Sanʼatkorni qutlash va “Buyuk xizmat­lari uchun” ordenini topshirish marosi­mida Prezidentimiz Zokirovlar sulola­si deganda uzoq yillardan buyon milliy musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatini xalqi­mizga taqdim etib kelayotgan butun sulo­la koʻz oldimizga kelishi, milliy estrada sanʼati asoschisi Botir Zokirov ijro et­gan oʻlmas qoʻshiqlar xalqimizning ulkan maʼnaviy boyligi ekanini taʼkidladi. Mana shunday oila, butun bir avlodning oʻz umrini sanʼat va madaniyat ravnaqiga bagʻishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekaniga urgʻu berdi.

Mazkur sulolaning ulugʻ vakillaridan biri, shubhasiz, Botir Zokirovdir. Hayot boʻlganida 26-aprel kuni 90 yoshga toʻlgan boʻlar edi.

Sanʼat olamida estrada yulduzi boʻlib porlagan xonanda oʻzbek qoʻshiqlarini qa­tor mamlakatlar sahnasida mardonavor kuyladi. Dunyoda oʻzbek degan buyuk xalq borligini fidoyilik bilan targʻib qil­di va tanitdi.

Botir Zokirovning umr daftarini varaqlar ekanmiz, hayot va ijod yoʻllari­da uchragan quvonchli hodisalar, ibratli voqealarga duch kelamiz. U hayotning oq va qora ranglardan iborat ekanini juda erta angladi. Oʻzi tanlagan yoʻnalish — milliy estrada sanʼati yoʻli oson kechmasligini bilib, ayniqsa, sanʼat va madaniyat soha­sidagi gʻovlarni yuksak isteʼdodi va iro­dasi bilan yengib oʻtdi.

Siz butun vujudi, qalbi bilan qoʻshiq kuylayotgan Botir Zokirovning yoniq, dard­li va dono koʻzlarini koʻrganmisiz? Ha, uning donishmand koʻzlari porlab, tinglovchini hayratga solar edi. Dard bilan qalqib, hayotning iztiroblarini eslatar­di. Donoligi esa umrning mazmundorligi va nurli lahzalaridan xabar berardi.

Botir Zokirov koʻp kitob oʻqigan, ki­tobni maʼnaviy doʻst va ustoz deb bilgan chin ziyoli edi. Shu bois, u oʻzi bilan bir davrda ijod qilgan mashhur ijod­korlar — Abdulla Oripov, Shukur Xol­mirzayev, Oʻlmas Umarbekov, Uchqun Nazarov kabi shaxslar bilan safdosh, suhbatdosh va dildosh boʻlgan. Ularning ijodini qadr­lar, eʼlon qilingan har bir yangi asarini oʻqib, fikr-mulohazalarini, baʼzan esa eʼtirozlarini ham bildirardi. Shuningdek, Botir Zokirov mashhur rassom Roʻzi Choriyev va taniqli aktyor Turgʻun Azizov bilan ham yaqin doʻst boʻlgan.

U katta ijodkorlar — Asqad Mux­torning teran falsafa bilan sugʻorilgan sheʼrlari, Zulfiyaning vafo va sadoqatga yoʻgʻrilgan asarlarini, Mirtemirning xalq donishmandligi ufurib turgan yorqin misralarini qayta-qayta oʻqib, ada­biyotdan ruhiy quvvat olar edi.

Botir Zokirov Moskvadagi Kreml shifoxonasida yotgan kezlari jahon va rus mumtoz adabiyoti namoyandalarining mashhur asarlarini oʻqigani haqida kun­daliklarida yozib qoldirgan:

“Sharq tarixini oʻqiyapman. Juda koʻp narsani bilmasligim ayon boʻldi. Oʻz ta­riximni gʻurur va faxr bilan oʻqib oʻrga­na boshladim. Qanchadan qancha ochilmagan tengsiz xazinalar bor. Oʻz milliy mada­niyatimizni hali juda yuksaklarga koʻta­rishimiz kerak. Albatta, koʻtarish kerak! Qanday qilib? Hamma gap shunda...”.

“Bir narsani angladim. Shu paytgacha olgan bilimlarim hech narsaga arzimas ekan. Hammasini imkon qadar qaytadan boshlash kerak...”.

Hayotlik chogʻidagi suhbatimiz ja­rayonida Botir Zokirov mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov bilan Bishkekda uch­rashgani, uning dala hovlisida mehmon boʻlganini faxr bilan gapirib bergan edi. Ayniqsa, yozuvchining oʻsha yillari eʼlon qilingan “Oq kema” va “Sohil boʻylab chopayotgan olapar” asarlari haqida teran fikrlar bildirgandi: “Oq kema” — falsafiy asar. Unda qirgʻiz xalqi tarixidagi jarohatlar rivoyat va afsonalar orqali ochib berilgan. Ona bugʻu fojiasi kishini titratib yubora­di. Chingiz Aytmatov — jahon adabiyoti­ning ustunlaridan biridir”.

Botir Zokirovning didi baland edi. Bu did uning har bir qoʻshigʻida namoyon boʻladi va aks sado berib turadi. Ijod­korning didi isteʼdodi bilan chambarchas bogʻliq. Yaratilgan asarda namoyon boʻla­digan yuksak did tinglovchi yoki oʻquvchini qattiq hayajonga soladi, yuragiga chuqur kirib boradi.

Teran didi va yuksak tafakkuri tu­fayli u ajoyib hikoyalar yozdi. Yozgan­lari mashhur adiblar Asqad Muxtor va Shuhratning yuksak bahosiga sazovor boʻl­di. Sanʼatkor oʻziga xos, betakror rassom ham edi. Kartinalarini taniqli rassom­lar yuksak eʼtirof etgan hamda Rahim Ahmedov, Roʻzi Choriyev, Neʼmat Qoʻziboyev singari rangtasvir ustalari tomonidan samimiy kutib olingan. Bundan tashqari, Botir Zokirov “Soʻgʻd elining qoploni” librettosini ham yozgan.

U Moskvada birinchi bor operatsiya qilingan vaqtda radio orqali Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari inssenirovkasini mashhur artist Mariya Babanova ijrosida eshitib, qat­tiq hayajonlangan. Shundan soʻng qissani katta millatlar safiga qoʻshilamiz? Qachon yuksalamiz, qad rostlaymiz?.. Shoir doʻstim Abdulla Oripov nihoyatda topib yozganidek: “Qachon xalq boʻlasan, ey sen olomon?..”.

Baʼzan oʻylab qolaman: bugun qoʻshiq­chilik sanʼatida uchrayotgan sayozlik, yen­gil-yelpilik, ayniqsa, estradadagi quruq baqir-chaqirlarni koʻrib, eshitib, bizga Botir Zokirovdek chinakam sinchi sanʼat­kor yetishmayotgani yaqqol namoyon boʻladi. Ayrim taniqli sanʼatkorlar bilan esa suhbatlashish qiyin. Ularning savodsiz­ligi, fikrining gʻaribligi — umuman ki­tob oʻqimaslik, fikrsizlik va ongni hayot durdonalari bilan boyitib bormaslik oqibati deb oʻylayman. Axir Botir Zoki­rov, Sherali Joʻrayev, Faxriddin Umarov kabi ijodkorlar bilan suhbatlashsan­giz, rohatlanardingiz va yana suhbatlash­gingiz kelardi. Ular qoʻshiqlarining mazmun-mohiyatini teran tushunib ijro etardi. Oʻzlari ham juda bilimdon va chin ziyoli insonlar edi.

Botir Zokirovning umr daftarida bunday nurli sahifalar juda serob. Bu ulugʻ sanʼatkorning ibratli ijodi, inso­niy fazilatlari va dono fikrlari bugun ham oʻz ahamiyati hamda qadr-qimmatini yoʻqotgan emas. U kundaliklaridan birida bunday yozgan edi: “Agar qaytadan tugʻilish imkoni berilganda men baribir yana qoʻ­shiq yoʻlini tanlagan boʻlardim”.

Ashurali JOʻRAYEV,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist