Turkiyaning agrar sohadagi tajribasini hisobga olib, organik mineral oʻgʻitlar va qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar barpo etish, bogʻdorchilik, suv tejovchi texnologiyalar hamda sovitkich omborlari yoʻnalishlarida hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi.
Oʻzbekiston oziq-ovqat mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va yirik chakana savdo tarmoqlari orqali yetishtirishdan isteʼmolchiga yetkazib berishgacha boʻlgan yagona qiymat zanjirini shakllantirishdan manfaatdor.
Prezidentimiz turkiyalik investorlarni Yangi Toshkent qurilishi va mamlakatimizdagi yirik infratuzilma loyihalarida faol ishtirok etishga chaqirdi. Turk kompaniyalariga yangi shaharda tijorat va turar joy majmualari, mehmonxonalar, taʼlim va tibbiyot muassasalarini barpo etish boʻyicha hamkorlik qilish taklif qilindi.
Shu bilan birga, pulli avtomobil yoʻllari, aeroportlar va logistika markazlarini rivojlantirish transport sohasidagi istiqbolli yoʻnalishlar sifatida koʻrsatildi.