«Yangi suv kun tartibi: global suv bankrotligi davriga kirish» sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari Timur Butunbaev maʼruza bilan ishtirok etdi.
U Oʻzbekiston dunyoda suv tanqisligi yuqori boʻlgan mintaqalardan birida joylashganiga qaramay, soʻnggi yillarda koʻrilgan choralar salbiy tendensiyalarni oʻzgartirish mumkinligini koʻrsatayotganini taʼkidladi.
Xususan, 2026 yilda Oʻzbekiston, Xitoy, San-Tome va Prinsipi BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 6-koʻrsatkichi boʻyicha sezilarli yutuqlarga erishgan davlatlar sifatida eʼtirof etildi. Oʻzbekistonda suv stressi koʻrsatkichi 2017 yildagi 169 foizdan 2022 yilda 122 foizgacha pasaygan. 2030 yilga borib uni 95 foizga tushirish maqsad qilingan.
Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda ham katta oʻsish qayd etilgan. 2017 yilda bunday texnologiyalar sugʻoriladigan yerlarning 1 foizdan ham kam qismini qamrab olgan boʻlsa, bugun ular 2,6 million gektar — sugʻoriladigan maydonlarning 60 foizdan ortigʻida qoʻllanilmoqda.
Amalga oshirilayotgan choralar hisobiga hozirning oʻzida yiliga 11 milliard kub metr suv tejalmoqda. 2030 yilga kelib bu koʻrsatkichni 15 milliard kub metrga yetkazish rejalashtirilgan.
Butunjahon suv haftaligining «BMTning 2026 yilgi Suv konferensiyasi: kelajak barpo etiladigan makon» sessiyasida ham Timur Butunbaev Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi.
Suv masalasi mamlakatda kompleks boshqaruv, barqaror moliyalashtirish, zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va malakali kadrlar tayyorlashni birlashtirgan strategik ustuvor yoʻnalishga aylangani taʼkidlandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonning mintaqaviy suv hamkorligi va suv diplomatiyasini rivojlantirish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlari xalqaro maydonda taqdim etildi.