Mamlakatimiz yetakchisining “Turli sohalarda amalga oshirayotgan islohotlarimizning natijalari, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar samarasi, avvalo, mahallalarda, u yerda yashayotgan odamlarning kayfiyatida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, mahallani jamiyatimizdagi barcha jarayonlarni tiniq aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zguga qiyoslash mumkin”, degan qat’iy pozitsiyasi yangi O‘zbekistonda mahalla tizimiga e’tiborning amaliy namunasidir. Darhaqiqat, mahalla instituti bugun xalq va davlat o‘rtasidagi eng ishonchli tuzilmaga aylandi.

Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ushbu tizimli yangilanishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Odatda davlat va jamiyat hayotiga oid farmonlar faqat eng muhim, strategik va tizimli islohotlar uchungina qabul qilinishini inobatga olsak, ushbu hujjatning salmog‘i va tarixiy ahamiyati yaqqol namoyon bo‘ladi.

Farmonda belgilangan vazifalar — mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish, oilaviy ajralish­lar va jinoyatchilikning oldini olish, “mahalla yettiligi”ning yangi imkoniyatlari esa har bir fuqaro salohiyatini ro‘yobga chiqarish, farovonlikni ta’minlash negizida inson qadrini ulug‘lash maqsadini mujassam etgan.

Ushbu tarixiy farmon shunchaki nazariy konsepsiya emas, balki aniq amaliy harakatlar dasturidir. Zero, hujjat asosida aynan aholining huquqiy ongi, ma’naviyati va dunyoqarashini tubdan yuksaltirishga qaratilgan, o‘zida 50 ta eng muhim chora-tadbirni mujassam etgan mahalla fao­liyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Mazkur “yo‘l xaritasi” mahallani haqiqiy ma’noda xalqchil tuzilmaga aylantirish, ijtimoiy sog‘lom muhitni mus­tahkamlash va tizimning ijro mexanizmini yangi bosqichga olib chiqishda muhim strategik poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Inson taqdiri va tarbiya mas’uliyati

Bugun mahalla tizimidagi islohotlarning tayanch nuqtasi inson qadri, uning taqdiri va ertangi kunga ishonchdir. Yangi tartibga ko‘ra, mahallada yashovchi, birinchi marotaba ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan fuqarolarga, ularning oilaviy sharoiti hisobga olinib, fuqarolar yig‘ini kengashi qarori asosida yengillik berish tizimi joriy etilmoqda. Sud-tergov organlari mahallaning ushbu murojaatini qanoatlantirgan taqdirda, asosiy e’tibor jazolashga emas, balki shaxsni tarbiyalash va uni sog‘lom muhitga qaytarishga qaratiladi.

Bu jarayonda eng katta mas’uliyat yuki, o‘z navbatida, “mahalla yettiligi” zimmasiga tushadi. Ular kafillikka olingan shaxs­ni shunchaki nazorat qilibgina qolmay, fuqaroning qayta tarbiyalanishi, kasb-hunar o‘rganishi, ta’limga yo‘naltirilishi va bandligi ta’minlanishi uchun bevosita javobgar bo‘ladi. Zero, jinoyatga qo‘l urgan shaxsni jamiyatdan ajratish emas, balki uning ma’naviy dunyosini o‘zgartirish, oiladagi muhitni sog‘lomlashtirish va foydali mehnatga jalb qilish orqali to‘g‘ri yo‘lga solish eng samarali tarbiya usulidir.

Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Olijanob kishilar uzrni qabul qilur”, deb ta’kidlaganidek, xalqimiz azal-­azaldan mardligi, tantiligi va olijanobligi bilan boshqalardan ajralib turgan. Bir so‘z bilan aytganda, xatosini anglab, chin dildan pushaymon bo‘lgan, jamiyatga qaytmoqchi bo‘lgan insonga imkon berish milliy qadriyatlarimizga xos an’anadir. Shu bois, islohotlarning pirovard maqsadi ham adashganlarni jazolash emas, balki ularni kechirish, to‘g‘ri yo‘lga solish, birini o‘qimishli, birini ishli, birini kasbli qilishdan iboratdir.

Insonni tarbiyalash — uzoq muddatli va tizimli mehnatni talab etadigan jarayon. Shu sababli farmonda kafillikka olingan shaxs uch yil davomida qayta jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, shaxs tarbiyasida alohida jonbozlik ko‘rsatgan mahalla faollarini Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda. Bunday rag‘bat tizimining joriy etilishi mahalla faollarining tarbiya masalasiga shunchaki xizmat vazifasi sifatida emas, balki yuksak ijtimoiy mas’uliyat bilan yondashishini ta’minlaydi.

“Raqamli mahalla” platformasi: tizimli muammolarga aniq yechimlar

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarga erishish yo‘lida eng zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish, ijtimoiy-­iqtisodiy hayotimizga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish hamda inson taraqqiyotiga xizmat qiladigan ilg‘or g‘oyalarni o‘zlashtirishga qaratilgan pragmatik siyosatimizni izchil davom ettiramiz”.

Bugun mahalla tizimi mazmunini aynan shunday zamonaviy yondashuvlar belgilab bermoqda. Aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish uchun tizimda keng ko‘lamli raqamli islohotlar kechmoqda. Jumladan, farmonga asosan, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Adliya hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklari tomonidan 2026 yil

1 noyabrga qadar “Raqamli mahalla” elektron platformasining yangi imkoniyatlari ishga tushirilishi belgilandi.

Yangi tizimga ko‘ra, aholidan kelib tushgan murojaatlar sun’iy intellekt yordamida, inson omilisiz saralanib, to‘g‘ridan to‘g‘ri mas’ul ijrochilarga taqsimlanadi. Bu jarayon masalalar xaspo‘shlanishining oldini oladi.

Shu bilan birga, infratuzilma, bandlik, jinoyatchilik ko‘rsatkichlari va nizoli oilalar ahvoli asosida mahallalar real vaqt rejimida “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Bunday tasnif qaysi hududga birinchi bo‘lib ko‘mak va mablag‘ yo‘naltirish kerakligini aniq ko‘rsatib beradi, eng muhimi, muammolar amalda bartaraf etilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, “mahalla yettiligi” xodimlari mehnatiga ularning erishgan real natijalari (KPI) asosida baho berish tizimi joriy etiladi. Mahalla raisi xodimlarning oylik ish vaqtini ularning amaliy faolligiga qarab belgilaydi va bu fidoyi xodimlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Xizmatlar raqamlashishi xodimlar va aholi o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlab, mahallaning jamiyatdagi nufuzini yanada yuksaltiradi.

Yechim ham, javobgarlik ham bo‘ladi

“Raqamli mahalla” platformasi orqali tizimli kamchiliklar shunchaki aniqlanmaydi, balki ularning yechimi ham ta’minlanadi. Farmon bilan platformaga kiritilgan har bir masala ijrosi ustidan qat’iy, vertikal nazorat tizimi o‘rnatilmoqda. Endilikda aholining mahalla darajasida ko‘tarilgan muammolari hal etilishi uch bosqichda doimiy ravishda tanqidiy tahlil qilib boriladi.

Birinchi bosqichda har oyda kamida bir marotaba tuman va shahar hokimlari raisligida mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarida eng quyi bo‘g‘indagi muammolar sarhisob qilinadi. Bu joylardagi rahbarlarning kundalik faoliyatiga aholi tomonidan beriladigan eng birinchi va eng xolis baho bo‘ladi.

Ikkinchi bosqichda har chorakda kamida bir marta Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari raisligida hududiy mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlarida muhokama qilinadi. Bu esa tuman darajasida paysalga solingan yoki mas’uliyatsizlik oqibatida hal etilmay qolgan tizimli kamchiliklarni viloyat miqyosida tezkor bartaraf etish imkonini beradi.

Uchinchi bosqichda nazoratning eng yuqori nuqtasi sifatida har yarim yilda kamida bir marotaba O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi yig‘ilishi o‘tkaziladi. Unda barcha mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari hamda hokimlar ishtirokida surunkali tus olgan muammolar tanqidiy muhokama qilinib, qat’iy choralar ko‘riladi.

Bunday uch bosqichli tizim shuni anglatadiki, mahalla darajasida ko‘tarilgan muammo toki o‘z yechimini topmaguniga qadar kun tartibidan tushmaydi. Rahbarlarning hisobotlari shunchaki quruq raqamlar bilan emas, platformadagi real ko‘rsatkichlar bilan solishtiriladi.

Yangi moliyaviy manbalar

Mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tezkor va samarali hal etish, avvalo, tizimning moliyaviy mustaqilligiga bog‘liq. Shu bois, yangi tartibga muvofiq, Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishning mutlaqo yangi va ­mahallaning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha manbalari belgilanmoqda. Jamg‘arma mab­lag‘lari quyidagi aniq va muqim manbalar hisobidan kengaytiriladi.

2026-yil 1-iyuldan boshlab mahalla hududida sanitariya qoidalarini buzganlik va noqonuniy qurilish bo‘yicha undirilgan jarimalarning 10 foizi to‘g‘ridan to‘g‘ri mahalla jamg‘armasiga o‘tkaziladi. Bu mahalla hududi tozaligi va tartibi uchun ichki nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.

2027-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘i bo‘yicha undirilgan mablag‘larning (noturar joylar bo‘yicha undiriladigan mol-mulk va yer solig‘i bundan mustasno) 15 foizi ushbu jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Bu aholining soliq to‘lash madaniyatini oshirish bilan birga to‘langan soliqlar aynan o‘sha mahallaning yo‘li, chirog‘i yoki boshqa ehtiyojlari uchun ishlatilishini anglatadi.

Mahalladagi hududi 5 ming metr kvadratgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari hokim yordamchisining onlayn buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron onlayn auksion savdolar orqali sotiladi. Ushbu savdolardan keladigan mablag‘lar (baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda) to‘liq jamg‘armaga tushadi.

Mablag‘larni shakllantirishning bunday tizimi “mahalla yettiligi” va fuqarolar yig‘iniga nafaqat moliyaviy imkoniyat beradi, balki ularda o‘z hududidagi bo‘sh turgan resurslardan samarali foydalanish, tartib-intizomni saqlash va mahalliy budjetni to‘ldirishga nisbatan tadbirkorlik yondashuvini shakllantiradi. Eng muhimi, mahalla o‘z muammosini yuqori idoralardan mablag‘ kutmasdan, o‘zida shakllangan moliyaviy kuch bilan hal etish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Umuman olganda, bugun mahalla yirik iqtisodiy loyihalar, tadbirkorlik va investitsiyalar generatoriga aylanmoqda. Shu nuqtayi nazardan, har bir mahallaning o‘ziga xos “drayver” sohalari, tabiiy, iqlim va dehqonchilik sharoitlari, shuningdek, aholining an’anaviy hunarmandlik ko‘nikmalaridan kelib chiqib, tijorat banklari bilan hamkorlikda yangicha tizim yo‘lga qo‘­yilmoqda. Endilikda banklar mahallalarga shunchaki kredit beruvchi tashkilot sifatida emas, balki aholining biznes tashabbuslari va istiqbolli investitsiya loyihalari portfelini shakllantiruvchi asosiy strategik sherik sifatida kirib bormoqda.

Bunday yondashuv mahalladagi har bir qarich yerni, mavjud infratuzilma va imkoniyatlarni aniq ish o‘rni hamda barqaror daromad manbaiga aylantirishga xizmat qiladi. Natijada hududlardagi ishsizlik va kambag‘allik masalalari mahallaning o‘zida hal etiladi.

Alohida ta’kidlash kerak, Prezidentimiz Mahallalar faoliyatini rag‘batlantirish jamg‘armasiga respublika budjetidan 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘m ajratilishini belgiladi.

Inson mahallada tug‘ilib, voyaga yetadi, salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish imkoniya­tiga ega bo‘ladi, shaxs sifatida kamol topadi, uning orzu-umidlari bir butunlikda namoyon bo‘ladi. Yangi tizim va moliyaviy imkoniyatlar zamirida faqatgina iqtisodiy ko‘rsatkichlar emas, balki adashgan insonni oilasi bag‘riga qaytarish, umidsizlikka tushgan xonadonga nur olib kirish va har bir fuqaroga davlatning mehri va adolatini ko‘rsatishdek oliy maqsad mujassam.

Qahramon QURONBOYEV,

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi,

siyosiy fanlar doktori,

professor