Bu bo‘yicha Toshkent shahar Kengashining 2026 yil 17 sentyabrdagi qarori bilan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning mazkur loyiha konsepsiyasi ma’qullangan.

Loyihaning umumiy qiymati 157,059 mln yevroni tashkil etadi. Shundan 123,5 mln yevro Yevropa investitsiya banki krediti hisobidan moliyalashtiriladi. Kreditni so‘ndirish muddati 24 yil etib belgilangan.

Asosiy investitsiya xarajatlarining o‘zi 141,5643 mln yevroni tashkil etib, uning 123,5 mln yevrosi 10 ta elektropoyezdni xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Yangi poyezdlar qayerlarda harakatlanadi?

Loyiha doirasida to‘rt vagonli 10 ta ŠKODA 25Ev elektropoyezdi xarid qilinishi ko‘zda tutilgan. Ular O‘zbekistondagi eng talab yuqori bo‘lgan shahar atrofi yo‘nalishlarida ishlatiladi.

Rejalashtirilgan taqsimot quyidagicha:

  • Toshkent — Chirchiq — Xo‘jakent — Chinorkent — 1 ta;
  • Toshkent — Yangiyo‘l — Chinoz — Sirdaryo — Guliston — Yangiyer — Xovos — Bekobod — 1 ta;
  • Toshkent — Nurafshon — Ohangaron — Angren — 2 ta;
  • Toshkent — Keles — 1 ta;
  • Qo‘qon — Pop — Namangan — Andijon — Marg‘ilon — Qo‘qon halqa yo‘nalishi — 3 ta;
  • Samarqand — Buxoro — 1 ta;
  • Samarqand — Qarshi — Shahrisabz — 1 ta.

Yo‘lovchilar uchun qanday o‘zgarish bo‘ladi?

Hujjatda qayd etilishicha, yangi poyezdlar eskirgan ER9E tarkiblariga nisbatan ko‘proq yo‘lovchi qabul qiladi. Yangi poyezdda 432 ta o‘tirish o‘rni bo‘ladi.

Shuningdek, poyezdlarda iqlim nazorati, USB quvvatlash rozetkalari, LED axborot displeylari, videokuzatuv va avtomatik yong‘in signalizatsiyasi bo‘ladi. Harakati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham maxsus joylar va panduslar ko‘zda tutilgan.

Texnik hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi elektropoyezdlar ayrim yo‘nalishlarda safar vaqtini 10–15 foizgacha qisqartirishi mumkin.

Masalan, hujjatda Toshkent — Keles yo‘nalishida yangi poyezd bilan safar vaqti 25–30 daqiqa, Toshkent — Chirchiq — Chinorkent yo‘nalishida 55–60 daqiqa, Toshkent — Bekobod yo‘nalishida esa 2 soat 30 daqiqa — 2 soat 45 daqiqa bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Shahar atrofi poyezdlari soni ham oshiriladi

Hujjatda keltirilishicha, 2025 yilda shahar atrofi temir yo‘l transportida 10,5 mln yo‘lovchi tashilgan. 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 23,5 mln yo‘lovchiga yetkazish maqsad qilingan.

Shuningdek, elektropoyezdlar harakati yo‘nalishlarini 40 tadan 53 taga oshirish rejalashtirilgan.

Yangi poyezdlar hisobiga tashish quvvatini kamida 20 foizga oshirish, ayrim eng yuklangan yo‘nalishlarda qatnovlar chastotasini kuniga 2–3 juftdan 4–5 juftgacha ko‘paytirish imkoni yaratilishi kutilmoqda.

Loyiha doirasida mashinistlar, ularning yordamchilari hamda yangi poyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi muhandis-texnik xodimlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.