Bu haqda Oʻzgidromet xabar qildi.

Qayd etilishicha, 24–28-avgust kunlari kunduzlari havo harorati 32–35 daraja atrofida boʻladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat 35–38 darajaga, janubda esa 39–40 darajagacha koʻtariladi.

Kechalari havo harorati asosan 18–23 daraja boʻlishi kutilmoqda.

24–28-avgust kunlari respublika hududida havo biroz bulutli, ayrim joylarda oʻzgaruvchan bulutli boʻladi. Faqat bugun Toshkent va Fargʻona viloyatlarining ayrim togʻli hududlarida qisqa muddatli yomgʻir yogʻishi va momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

Shamol 7–12 m/s tezlikda esadi. 24-avgust kuni ayrim joylarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayib, chang-toʻzon kuzatilishi mumkin.

Toshkentda 24–26-avgust kunlari kunduzgi harorat 32–35 daraja, 27–28-avgustda 35–37 daraja boʻladi. Kechalari havo harorati 18–21 daraja atrofida saqlanadi.

Poytaxtda yogʻingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 m/s tezlikda esadi, 24-avgustda 11–14 m/s gacha kuchayishi va ayrim joylarda chang-toʻzon kuzatilishi mumkin.