Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning Uchqo‘rg‘on tumanida tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida hududning turizm va xizmat ko‘rsatish salohiyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, Uchqo‘rg‘on tabiiy resurslarga boy hudud bo‘lib, tuman hududidan Norin daryosi hamda 12 ta yirik kanal oqib o‘tadi. Endi ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish orqali turizm, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni yangi bosqichga olib chiqish vazifasi belgilandi.


Uchrashuvda Mustaqillik mahallasi hududida, Norin daryosi bo‘yida joylashgan 12 gektarlik tabiiy maydon — «Orolcha»da zamonaviy ekoturizm markazini barpo etish loyihasi taqdim etildi.

Loyiha doirasida tabiat qo‘ynida dam olish va sayohat qilish uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, 50 ta savdo va xizmat ko‘rsatish loyihasi amalga oshirilib, 100 nafar aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi. Natijada xizmat ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha 30,8 milliard so‘mlik iqtisodiy hajm shakllantirilishi kutilmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur loyiha Uchqo‘rg‘onning turizm salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi.