Mazkur lavozimga Moskva shahridagi Imom Muhammad al-Buxoriy nomidagi musulmonlar diniy tashkiloti raisi, shuningdek, ushbu tashkilot huzuridagi “Imom al-Buxoriy” madrasasi mudiri Umidbek Mamtaliyev tayinlandi.
Endilikda Diniy idora vakili Rossiyadagi vatandoshlarning diniy-maʼrifiy ehtiyojlarini taʼminlash, ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish hamda ikki davlat o‘rtasidagi diniy-maʼrifiy hamkorlikni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
Maʼlumot uchun, Umidbek Mamtaliyev O‘zbekistonda tug‘ilib, taʼlim olgan. U Moskvadagi “Al-Fatiha” madrasasi va Moskva Islom institutida tahsil olgan.
Shuningdek, u Moskva shahridagi “Istoricheskiy mechet” diniy tashkiloti va Domodedovo tumanidagi masjidlarda imomlik qilgan. Keyinchalik esa Moskvada “Imom Muhammad al-Buxoriy” nomli diniy tashkilotga asos solgan.
Hozirgi kunda mazkur markazda 300 nafardan ortiq oflayn va 2 mingdan ziyod onlayn tinglovchi taʼlim olmoqda.