Bu haqda Oʻzbekiston Transport vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd etilishcha, Transport vazirligi delegatsiyasining Qozogʻistonga tashrifi davomida delegatsiya vakillari Qozogʻistonning transchegaraviy transport-logistika infratuzilmasi bilan tanishdi. Jumladan, Oltinkoʻl temir yoʻl stansiyasi, “Kedentransservis” AJ terminali, “KTZE-Khorgos Gateway” quruq porti, “Xorgos — Sharqiy darvoza” maxsus iqtisodiy zonasi hamda “Xorgos” xalqaro chegaraoldi hamkorlik markazi faoliyati oʻrganildi.

Muzokaralarda Xitoy — Qozogʻiston — Markaziy Osiyo yoʻnalishida yuk oqimlarining uzluksizligini taʼminlash, konteyner tashuvlarini kengaytirish, multimodal transport koridorlarini rivojlantirish va logistika yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Tashrifning asosiy natijalaridan biri — “Kedentransservis” AJning Oltinkoʻl stansiyasida Qozogʻiston tomoni bilan qoʻshma korxona tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgani boʻldi.

Shu tariqa, Oʻzbekiston va Qozogʻiston transport-logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy qadamni belgiladi.