Zamonaviy huquqshunos qonunchilikni bilish, huquqiy normani sharhlash va qo‘llash bilan bir qatorda real ijtimoiy munosabatlarni tahlil qilish, huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni aniqlash, dalillar bilan ishlash, huquqiy xavflarni baholash va asoslangan yechim ishlab chiqish ko‘nikmalariga ega bo‘lishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–232-son Farmoni yuridik ta’lim va huquqshunoslik fanini rivojlantirishning yangi institutsional mexanizmlarini belgiladi. Farmonda amaliy o‘qitish, klinik va dual ta’lim tamoyillarini joriy etish, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, akademik-kollegial boshqaruvni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va Toshkent davlat yuridik universitetining xalqaro raqobatbardoshligini kuchaytirish vazifalari nazarda tutilgan.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tajriba tariqasida TDYUning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi kurs talabalari uchun ta’lim dasturlarining 50 foizini auditoriyadagi nazariy tayyorgarlik, 50 foizini sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa yuridik sohaga oid tashkilotlardagi amaliy tayyorgarlik shaklida tashkil etish belgilangan. Mazkur model talabaning nazariy bilimlarini tegishli professional muhitda bevosita qo‘llashi va huquqiy vaziyatlarni amaliy jihatdan tahlil qilishiga xizmat qiladi.
Farmonda ushbu yo‘nalish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar ham belgilangan. Amaliy tayyorgarlik uchun hamkor tashkilotlar sonini 2025-yildagi 100 tadan 2026-yilda 150 taga, 2030-yilda 300 taga, ta’lim jarayoniga jalb qilinadigan amaliyotchi mutaxassislar sonini 60 nafardan 2030-yilda 250 nafarga yetkazish nazarda tutilgan. Amaliyot materiallari asosida takomillashtiriladigan o‘quv modullari ulushi 2030-yilda 100 foizga, ish beruvchilar tomonidan ijobiy baholangan bitiruvchilar ulushi 90 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan.
2026-yilda ushbu vazifalar doirasida universitetning amaliyot bazalarini kengaytirishga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. “Aloqabank”da TDYU amaliyot sho‘basi, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasida universitet amaliyot sho‘basi, Parlament tadqiqotlari institutida Konstitutsiyaviy huquq sho‘basi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlik doirasida Xitoyning Yingke Law Firm yuridik firmasining Toshkent filiali bilan TDYU talabalarining amaliyotini tashkil etish, qo‘shma loyihalar, seminar va treninglarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
PF–232-son Farmon professor-o‘qituvchilar va doktorantlarning professional amaliyot bilan muntazam aloqasini ham nazarda tutadi. Tegishliligiga ko‘ra sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlarida haftada kamida bir marotaba stajirovka o‘tash, amaliy muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish orqali ilmiy tadqiqotlarning empirik bazasini mustahkamlash vazifasi belgilangan. Bu jarayon huquqni qo‘llash amaliyotidagi tizimli muammolarni ilmiy tadqiqot predmetiga aylantirish imkonini beradi.
Farmondagi maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, TDYU tomonidan boshqa tashkilotlar ishlab chiqqan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ilmiy ko‘rib chiqish sonini 2030-yilda 80 taga, amaliyotga joriy qilingan ilmiy takliflarni 70 taga, Scopus bazasida indeksatsiyalangan ilmiy maqolalarni 130 taga yetkazish nazarda tutilgan. Bu ko‘rsatkichlar huquqshunoslik fanining natijadorligini ilmiy nashrlar bilan bir qatorda huquqni qo‘llash amaliyotiga ta’siri orqali baholash imkonini beradi.
Universitetda tashkil etilgan Tadqiqot markazlari ham mazkur yo‘nalishda faoliyat olib bormoqda. TDYU Tadqiqot markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman instituti o‘rtasida inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini ilmiy-amaliy o‘rganish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Ombudsman faoliyatidagi murojaatlar, monitoringlar va o‘rganishlar natijasida aniqlangan muammolar ilmiy tadqiqotlar uchun muhim empirik material sifatida xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori universitetning ilmiy va amaliy faoliyatini mahallalardagi real kriminogen vaziyat bilan bog‘lash uchun muhim huquqiy asos yaratdi.
PQ–1-son qarorda har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir qiluvchi omillar bo‘yicha har choraklik manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, oila-turmush munosabatlari, ayollar va yoshlar jinoyatchiligini “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida o‘rganish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini profilaktika sohasiga joriy etish vazifalari belgilangan. Uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalarni huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga biriktirish tartibi ham joriy etilgan.
PQ–1 ijrosi doirasida TDYU tomonidan jinoyatchilikning 12 turi bo‘yicha ilmiy-tahliliy materiallar va kriminologik metodikalar ishlab chiqildi. Tadqiqotlarda kiberjinoyatchilik, narkojinoyatlar, uyushgan jinoyatchilik, yashirin iqtisodiyot bilan bog‘liq jinoyatlar, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘irlik, bezorilik, firibgarlik, talonchilik va tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar o‘rganildi. Jinoyatchilik tendensiyalari, kriminogen omillar, hududiy muammolar va ularning sabablari tahlil qilinib, profilaktika choralarini takomillashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini rivojlantirish hamda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Tadqiqotlar joylardagi amaliy o‘rganishlar bilan davom ettirildi. Universitet jamoasi Sirdaryo viloyatidagi 10 ta mahallada kriminogen vaziyatni o‘rganish ishlarini olib bordi. Toshkent shahrida Yakkasaroy tumanidagi 21 ta mahalla, Sergeli tumanidagi 46 ta mahalla faoliyati bilan bog‘liq profilaktika subyektlari uchun huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining kibermadaniyatini oshirish, ijtimoiy muammolarni aniqlash va aholi bilan samarali muloqot qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
TDYU Yuridik klinikasi tomonidan Yashnobod tumanidagi “Boyqo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor qabul o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi va huquqiy maslahatlar berildi. Talabalar uchun bunday faoliyat murojaatni huquqiy jihatdan tahlil qilish, tegishli qonunchilikni aniqlash, huquqiy maslahat berish va real vaziyat bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
PQ–1 ijrosi TDYU talabalarining amaliy tayyorgarligida ham o‘z aksini topmoqda. Ommaviy huquq fakultetining 4-kurs talabalari bitiruv malakaviy amaliyotini mahallalarda o‘tashi, aholi bilan muloqot qilishi, huquqiy targ‘ibot va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tadbirlarda qatnashishi yo‘lga qo‘yildi. Talaba shu jarayonda jinoyat huquqi, kriminologiya, ma’muriy huquq va boshqa fanlarda olingan bilimlarni real ijtimoiy-huquqiy munosabatlar bilan bog‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
PF–232-son Farmon doirasida raqamli transformatsiyaga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026/2027-o‘quv yilidan TDYUda “Raqamli huquq” (Digital Law) xalqaro ta’lim yo‘nalishi joriy etildi. Mazkur yo‘nalishga qabul xalqaro standartlarga muvofiq IQ-test asosida amalga oshirilishi, ta’lim jarayoniga xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb qilinishi va zamonaviy raqamli huquqiy kompetensiyalar shakllantirilishi belgilangan. 2026-yilda ushbu yo‘nalish bo‘yicha qabul jarayonlari amalda tashkil etildi.
Farmonda elektron ta’lim platformalari, sun’iy intellekt asosida bilimni baholash, AI-tyutorlik, virtual sud va tergov jarayonlarini simulyatsiya qilish hamda LegalTech loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha vazifalar ham mavjud. Maqsadli ko‘rsatkichlarga ko‘ra, sun’iy intellekt yordamida baholanadigan o‘quv modullari ulushini 2030-yilda 90 foizga yetkazish nazarda tutilgan.
Yuridik ta’limni raqamlashtirish PQ–1 doirasidagi profilaktika vazifalari bilan ham bog‘liq. Kiberjinoyatchilik, raqamli firibgarlik, elektron dalillar va shaxsga doir ma’lumotlar bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar zamonaviy huquqshunosdan yangi bilim va ko‘nikmalarni talab qiladi. PQ–1da huquqbuzarliklar profilaktikasiga sun’iy intellekt va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish vazifasining belgilanishi ushbu yo‘nalishning amaliy ahamiyatini yanada oshiradi.
PF–232 universitet boshqaruviga professor-o‘qituvchilarni keng jalb qilishga qaratilgan Professorlar kengashi — Senate of Professors institutini ham nazarda tutdi. 2026-yilda TDYUda mazkur kengashni saylov asosida shakllantirish bo‘yicha tashkiliy jarayonlar amalga oshirildi. Bu mexanizm universitet boshqaruvida akademik jamoaning professional fikri va ilmiy salohiyatidan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
PF–232 va PQ–1 ijrosini birgalikda tahlil qilganda TDYU faoliyatida yagona ilmiy-amaliy tizim shakllanayotganini ko‘rish mumkin. Talaba professional muhitda amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi, professor-o‘qituvchi va tadqiqotchi huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni o‘rganadi, ilmiy tahlil asosida takliflar ishlab chiqiladi, ularning natijalari o‘quv dasturlari va amaliy faoliyatga kiritiladi.
Kelgusi bosqichda ushbu ishlarning natijadorligini muntazam o‘lchash muhim ahamiyat kasb etadi. Ilmiy tavsiyalarning qanchasi amaliyotga joriy qilindi, hududiy kriminogen vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatdi, amaliyot materiallari asosida qaysi o‘quv modullari takomillashtirildi, talabalar tayyorgarligi ish beruvchilar tomonidan qanday baholandi — shu kabi mezonlar amalga oshirilayotgan islohotlarning real samaradorligini ko‘rsatadi.
PF–232-son Farmonda 2030-yilgacha 300 ta amaliyot hamkori, amaliyot asosida yangilanadigan modullarning 100 foizlik ulushi, ta’limga jalb qilinadigan 250 nafar amaliyotchi, ish beruvchilar tomonidan ijobiy baholanadigan bitiruvchilarning 90 foizlik ulushi, 70 ta amaliyotga joriy etilgan ilmiy taklif va 130 ta Scopus maqolasi kabi aniq ko‘rsatkichlarning belgilanishi yuridik ta’lim va ilm-fan rivojini obyektiv mezonlar asosida baholash imkoniyatini yaratadi.
TDYUda amalga oshirilayotgan ishlar yuridik ta’lim, ilmiy tadqiqot va huquqni qo‘llash amaliyoti o‘rtasidagi aloqani kuchaytirishga xizmat qilmoqda. PF–232da belgilangan “ta’lim – tadqiqot – amaliyot” integratsiyasi hamda PQ–1dagi “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyilining izchil qo‘llanishi professional yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarning amaliy ahamiyatini kuchaytirish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ilmiy asoslarda rivojlantirish uchun muhim institutsional asos yaratmoqda.
Dastan Baltaniyazov,
Toshkent davlat yuridik universiteti