Endi asosiy e’tibor faqat fuqaroni ishga jo‘natishga emas, balki uning huquqlarini himoya qilish, xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlash va xorijda munosib hayot kechirishi uchun zarur ko‘mak berishga qaratilmoqda.

Shuningdek, ularni ularni kasb va tilga o‘qitish, moddiy hamda yuridik qo‘llab-quvvatlash masalalari davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Biz Migratsiya agentligi direktor o‘rinbosari Elyor Toshdemirov bilan aynan migrantlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ularni xorijda himoya qilish mexanizmlari va xalqaro hamkorlik loyihalari haqida suhbatlashdik.

— Bugungi kunda migrantlarni xorijga ketishdan oldin tayyorlash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— Albatta, mehnat migratsiyasi jarayonlarida eng muhim masalalardan biri fuqarolarni ketishdan oldin to‘g‘ri tayyorlash hisoblanadi. Chunki inson xorijga borgach, uni qanday muhit kutayotganini, qaysi kasblarga talab yuqori ekanini, o‘sha davlat qonunchiligi, madaniyati va urf-odatlarini yaxshi bilishi kerak. Shundan kelib chiqib, bugungi kunda xorijiy hamkorlar bilan maxsus “ketish oldi” o‘quv kurslari tashkil qilingan. Bu loyihalar Xalqaro migratsiya tashkiloti, Yevropadagi Xalqaro migratsiya siyosatini rivojlantirish markazi — ICMPD hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati — GIZ bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Fuqarolarimiz ishga yuborilishidan oldin ushbu kurslarda qatnashadi. Ularda mehnat shartnomasi, xorijdagi qonunchilik, xavfsizlik qoidalari, huquq va majburiyatlar haqida to‘liq ma’lumot beriladi. Bu esa ularning xorijda muammolarga duch kelish ehtimolini kamaytiradi.

— Xorijda muammoga duch kelgan migrantlar qanday himoya qilinadi?

— Bugungi kunda xorijda ishlayotgan vatandoshlarimiz huquqlarini himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, inson qadri eng ustuvor masala sifatida qaralayotgan hozirgi davrda bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekistonning bir qator davlatlar bilan mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlari mavjud. Shu bilan birga, Migratsiya agentligining Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Qozog‘istonda vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Kelgusida Yevropa davlatlarida ham shunday vakolatxonalarni tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu vakolatxonalarning asosiy vazifasi — xorijda ishlayotgan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish, ularga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat. Ayniqsa, og‘ir holatga tushib qolgan, baxtsiz hodisaga uchragan, yuridik yordamga muhtoj yoki vaqtincha boshpanasiz qolgan fuqarolarga tezkor yordam ko‘rsatish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan.

— Migrantlarni moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday imkoniyatlar mavjud?

— Migratsiya agentligi huzurida maxsus Migratsiya jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, u orqali fuqarolarga turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatilmoqda. Bu yordam turlari ikki yo‘nalishga bo‘linadi: ketishdan oldingi yordamlar va xorijda bo‘lib turgan vaqtda beriladigan yordamlar.

Masalan, fuqaro xorijda og‘ir ahvolga tushib qolsa, baxtsiz hodisaga uchrasa, tibbiy yoki yuridik yordamga muhtoj bo‘lsa, vaqtincha turar joysiz qolsa — ushbu yordamlar soddalashtirilgan tartibda va beg‘araz asosda taqdim etiladi. Bu tizim bugungi kunda xalqaro ekspertlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yuqori baholanmoqda. Chunki bunday kompleks qo‘llab-quvvatlash tizimi ko‘plab davlatlarda mavjud emas.

— Bugungi kunda Yaponiya bilan hamkorlik qanday rivojlanmoqda?

— Hozirgi kunda Yaponiya bilan mehnat migratsiyasi sohasida keng qamrovli va ko‘p bosqichli loyihalar amalga oshirilmoqda. Ko‘plab yapon kompaniyalari va ish beruvchilar O‘zbekistonga kelib, bu yerda maqsadli kadr tayyorlash dasturlarini yo‘lga qo‘ygan. Ayniqsa, yuk mashinasi haydovchilari, avtobus haydovchilari va texnik mutaxassislarni tayyorlashga katta qiziqish bildirilmoqda.

Bugungi kunda Yaponiyaning “Provod Partners” va “Onodera” kompaniyalari bilan hamkorlik qilinmoqda. Hozirning o‘zida 500 nafardan ortiq nomzod maxsus o‘quv dasturlari orqali Yaponiyada ishlashga tayyorlanyapti.

Shuningdek, Surxondaryo viloyatida yuk avtomobillari haydovchilarini tayyorlash xalqaro maktabi tashkil etilmoqda. U yerda maxsus avtodrom va o‘quv poligoni qurilmoqda.

Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida ham ana shunday o‘quv-amaliyot poligonlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu markazlarda xalqaro talablarga javob beradigan, raqobatbardosh kadrlar tayyorlanadi.

Bugun mehnat migratsiyasi oddiy ish izlash jarayonidan davlat darajasidagi muhim ijtimoiy siyosatga aylandi. Endi asosiy maqsad — fuqaroni xavfsiz, qonuniy va munosib mehnat muhiti bilan ta’minlash, uning huquqlarini xorijda ham himoya qilishdan iborat.

Ayniqsa, migrantlarga moddiy, yuridik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimining shakllangani minglab vatandoshlar uchun katta tayanch bo‘lmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda inson qadri haqiqatan ham eng oliy qadriyatga aylanayotganining amaliy ifodasidir.

Zulxumor Akbarova suhbatlashdi