Maʼlumki, savdo nuqtalarida nazorat-kassa mashinalari orqali xaridorlarga beriladigan cheklarda mahsulot va xizmatlarga oid koʻplab maʼlumotlar, jumladan, MXIK kodlari, oʻlchov birliklari, QQS summasi, chegirmalar, soliq stavkalari va boshqa rekvizitlar aks ettiriladi.

Mazkur maʼlumotlar hisob-kitoblarning shaffofligi va nazoratini taʼminlash uchun muhim boʻlsa-da, ularning koʻpligi ayrim hollarda fuqarolar uchun chekni oʻqish va xarid summasini tezda anglashda noqulaylik tugʻdirishi, hatto hisob-kitoblarda adashish holatlariga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan Soliq qoʻmitasi tomonidan cheklarni fuqarolar uchun yanada tushunarli va qulay shaklda koʻrish imkoniyati joriy etildi.

Endi elektron chekni toʻliq yoki soddalashtirilgan shaklda koʻrish mumkin.

Soddalashtirilgan koʻrinishda chekda fuqaro uchun eng zarur boʻlgan asosiy maʼlumotlar — xarid qilingan mahsulot (xizmat) nomi va uning summasi, shuningdek, chekning yakuniy summasi ixcham shaklda aks ettiriladi. Bu xaridorga chekdagi asosiy maʼlumotlarni ortiqcha rekvizitlar orasida adashmasdan tez va oson koʻrish imkonini beradi.

Bunda chekning toʻliq koʻrinishidagi maʼlumotlar ham saqlanib qoladi. Foydalanuvchi oʻziga qulay boʻlgan formatni mustaqil tanlashi va istalgan vaqtda toʻliq hamda soddalashtirilgan koʻrinishlarni oʻzgartirgan holda koʻrish mumkin.

Shuningdek, elektron chek nusxasini saqlash va boshqa foydalanuvchilar bilan ulashish imkoniyati ham mavjud.

Chekni qanday tekshirish mumkin?

Elektron fiskal chek haqidagi maʼlumotlarni ikki usulda tekshirish mumkin:

smartfon kamerasi orqali chekdagi QR-kodni skanerlash;

Soliq mobil ilovasi orqali tekshirish.

Soliq qoʻmitasi fuqarolarga xaridlar boʻyicha hisob-kitoblarni tekshirishda rasmiy elektron xizmatlardan foydalanishni tavsiya etadi. Bu ortiqcha hisob-kitoblarni amalga oshirish zaruratini kamaytiradi, shuningdek, chegirmalar, soliqlar va boshqa hisob-kitob elementlari inobatga olinmagan holda mustaqil qayta hisoblash natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Soliq qoʻmitasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun soliq xizmatlarini yanada qulay, tushunarli va shaffof qilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.