Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi mas’ullaridan iborat delegatsiya Fransiyada qator muhim uchrashuvlar oʻtkazdi.
Muzokaralar natijasida FNSEA — Fransiya Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari federatsiyasi bilan uzumzorlarda mavsumiy ishlarga oʻzbekistonliklarni jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, Sélect Recruiting Service kompaniyasi bilan nomzodlarni saralash va ishga joylashtirish boʻyicha bitim imzolandi. Bu hamkorlik orqali fuqarolarni tanlash va ishga joylashtirish jarayonlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish koʻzda tutilgan.
Ta’lim va ish integratsiyasi yoʻnalishida CFA AC Paris bilan “ta’lim + ish” formatida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Unga koʻra, Fransiyada restoran sohasida oʻqish va bir vaqtning oʻzida ishlash imkonini beruvchi maxsus dastur ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, kelishuvlarni amalga oshirish va tashkiliy-huquqiy masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Fransiyaning tashqi ishlar, ichki ishlar va ta’lim idoralari hamda France Travail davlat bandlik xizmati, CCI Île-de-France savdo-sanoat palatasi va AP-HP kabi tashkilotlar bilan ham samarali muzokaralar olib borildi.
Mazkur kelishuvlar oʻzbekistonliklar uchun xorijda qonuniy, xavfsiz va tizimli mehnat faoliyatini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, yangi ish oʻrinlari imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.