Suhbat chog‘ida 2025-yil noyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, Ijroiya kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasini tayyorlash va qabul qilish, 2027-yilda Xiva shahrida xalqaro simpozium tashkil etish, shuningdek, tashkilot Ijroiya kengashining oktyabr sessiyasi kunlarida YUNESKO qarorgohida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ijroiya kengashi raisi O‘zbekistonning YUNESKO bilan faol hamkorligini, mamlakatning madaniy, ilmiy va ma’naviy merosini xalqaro maydonda ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarning konstruktiv xususiyatini yuqori baholadi.
Muloqot davomida O‘zbekiston tashabbusi bilan tayyorlangan loyihalar yuzasidan fikr almashildi. YUNESKO Ijroiya kengashi raisi ko‘tarilgan mavzularning dolzarbligiga e’tibor qaratib, zamonaviy global tahdidlar sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash masalalari xalqaro hamjamiyat uchun tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar globallashuv, iqlim o‘zgarishi, urbanizatsiya va sayyohlar oqimining ortishi sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash masalalariga jahon jamoatchiligi e’tiborini yanada kuchaytirishga qaratilgan.
Ushbu tashabbuslarning amaliy davomi sifatida 2027-yilda Xivada madaniy merosni saqlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro simpoziumni o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Bu tadbir sohadagi dolzarb muammolarni ekspertlar darajasida muhokama qilish, ilg‘or tajriba va samarali yondashuvlar bilan almashish uchun muhim xalqaro maydon yaratadi.
Muhokamalar jarayonida tomonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi taqdimotiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Tashkilot raisi ta’kidlaganidek, ushbu taqdimot a’zo davlatlar, Kotibiyat vakillari va xalqaro ekspertlar hamjamiyatini O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi merosini saqlash va o‘rganish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishtirish uchun muhim imkoniyatdir.
Uchrashuv yakunida tomonlar YUNESKO doirasida O‘zbekiston tashabbuslarini ilgari surish va rejalashtirilgan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.