jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat tartibini buzib haydovchi bilan oʻzaro janjallashib ketgan.
Rasmiy ma’lumotlarga koʻra, yoʻlovchi ayolning ukasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olingan. Haydovchiga tuhmat qilib, uni asossiz ayblagan yoʻlovchi ayolga nisbatan esa 139-moddaning 2-qismi (internet tarmogʻida joylashtirish orqali tuhmat qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.