Ya’ni, umumiy narkoz ostida xotira ma’lumotlarni tanlab ishlaydi: voqealarni ongli ravishda eslab qolish to‘xtaydi, ammo miya xotiralarni shakllantirmasdan, tovushlar yoki nutqqa oid ma’lumotlarni qayta ishlash qobiliyatiga ega bo‘ladi.
Umumiy narkoz ostida biz hech narsani his qilmaymiz va bizga nima bo‘layotganini umuman anglamaymiz ham. Ammo, bu – miya tashqaridan keladigan signallarni umuman qabul qilmay qo‘yadi degani emas. Mutaxassislarga ma’lumki, narkoz holatida ham tovushlarga dastlab bosh miyaning qayta ishlovchi sohalari javob qaytaradi. Yoki boshqacha aytganda, tovushga javoban ularning neyronlarida o‘ziga xos faollik paydo bo‘ladi.
Yaqinda “Nature” (“Tabiat”) jurnalida umumiy narkoz ostida miyaning xotira va nutq tahlili bilan shug‘ullanadigan qismlari ham faollik ko‘rsatishi haqida maqola chop etildi. Bunday tajriba epilepsiya tufayli operatsiya qilinishi kerak bo‘lgan yetti nafar ko‘ngilli bemor bilan o‘tkazildi: ba’zi hollarda epilepsiya jarrohlik yo‘li bilan davolanadi, miyani epileptik ritmlarni ishlab chiqara boshlagan buzilgan neyronlar to‘plamidan xalos qiladi. Shu bilan birga, bunday bemorlar (albatta, ularning roziligi bilan) neyrobiologik tadqiqotlarda ishtirok etishlari mumkin. Operatsiya tirik inson miyasidagi o‘zgarishlarni tekshirish imkonini beradi.
Operatsiya qilinganlar propofol (zamonaviy maxsus dori vositasi) yordamida umumiy narkozga solindi. Ulardan uchtasiga bir xil tebranish chastotasiga ega tovushlar boshqacha tebranish kuchiga ega tovushlar bilan almashinib, takrorlanuvchi tovushlar seriyasini eshitish imkonini berishdi. Tadqiqotchilarni xotiraning asosiy markazlaridan biri bo‘lgan gippokamp bu tovushlarga qanday javob qaytarishi qiziqtirdi. O‘n daqiqa ichida gippokamp turli tovushlarga turlicha javob bera boshladi. U tovushlar bilan emas, balki xotira bilan shug‘ullanar ekan, go‘yo gippokamp bu tovush ketma-ketligini o‘rganib olgandek ko‘rinardi. Qolgan to‘rt nafar narkoz ostida bo‘lgan bemorga o‘n daqiqalik podkast qo‘yildi. Ularda nutq bilan ishlaydigan miya qismlaridagi neyronlar kuzatilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bu neyronlar ot turkumidagi so‘zlarni boshqa so‘zlardan ajrata olish qobiliyatiga ega va keyingi so‘z qanday jaranglashini taxmin qilishga harakat qilishgan (aftidan, eng ehtimoliy kontekstga asoslanib).
Giyohvandlik (narkotik) moddalari miyaning turli qismlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan axborot almashinuvini to‘xtatadi. Bunday holatda yagona ma’lumotlar tarmog‘i buzilishi bilan ong ham “o‘chib” qoladi. Biroq, ayrim zonalar ishlashda davom etadi va hatto tashqaridan signal yetkazib beruvchilar bilan aloqani saqlab qolishi mumkin. Propofol dori vositasi umumiy narkoz uchun yagona vosita emas va ehtimol, shunga o‘xshash tajribani boshqa giyohvand moddalar bilan ham o‘tkazish kerakdir. Ehtimol, yangi natijalar umumiy narkoz ostida nima sodir bo‘lishini (chunki bu borada to‘liq aniqlash kerak bo‘lgan narsalar ko‘p), komadan hech bir yo‘l bilan chiqolmayotganlarni hushiga qaytarish imkoni bor-yo‘qligini yaxshiroq chuqurroq tushunishga yordam berishi mumkin, deb yozadi nkj.ru.