Bugungi kunda uning jamiyat hayotidagi o‘rni va vazifalari yanada kengayib, mahalla aholi muammolarini aniqlash va hal etish, bandlikni ta’minlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar bilan ishlash hamda hududda xavfsiz muhitni shakllantirishning muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda.
Mahallaning bugungi taraqqiyotimizdagi o‘rniga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Unda mamlakatimizdagi 9 mingdan ziyod mahallani, avvalo, mehr-oqibat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi.
2026-yil 16-fevralda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi. Dasturda islohotlarning natijasini, eng avvalo, odamlar hayotida namoyon etish, yangi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, daromadlarni oshirish hamda mahallalardagi infratuzilma va ijtimoiy muhitni yaxshilashga alohida e’tibor qaratildi.
Mahallani rivojlantirish faqat hududni obodonlashtirish yoki infratuzilmani yaxshilash bilan cheklanmaydi. Insonning tinch va xavfsiz yashashi, oilasi va farzandlarining osoyishtaligi ham mahalladagi ijtimoiy muhit bilan uzviy bog‘liq. Shu ma’noda, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish mahalla faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Bu boradagi yondashuv ham izchil yangilanmoqda. 2025-yil 3-yanvarda qabul qilingan qarorda har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilandi, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga mas’ul rahbarlar biriktirildi. Keyingi amaliy ishlar doirasida hududlar kesimida manzilli “yo‘l xaritalari” asosida ijtimoiy profilaktika tizimi yo‘lga qo‘yilib, jamoat joylarini raqamlashtirish qamrovi kengaytirildi.
2026-yil 29-iyunda profilaktika inspektorlari faoliyati va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokamasida huquqbuzarlikka olib keluvchi omillarni barvaqt aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan manzilli ishlash jinoyatchilikning oldini olishdagi eng samarali profilaktika ekani qayd etildi. Shuningdek, kriminogen vaziyatni baholashda faqat statistik ko‘rsatkichlarga emas, aholi ishonchi, takroriy huquqbuzarliklarning oldini olish va xavf guruhidagi shaxslar bilan ishlash natijadorligiga ham tayanish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur yondashuv jinoyat sodir bo‘lganidan keyin uning oqibatlarini bartaraf etish bilangina cheklanmasdan, huquqbuzarlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy, oilaviy va boshqa omillarni imkon qadar erta aniqlash hamda ularga o‘z vaqtida ta’sir ko‘rsatishni nazarda tutadi.
Jinoyatchilik murakkab ijtimoiy hodisa bo‘lib, uning yuzaga kelishiga turli omillar ta’sir ko‘rsatadi. Toshkent shahri mahallalarida olib borilgan o‘rganishlarda ishsizlik, migratsiya jarayonlari, oilaviy nizolar, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish imkoniyatlarining yetarli emasligi hamda ijtimoiy nazoratning sustligi jinoyatchilikka ta’sir etuvchi omillar qatorida qayd etilgan. Shu bilan birga, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolar bilan individual ishlash, yoshlar muammolarini erta aniqlash va oilaviy nizolarni bartaraf etish bo‘yicha choralarni yanada takomillashtirish zarurligi ko‘rsatilgan.
Shu jihatdan mahalla jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini tashkil etishda katta imkoniyatga ega. Mahalla aholiga eng yaqin ijtimoiy tuzilma sifatida hududdagi vaziyatni, oilalar va yoshlarning muammolarini, ijtimoiy yordamga muhtoj yoki alohida e’tibor talab etadigan shaxslarni erta aniqlash imkonini beradi. Barvaqt profilaktikaning mazmuni ham huquqbuzarlik sodir bo‘lishini kutish emas, balki unga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabab va sharoitlarni oldindan aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratilgan choralarni o‘z vaqtida ko‘rishdan iborat.
Toshkent shahrining ayrim mahallalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar profilaktika ishlarini manzilli tashkil etish muhimligini ko‘rsatadi. Tahlil qilingan mahallalarda 2025-yilda jami 101 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lib, ularning 50 tasi, ya’ni qariyb 49,5 foizi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar toifasiga kiritilgan. Bu ko‘rsatkich jinoyatchilikka qarshi kurashishda barvaqt profilaktika imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish zarurligini ko‘rsatadi.
Ayrim hududlardagi natijalar ham e’tiborga molik. Asalobod mahallasida 2025-yilda 12 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, 2026-yilning o‘rganilgan davrida birorta ham jinoyat qayd etilmagan. Xosiyatli mahallasida 2025-yilda 16 ta jinoyat qayd etilgan, 2026-yilning o‘rganilgan davrida esa jinoyat holati kuzatilmagan. O‘rta Chirchiq mahallasida 2025-yilda 11 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2026-yilning o‘rganilgan davrida 2 ta jinoyat qayd etilgan. Uysozlar mahallasida ham jinoyatlar sonining kamayishi kuzatilgan.
Biroq barcha hududlarda natijalar bir xil emas. Bu holat profilaktika choralarini har bir mahallaning ijtimoiy muhiti, aholi tarkibi va kriminogen vaziyatidan kelib chiqib belgilash zarurligini anglatadi. Bir hududda samara bergan usul boshqa hududda aynan shu shaklda kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shuning uchun profilaktika umumiy tadbirlar yig‘indisi emas, balki hududning aniq muammolariga yo‘naltirilgan manzilli faoliyat bo‘lishi lozim.
O‘rganishlarning yana bir muhim natijasi mahalladagi mas’ul tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlik bilan bog‘liq. Profilaktika inspektori, mahalla raisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli o‘rtasida muntazam axborot almashinuvi va hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan hududlarda kriminogen vaziyat nisbatan barqaror bo‘lgan. Hamkorlik sust bo‘lgan hududlarda esa takroriy huquqbuzarlik va jinoyatlar ko‘proq kuzatilgan.
Demak, jinoyatchilik profilaktikasini bir idora yoki bir mas’ul xodimning vazifasi sifatida qabul qilish yetarli emas. Mahalla, ichki ishlar organlari, ta’lim muassasalari, yoshlar bilan ishlovchi tuzilmalar, xotin-qizlar faollari, oila va jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi natijadorlikning muhim shartidir.
Huquqbuzarliklarning oldini olishda nazorat vositalari muhim. Videokuzatuv, raqamli monitoring va boshqa zamonaviy texnologiyalar jamoat joylarida xavfsizlikni ta’minlash, muammoli hududlarni aniqlash va vaziyatni tezkor kuzatish imkonini beradi. Biroq profilaktikani faqat nazorat choralari bilan cheklab bo‘lmaydi. Uning markazida inson va uning muammosi turishi lozim.
Ishsiz fuqaroni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, muammoli oilalar bilan manzilli ishlash, nizolarni o‘z vaqtida hal etish, huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish barvaqt profilaktikaning ta’sirchan vositalaridir. O‘rganishlarda ham profilaktik hisobda turuvchi shaxslar bilan individual ishlash, yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan dasturlar, muntazam huquqiy targ‘ibot, jamoatchilik nazorati hamda raqamli monitoring va videokuzatuv tizimlaridan foydalanish ijobiy natija berayotgan omillar sifatida qayd etilgan.
Mahalla tizimini raqamlashtirish borasidagi ishlar ham ushbu jarayonni yangi bosqichga olib chiqmoqda. 2026-yil 22-iyunda mahallalar faoliyatini raqamlashtirish va tizimni ilmiy asosda rivojlantirishga oid takliflar muhokama qilindi. Unda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalar infratuzilmasi va ijtimoiy muhitini yaxshilash bilan bir qatorda, boshqaruv samaradorligini oshirishga ham e’tibor qaratildi.
Raqamli texnologiyalar profilaktika uchun muhim yordamchi vosita bo‘lsa-da, ular inson bilan bevosita ishlashning o‘rnini bosa olmaydi. Texnologiya xavfli holatni aniqlashga yordam beradi, ammo uning ortida turgan ijtimoiy muammoni hal etish uchun manzilli va insonga yo‘naltirilgan yondashuv talab etiladi.
Bugun mahallaga berilayotgan vakolat va imkoniyatlar kengayib bormoqda. 2026-yil 16-iyulda mahallalarga yangi muhit olib kirish va “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalalari muhokamasida mahalla odamlar uchun ishonch, tayanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi zarurligi ta’kidlandi. Mahalladagi masalalarni hal etish uchun resurs va vakolatlar kengayib borayotgan bir sharoitda mas’uliyat, tashabbuskorlik va natijadorlik ham shunga mutanosib bo‘lishi lozim.
Shu ma’noda, xavfsiz mahalla tushunchasi faqat jinoyat sodir etilmaydigan hududni anglatmaydi. U odamlar bir-biriga befarq bo‘lmagan, ijtimoiy muammolar o‘z vaqtida aniqlanadigan, yoshlar e’tibordan chetda qolmaydigan, oilalar bilan manzilli ishlanadigan va fuqarolar davlat hamda jamoat institutlariga ishonch bilan murojaat qila oladigan muhitni ham ifodalaydi.
Bugun O‘zbekistonda mahallani rivojlantirishga qaratilgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mahalla aholi bilan davlat o‘rtasidagi eng yaqin bo‘g‘in sifatida nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etish, balki jamoat xavfsizligini ta’minlashda ham tobora muhim o‘rin egallamoqda.
Toshkent shahrining o‘rganilgan mahallalari misolidagi natijalar profilaktika choralarini to‘g‘ri va manzilli tashkil etish jinoyatchilikni kamaytirishga xizmat qilishini ko‘rsatadi. Ayniqsa, tahlil qilingan jinoyatlarning qariyb yarmi oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar toifasiga kiritilgani barvaqt profilaktikaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Shu bois mahallalarda xavf guruhidagi shaxslarni erta aniqlash, ular bilan individual ishlash, yoshlar bandligini ta’minlash, oilaviy va ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal etish, profilaktika subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda raqamli imkoniyatlardan oqilona foydalanish ustuvor ahamiyatga ega. Bunday choralar faqat jinoyatlar sonini kamaytirishga emas, balki aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda o‘zaro ishonch va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Profilaktika samaradorligini faqat sodir etilgan jinoyatlar statistikasi bilan o‘lchash yetarli emas. O‘z vaqtida bartaraf etilgan xavf, nizodan asrab qolingan oila, huquqbuzarlik yo‘liga kirmagan yosh va tinchligi ta’minlangan fuqaro ham profilaktikaning amaliy natijasidir.
Zero, mahallada tinchlik va hamjihatlik mustahkam bo‘lsa, jamiyatda osoyishtalik qaror topadi. Xavfsiz mahalla esa xavfsiz va barqaror jamiyatning eng muhim tayanchidir.
Dilfuza Kamolovna,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)