Jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni ham aynan shu. Davlatning qudrati uning iqtisodiy salohiyati yoki bunyodkorlik ko‘lami bilangina o‘lchanmaydi. Balki aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyat yaratishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlab, har bir fuqaro o‘zini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishi uchun munosib shart-sharoit yaratilganida ko‘rinadi. Zero, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, hayot sifatini oshirishga qaratilgan izchil siyosat barqaror taraqqiyotning muhim omilidir.

Yangi O‘zbekistonda aynan shu mezon davlat siyosatining bosh tamoyiliga aylandi. “Inson qadri uchun” degan g‘oya boshqaruvning yangi falsafasi sifatida hayotga kirib keldi. Mazkur o‘zgarishlarni yaqqol namoyon etayotgan sohalardan biri, shubhasiz, ijtimoiy himoya tizimidir. Ushbu tizimdagi o‘zgarishlar aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, har bir fuqaroga munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Bugun sohadagi islohotlar faqat yordam ko‘lamini kengaytirish bilan cheklanmay, insonning munosib hayot kechirishi uchun mustahkam kafolatlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Yaqin-yaqingacha ijtimoiy himoya deganda ko‘pchilikning tasavvurida nafaqa tayinlash, moddiy yordam ajratish yoki imtiyoz berish gavdalanardi. Aslida, ehtiyojmand insonning muammosi ko‘pincha bitta yordam bilan hal bo‘lmaydi. Uning salomatligi, bandligi, oilaviy muhiti, ruhiy holati, farzandlarining ta’limi — bularning barchasi o‘zaro bog‘liq masalalar.

Shu bois, Prezidentimizning 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kom¬pleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan tashkil etilgan Ijtimoiy himoya milliy agentligi butunlay yangi yondashuvni hayotga tatbiq etdi. Ilgari turli vazirlik va idoralarga bo‘linib ketgan xizmatlar yagona tizimga birlashtirildi. Natijada inson bir muammo bilan bir necha idora eshigini qoqadigan davr ortda qolmoqda.

Namangan viloyatida mazkur yo‘nalishdagi ishlar bu islohotlarning amaliy natijasini yaqqol namoyon etmoqda. Bugungi kunda viloyatda nogironligi bo‘lgan 85,6 ming shaxs, kam ta’minlangan 54 mingdan ortiq oila, minglab yetim bolalar hamda yolg‘iz keksalar ijtimoiy himoya tizimining doimiy e’tiborida. Muhimi, endi ularning har biri statistika emas, balki alohida taqdir sifatida ko‘rilmoqda. Buni “keys menejment” tizimi misolida ham ko‘rish mumkin. So‘nggi uch yil davomida 46 ming 800 dan ortiq fuqaro bo‘yicha individual ishlanib, 500 mingdan ziyod ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatildi. Bu shunchaki yarim million xizmat degani emas. Bu yarim million marotaba inson muammosini tinglash, ehtiyojini aniqlash va yechim topishga urinish deganidir.

Pop tumani “Pop” MFYda yashovchi 1-guruh nogironligi bo‘lgan Rahbarjon Fozilov o‘zi va oilasiga ko‘rsatilgan kompleks ijtimoiy xizmatlar haqida bunday deydi:

“Oilamizga ko‘rsatilgan yordamlar biz uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Avval ayrim muammolarimizni qanday hal qilishni bilmay, ancha qiynalardik. Bugun esa ko‘plab masalalarimiz yechim topganidan xursandman. Turmush o‘rtog‘im bilan nikohimiz rasman qayd etildi, erkin harakatlanishim uchun elektron yuritmali nogironlik aravachasi berildi. Oilamiz kambag‘allik reyestriga kiritilib, bolalar nafaqasi tayinlandi, farzandlarim maktabgacha ta’lim tashkilotiga imtiyozli joylashtirildi. 1-guruh nogironligim sababli qarovchilik rasmiylashtirilib, onamga qarovchi sifatida mehnat staji belgilandi. Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishim uchun elektr tarmog‘i tortib berilgani men uchun katta imkoniyat bo‘ldi. Eng quvonarlisi, adaptiv sport — para stol tennisiga jalb etilib, musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqdaman.

Bundan tashqari, kommunal xizmatlar bo‘yicha kompensatsiyalar, moddiy yordam, tibbiy ko‘rik va davolanish xizmatlaridan ham foydalandik. Hozir quyosh paneli o‘rnatish uchun zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Men uchun eng muhimi — bizga shunchaki yordam berib qo‘yishmadi, balki kelajakka ishonch bilan qarashimiz, o‘zimizni tiklashimiz va imkoniyatlarimizdan foydalanishimiz uchun sharoit yaratishdi”.

Shuningdek, bolalar manfaatlarini himoya qilish borasidagi yondashuv tubdan o‘zgardi. Ilgari muassasa bolaga boshpana bo‘lsa, bugun oilaning o‘rnini hech narsa bosa olmasligi asosiy tamoyilga aylandi. Shu sababli so‘nggi yillarda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum 4 mingdan ortiq bola vasiylik, homiylik, patronat va oilaviy bolalar uylariga joylashtirildi. Eng e’tiborlisi, birgina 2025-yilda 890 bola o‘z oilasiga qaytarildi.

Davlatning ijtimoiy siyosati insonning kelajagini ham o‘ylaydi. Shu bois, uy-joyga muhtoj bo‘lgan 66 yetim yosh yangi xonadon bilan ta’minlandi. 139 yigit-qizga oliy ta’limda o‘qish uchun imtiyoz berildi. Zotan, haqiqiy ijtimoiy himoya insonni umrbod yordamga qaram qilib qo‘yish emas, balki uning mustaqil hayot kechirishi uchun imkoniyat yaratishdir.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Bugun e’tibor faqat pensiya yoki nafaqaga emas, balki ularning jamiyatdagi faol ishtirokiga qaratilgan. Adaptiv sportning rivojlantirilayotgani, inklyuziv ta’lim kengayayotgani, bandlik dasturlari amalga oshirilayotgani buning amaliy ifodasi sanaladi. Birgina 2025 yilda nogironligi bo‘lgan 10 ming 649 fuqaroning ish bilan ta’minlangani muhim natija bo‘ldi. Chunki ish o‘rni nafaqat daromad manbai, balki insonning jamiyatdagi o‘rnini, o‘ziga ishonchini tiklaydigan eng muhim omildir.

Reabilitatsiya tizimida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Agar 2023-yilda viloyatda 3 mingdan ortiq protez-ortopediya moslamasi va reabilitatsiya vositasi yetkazilgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib 10 mingdan oshdi. Bu minglab insonlarning mustaqil yurishi, mehnat qilishi va faol hayot kechirishi uchun yaratilgan imkoniyatdir.

Namangan viloyatida 2026-yilning dastlabki olti oyi ham tizim izchil rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda. Minglab fuqarolar nogironlik ekspertizasi va ¬reabilitatsiya xizmatlaridan foydalandi. To‘rt mingdan ortiq fuqaro zamonaviy protez va texnik vositalar bilan ta’minlandi. “Teng imkoniyat — inklyuziv bandlik” dasturi orqali nogironligi bo‘lgan qariyb uch ming kishi ishli bo‘ldi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi “2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori minglab insonlarning hayotida tub burilish yasadi. Namangan viloyatida bu borada aholi daromadlarini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi hamda tegishli tashkilotlar hamkorligida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Qarorda ijtimoiy reyestrga kiritilgan, 1-guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, xonadonlarini energiya tejamkor holatga keltirish, jumladan, quyosh panellari o‘rnatish orqali energiya samaradorligini oshirish va qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

To‘raqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironligi bo‘lgan Zuhra Qirg‘izovaning xonadoni Prezidentimizning ushbu qarori ijrosi doirasida energiya tejamkor uyga aylantirildi. Mazkur qaror asosida xonadonning yashash sharoitlari yaxshilanib, 5 kVt. quvvatga ega quyosh paneli o‘rnatildi.

— Ijtimoiy xodim bir kuni xonadonimizga yangi qaror haqidagi xabar bilan kirib keldi va tez kunlarda menga ko‘rsatilgan yordam va ko‘maklar tufayli hayotim butkul o‘zgarib ketdi. Chunki nogironligim borligi sabab, ayniqsa, yomg‘irli va noqulay ob-havo sharoitida hovlida harakatlanishga juda qiynalardim. Uyimizda deyarli sharoit yo‘q edi. Hozir xonadonimiz ancha qulay va zamonaviy ko‘rinishga keldi. Ayniqsa, hamma sharoitga ega sanuzel aynan uy ichida qurib berilgani mendek odam uchun katta qulaylik bo‘ldi. Albatta, bizga boshqa yo‘nalishlarda ham ko‘maklar ko‘rsatildi. Bolalar nafaqasi tayinlandi, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali yordam berildi, tibbiy, psixologik va huquqiy xizmatlardan foydalandik. Farzandim sport to‘garagiga jalb qilindi. Bularning barchasi oilamiz hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, — deydi Z. Qirg‘izova.

Ijtimoiy himoya sohasida yondashuv tobora kuchaymoqda. Muammo yuzaga kelgandan keyin chora ko‘rish bilan cheklanmasdan, uning oldini olishga qaratilgan mexanizmlar izchil takomillashtirilmoqda. “Ijtimoiy reyestr” orqali ehtiyojmand oilalarni manzilli aniqlash, “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi yashaydigan xonadonlarni energiya tejamkor qilish, hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarini tashkil etish shular jumlasidandir.

Bu borada Davlatobod tumanida faoliyat boshlagan hududiy Ijtimoiy xizmatlar markazi tizimdagi yangicha yondashuvning amaliy ifodasi bo‘ldi. Endilikda fuqarolar turli idoralar ostonasida ovora bo‘lish o‘rniga o‘zlariga zarur ijtimoiy xizmatlarni bir joyning o‘zida olish imkoniyatiga ega. Bu esa xizmatlardan foydalanishni yanada qulaylashtirish, vaqt va ortiqcha ovoragarchilikning oldini olish bilan birga aholining davlat xizmatlariga ishonchini mustahkamlayapti.

Ijtimoiy himoya sohasida erishilgan natijalarni faqat raqamlar yoki hisobotlar orqali baholab bo‘lmaydi. Albatta, statistik ko‘rsatkichlar amalga oshirilgan ishlar ko‘lamini aks ettiradi. Biroq islohotlarning haqiqiy samarasi insonlar hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarda namoyon bo‘ladi. Oila bag‘riga qaytgan bolaning yuzidagi tabassum, munosib ish o‘rniga ega nogironligi bo‘lgan fuqaroning ertangi kunga ishonchi, mustaqil hayot uchun o‘z uyiga ega bo‘lgan yetim yoshlarning quvonchi, yolg‘iz keksaning o‘zini e’tibor markazida his etishi ana shu o‘zgarishlarning eng ta’sirchan ifodasidir.

Ijtimoiy himoyaning pirovard maqsadi insonni doimiy ko‘makka muhtoj holatda saqlab qolish emas, balki unga munosib hayot kechirish, o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun mustahkam zamin yaratishdan iborat.

Shu ma’noda, O‘zbekistonda shakllanayotgan ijtimoiy himoya tizimi inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning uzviy qismi sifatida tobora takomillashib bormoqda. Bu yo‘ldagi har bir tashabbus, yaratilayotgan har bir yangi mexanizm va ko‘rsatilayotgan har bir manzilli xizmat bitta ezgu maqsadga — fuqarolarning munosib hayot kechirishini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Zero, inson o‘zini himoyalangan, qadrlangan va davlat e’tiborida ekanini his qilgan jamiyatdagina taraqqiyot barqaror, islohotlar esa xalqchil va hayotiy ahamiyat kasb etadi.

Ibrohim XODJIYEV,

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i