Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, Amudaryo Tojikiston va Afgʻoniston hududlaridagi togʻlardan boshlanuvchi Panj va Vaxsh daryolarining qoʻshilishidan hosil boʻladi. Kofarnihon daryosi ham Amudaryoning yirik irmoqlaridan biri hisoblanadi.

Amudaryo havzasining yuqori qismida, Tojikiston hududidagi Vaxsh daryosida Nurek suv ombori joylashgan. 2026 yil 9 oktyabr holatiga koʻra, suv omboriga soniyasiga 408 kub metr suv kirib kelmoqda, undan chiqarilayotgan suv miqdori esa soniyasiga 320 kub metrni tashkil etmoqda. Suv omboridagi suv hajmi 10 milliard 540 million kub metrga teng.

Amudaryoning Oʻzbekiston hududiga kirib keladigan qismidagi suv sathi Termiz gidropostida kuzatiladi. 2026 yil 9 oktyabr kuni ushbu gidropostda suv sathi 239 santimetrni tashkil etgan. Bu 2025 yilning shu davriga nisbatan 27 santimetr yuqori.

Shuningdek, Kerki gidropostida suv sarfi soniyasiga 499 kub metrni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan soniyasiga 63 kub metrga kam.

Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati taʼkidlashicha, keltirilgan gidrologik koʻrsatkichlar Amudaryoda suv oqimi saqlanib qolayotganini koʻrsatadi.

Qayd etilishicha, sentabr–oktyabr oylarida daryolarda suv sarfi va sathining pasayishi mavsumiy gidrologik jarayon hisoblanadi. Vegetatsiya mavsumi yakunlanishi munosabati bilan suv omborlarida keyingi mavsum ehtiyojlari uchun suv zaxiralari toʻplanmoqda.