Iqtisodiyot ilmiy g‘oyaga tayanadi
So‘nggi ikki yilda Qarshi davlat texnika universitetida kechayotgan o‘zgarishlarga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqat yanada oydinlashadi: bu yerda oddiy ta’lim muassasasi emas, balki muhandislik tafakkurini shakllantirishga qaratilgan yangi maktab barpo etilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan universitet qisqa vaqt ichida nafaqat tashkiliy tuzilmasini shakllantirdi, balki rivojlanishning aniq strategiyasini ham belgilab oldi. Bu strategiyaning markazida esa bitta g‘oya turadi: ilm iqtisodiyotga xizmat qilishi kerak.
Shuning uchun bugun universitet auditoriyalarida faqat dars o‘tilmayapti. Bu yerda ertangi energetika tizimi muhokama qilinmoqda. Sun’iy intellektning yangi algoritmlari yaratilmoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ustida tadqiqotlar olib borilmoqda. Karbon chiqindilarini kamaytirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, neft-gazni chuqur qayta ishlash kabi masalalar yosh olimlarning kundalik izlanishlariga aylangan.
Bugun universitetda yuzlab yosh tadqiqotchilar faoliyat yuritadi. Laboratoriyalarda esa yangi g‘oyalar sinovdan o‘tmoqda. Yana bir muhim jihat, bu g‘oyalar faqat O‘zbekiston uchun emas. Ularning aksariyati xalqaro hamkorlik asosida amalga oshirilmoqda. Xitoy, Italiya, Turkiya, Ozarbayjon va boshqa mamlakatlar olimlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ilm-fanning chegara bilmasligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Yaqin yillarda universitetda yuz bergan o‘zgarishlar ko‘lamini faqat raqamlar orqali ham tasavvur qilish mumkin. Biroq bu raqamlarning har biri ortida uzluksiz jarayon, katta mehnat va alohida natija bor. Masalan, bugun universitetda 274 yosh olim — tayanch doktorant, doktorant va mustaqil izlanuvchi ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Bu ertangi kun professorlari, yangi texnologiyalar mualliflari va mamlakat sanoatining ilmiy tayanchi bo‘ladigan avlod shakllanayotganini anglatadi.
Universitetda faoliyat yuritayotgan 810 professor-o‘qituvchining asosiy qismi ilmiy darajaga ega. Ilmiy salohiyatning 48,6 foizga yetgani qisqa vaqt uchun muhim natija hisoblanadi.
Ilmiy natijaning eng muhim ko‘rsatkichi esa xalqaro ilmiy maydondagi faollikdir. 2026-yilning yarim yilligida universitet olimlari tomonidan 985 ta xalqaro ilmiy maqola chop etildi. Bu deyarli har kuni besh-oltitadan ilmiy ish xalqaro ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi deganidir. Agar shu sur’at saqlansa, bir yilda ikki mingga yaqin ilmiy maqola yaratiladi. Bu esa nafaqat universitet, balki butun mintaqa ilmiy salohiyati o‘sib borayotganining muhim belgisidir.
Ayniqsa, “Scopus”ning Q1 va Q2 kvartilli jurnallarida qisqa davrda 94 ta maqola chop etilgani alohida e’tiborga loyiq. Chunki bunday jurnallarga yuborilgan maqolalar xalqaro ekspertlar tomonidan puxta tekshiriladi, tadqiqotning ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati baholanadi. Demak, Qarshi davlat texnika universitetida yaratilayotgan ilmiy g‘oyalar nafaqat mamlakat, balki xalqaro ilmiy hamjamiyat talablariga ham javob bermoqda.
Bu yerda muhim jihat bor. Ilm-fanning haqiqiy qiymati maqolalar soni bilan emas, uning iqtisodiyotga qay darajada xizmat qilishi bilan belgilanadi. Shu ma’noda, universitetda amalga oshirilayotgan 8 ta davlat granti loyihasiga alohida to‘xtalish lozim. Qariyb 10 milliard so‘mlik bu loyihalar dolzarb sohalarga yo‘naltirilgan. Bugun dunyo geotermal energiya, sun’iy intellekt, energiya tejovchi texnologiyalar, karbonat angidridni qayta ishlash, biogaz qurilmalari kabi masalalar yechimi ustida bosh qotirmoqda. Demak, universitet olimlari ham ushbu global muammolarning mahalliy yechimlarini izlamoqda. Yana bir e’tiborli holat — universitet olimlari tomonidan xalqaro tanlovlarga taqdim etilgan 24 ta loyihaning umumiy qiymati qariyb 40 milliard so‘mni tashkil etadi. Bu loyihalar universitetning ilmiy salohiyati yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘ladi.
Bugun universitet faqat ilm yaratmayapti, uni iqtisodiyotga ham olib kirmoqda. Buning yorqin misoli sifatida “Energo Control Lab” spin-off korxonasi faoliyatini keltirish mumkin.
Gap diplomda emas...
Har yili minglab yoshlar universitetni tamomlaydi. Ammo ularning hammasi ham mehnat bozoridagi “Sen nima qila olasan?” degan savolga javob beradimi? Shunisi muhim. Universitetimizda ana shu haqiqatdan kelib chiqib, bakalavriat va magistratura dasturlari ish beruvchilar, yirik sanoat korxonalari hamda xorijiy universitetlar tajribasi asosida qayta tahlil qilindi. Natija nima bo‘ldi? 2026/2027 o‘quv yili uchun 9 ta yangi bakalavriat va 8 ta yangi magistratura mutaxassisligi ochildi. Bir qarashda bu ham oddiy raqamdek. Lekin har bir yangi ta’lim yo‘nalishi ortida yangi mehnat bozori, yangi texnologiya va yangi iqtisodiy ehtiyoj turibdi. Bugun universitet kasb o‘rgatmayapti. U hali paydo bo‘lib ulgurmagan kasblarga ham kadr tayyorlashni boshlamoqda.
Universitet tarixida birinchi marta 45 ta yo‘nalish bo‘yicha kechki ta’lim, 13 ta yo‘nalish bo‘yicha esa masofaviy ta’lim, 83 ta bakalavriat va 64 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilgan. O‘quv rejadagi 234 ta fan dunyoning TOP-300 universitetlari dasturlari asosida qayta ishlangan. Buning ortida katta ma’no bor. Sababi, bugun raqobat universitetlar o‘rtasida emas, dasturlar o‘rtasida kechmoqda. Talaba Samarqandda, Qarshida yoki Berlinda o‘qimaydimi, avvalo, uning bilim darajasi xalqaro mezonga yaqinlashishi kerak. Shuning uchun o‘quv dasturlari o‘zgarishi lozim. Qarshi davlat texnika universitetida aynan shu yo‘l tanlangan.
Universitetimizning 3 ta magistratura va 2 bakalavr ta’lim yo‘nalishi Germaniyaning ASIIN kompaniyasida xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endi talabaning diplomiga qo‘shib xalqaro akkreditatsiya sertifikatini ham beramiz. Demak, bitiruvchining qo‘lida universitet diplomi, muhandislikka oid xalqaro sertifikat, til bilish bo‘yicha yana bir sertifikati bo‘lsa, u ishsiz qolmaydi. Nafaqat O‘zbekistonda, balki chet elda ham o‘ziga munosib, serdaromad ishni oson topa oladi.
Korxonadagi “auditoriya”
Ko‘p yillar davomida ta’limning eng og‘riqli nuqtasi bitiruvchining amaliy ko‘nikmaga ega emasligi edi. U diplom olardi, lekin ish beruvchi uni yana qayta o‘qitardi. Oqibatda ham vaqt, ham mablag‘ yo‘qotilardi. Bugun esa vaziyat o‘zgarmoqda. Masalan, Qarshi davlat texnika universitetida 10 dan ortiq yirik sanoat korxonasi bilan hamkorlikda 15 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bugun “TAT COLA”, “Indorama Agro”, “Uzbekistan GTL”, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ, Dehqonobod kaliy zavodi, “O‘zbektelekom” singari korxona va tashkilotlar bilan bu borada manfaatli hamkorlik o‘rnatilgan. Demak, talaba endi ishlab chiqarishni kitobdan emas, zavodning o‘zida o‘rganyapti. Muhandislikni chizmada emas, haqiqiy uskuna oldida o‘zlashtiryapti. Bu esa diplom bilan ish joyi o‘rtasidagi masofani sezilarli qisqartirmoqda. 200 dan ziyod talabaning dual ta’lim asosida tahsil olayotgani ana shu hamkorlikning amaldagi ifodasidir.
Amaliyot uchun haq to‘lash ham muhim yangiliklardan biri. “Indorama Agro”da amaliyot o‘tagan 30 talaba o‘z ko‘nikmalarini oshirish bilan birga har biri 3 million 524 ming so‘mdan maosh oldi. Bu yerda mablag‘ning o‘zi muhim emas. Muhimi, mehnat qadrlana boshladi. Talaba endi amaliyotni majburiyat deb emas, birinchi ish joyi sifatida qabul qilmoqda. Bu esa mehnat bozori psixologiyasini o‘zgartiruvchi asosiy qadamdir.
“Yo‘l qursangiz, o‘n yillikka xizmat qiladi. Insonga sarmoya kiritsangiz, yuz yillikka” degan ibora bor. Bu fikrning amaliy ifodasini “Kelajakka qadam” dasturida ham ko‘rish mumkin.
Bir yil avval ushbu dasturdan 84 talabamiz foydalangan bo‘lsa, yakunlangan o‘quv yilida ularning soni 254 nafarga yetdi. Demak, bir yil ichida o‘sish qariyb uch baravar bo‘ldi. Kreditlar hajmi ham 4,5 milliard so‘mdan 6,8 milliard so‘mgacha oshdi. 338 talabaning biznes loyihasi uchun 11 milliard 428 million so‘m ajratildi.
Mehnat bozorining talabi
Xorijiy universitetlar va kompaniyalar bilan hamkorlik faqat memorandum imzolash bilan cheklansa, barchasi qog‘ozlarda qolib ketaveradi. Universitet faoliyatiga nazar tashlasak, imzolangan har bir kelishuvni amaliyot bilan boyitishga intilish ko‘zga tashlanadi. Agar 2025-yil yakuniga qadar 20 ga yaqin xorijiy universitet bilan hamkorlik o‘rnatilgan bo‘lsa, bugun ularning soni 25 taga yetdi. Eng muhimi, bu aloqalar talabalar almashinuvi, qo‘shma tadqiqotlar, akademik mobillik va ilmiy anjumanlar orqali mazmun kasb etmoqda.
Zamonaviy universitetni auditoriyaga taklif etilgan olimlarsiz tasavvur qilish qiyin. Joriy yilning dastlabki olti oyida Polsha, Vengriya, Belarus, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Malayziya, Qozog‘iston kabi davlatlardan 68 dan ortiq professor va mutaxassis universitetimizga tashrif buyurdi. Xalqaro tajriba faqat chet ellik olimlarni taklif qilish bilan cheklanmaydi. Universitet professor-o‘qituvchilari ham xorijga chiqib, ilg‘or tajribani o‘rganmoqda. Bu yilning o‘zida 93 professor-o‘qituvchi va rahbar xodim Germaniya, Ispaniya, Polsha, Vengriya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlarda malaka oshirdi. Buning natijasi auditoriyalarda yangi pedagogik yondashuvlar, zamonaviy laboratoriyalardan samarali foydalanish va xalqaro talablarga mos o‘qitish usullarida namoyon bo‘lmoqda.
Har qanday universitet uchun xalqaro reytinglarda munosib o‘rin egallash faqat nufuz masalasi emas. Bu ta’lim sifati, ilmiy salohiyat va boshqaruv tizimining bahosidir. Shu nuqtayi nazardan, Qarshi davlat texnika universitetining “Times Higher Education Impact Rankings” reytingida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha baholanib, dunyo universitetlari orasida 1500+ toifasidan o‘rin olgani e’tiborga molik. Bu hali eng yuqori cho‘qqi emas, ammo to‘g‘ri yo‘nalish tanlanganining muhim belgisidir. Yaqinda Yevropa Komissiyasi Erasmus+ dasturining 2026-yilgi “Erasmus Mundus Joint Masters” (EMJM) tanlovi natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Qarshi davlat texnika universiteti joriy yilda “Erasmus Mundus” qo‘shma magistrlik dasturi asosida moliyalashtirish uchun tanlab olingan universitetlardan biri bo‘ldi.
Bugungi talaba ertangi kunda nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatlasha olishi lozim. Shu bois, akademik mobillik dasturlarining ahamiyati yil sayin ortib bormoqda. 2025/2026 o‘quv yilida 11 talaba Erasmus+ KA171, Slovakiya milliy stipendiya dasturi hamda Janubiy Koreya va Xitoy grantlari orqali xorijda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlikning yana bir muhim jihati shundaki, u faqat auditoriya devorlari ichida qolib ketmayapti. Malayziyaning Petronas texnika universiteti bilan hamkorlikdagi “Salom, Qarshi!” loyihasi doirasida talabalar tomonidan Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasida quyosh panellari va quyosh energiyasida ishlovchi suv nasoslari o‘rnatildi. Ilm-fanning haqiqiy qadri ham odamlar hayotini yengillashtirish, jamiyatga amaliy foyda keltirishdir.
Albatta, xalqaro darajaga chiqish moliyaviy qo‘llab-quvvatlashsiz bo‘lmaydi. Erasmus+ HEMUA loyihasi doirasida jalb qilingan 32 ming dollardan ortiq grant mablag‘lari va Germaniyaning “Prosica” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan 100 ming dollarlik zamonaviy Smart panellar universitet moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu kabi investitsiyalar inson kapitaliga kiritilgan sarmoya hisoblanadi.
E’tiborli tomoni universitetning bitiruvchini faqat diplom bilan emas, kasbiy tajriba bilan ham ta’minlashga intilayotganidir. “Work and Travel” dasturi orqali 105 talabaning Bolgariyada ishlab, xalqaro mehnat muhitini ko‘rishi yoki Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan markaz orqali minglab yoshlarni chet tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish rejasi buning amaliy isboti. Bugun mehnat bozori aynan shunday ko‘nikmalarni talab qilmoqda.
Ma’naviyatli kitobxon yoshlar
Qarshi davlat texnika universitetida amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlasangiz, bir muhim jihatga guvoh bo‘lasiz: bu yerda faqat diplom emas, dunyoqarash ham shakllantirilmoqda.
Bugun universitetda o‘ndan ortiq to‘garak faoliyat yuritmoqda. Muhandislik ilmiy-ishlab chiqarish markazi (Fab-lab)dagi robototexnika, sun’iy intellekt, dizayn, elektr payvandlash, arxitektura singari to‘garaklar yoshlar kasbiy mahoratini oshirish uchun tashkil etilgan bo‘lsa-da, aslida, ularning vazifasi bundan ancha keng. Chunki har qanday iqtidor, avvalo, qiziqishdan boshlanadi. To‘garaklar esa aynan shu qiziqishni kashfiyotga aylantiradigan ijodiy maydon.
Bugun robot yasagan talaba ertaga yangi texnologiya muallifiga aylanishi, kechagina Fab-lab ustaxonasida birinchi tajribasini o‘tkazgan yosh muhandis ertaga o‘z korxonasini tashkil qilishi mumkin. Universitet ana shu imkoniyat eshigini ochib bermoqda.
Kitob o‘qigan muhandis bilan faqat formula yodlagan muhandisning tafakkuri o‘rtasida katta farq bor. Shu bois, universitetda “Bir oyda bir kitob”, “Asardan iqtibos” kabi loyihalarning muntazam o‘tkazilayotgani tasodif emas. Bu tanlovlar fikrni shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Sportdagi natijalar ham o‘ziga xos. Birgina 2025/2026 o‘quv yilida universitet talabalari turli musobaqalarda qiymati 400 million so‘mdan ortiq mukofotlarni qo‘lga kiritdi. Bu mablag‘ning o‘zi emas, uning ortidagi mehnat qadrli. Chunki har bir medal ortida yuzlab mashg‘ulotlar, minglab soatlik mashaqqat bor.
Muhandislik ham xuddi shunday. Katta ixtiro bir kunda tug‘ilmaydi. Uning ortida, sabr, intizom va mehnat yotadi. Shu ma’noda sport auditoriyada shakllanmaydigan fazilatlarni tarbiyalaydi.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida bir guruh talabalar obodonlashtirish ishlarida qatnashmoqda. Yana bir qismi mahallalarda yoshlar bilan ishlamoqda. Kimdir ekologik aksiyalarda ishtirok etmoqda. 300 dan ortiq volontyor talaba mahallalarda kiberjinoyatchilikka qarshi targ‘ibot ishlarida qatnashdi.
Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasida amalga oshirilgan ishlar esa universitet faoliyatining yana bir muhim qirrasini ochib beradi.
Odatda olimlar muammoni o‘rganadi. Bu yerda esa ular muammoni hal qilishga kirishdi. Mahalladagi imkoniyatlar ilmiy asosda tahlil qilindi. Aholiga daromad manbalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Natija esa raqamlarda aks etdi. Qisqa vaqt ichida mahalladagi kambag‘allik darajasi 9 foizdan 4 foizgacha kamaydi. Ayni damda tumanning Dasht mahallasida ana shunday xayrli ishlar davom ettirilmoqda.
Zamon tez o‘zgarmoqda. Bugun universitet tanlayotgan yoshlar aslida o‘z kelajagini tanlamoqda. Shu ma’noda, Qarshi davlat texnika universitetidagi islohotlar nafaqat ta’lim muassasasi nufuzini oshirishga, balki yoshlarning orzulariga keng yo‘l ochishga xizmat qilmoqda. Universitetning bugungi qadamlari uning ertangi xalqaro mavqeini belgilashi shubhasiz. Zero, orzularga eltuvchi eng ishonchli maskan dunyo bilan hamnafas yashaydigan, ilm-fan va innovatsiyani o‘z taraqqiyotining asosiga aylantirgan zamonaviy universitetdir.
Sherzod NЕ’MATOV,
Qarshi davlat texnika universiteti rektori