Xorazm viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urganch shahrida yashovchi 1997 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Urganch xalqaro aeroportida Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan jo‘natmani qabul qilib olgan vaqtida to‘xtatilib tekshirildi.
Natijada, ushbu jo‘natma ichida turli xil shirinliklar orasiga shokolad niqobi ostida qadoqlab, yashirilgan 538 gr “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida qayd etilgan holatda esa, poytaxtlik 45 yoshli fuqaro muqaddam narkokuryerlar tomonidan mamlakatimizga kontrabanda qilinib, xufiya joyga qoldirib ketilgan 700 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ikkala fuqaroga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari doirasida ularning sheriklarini aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.