Hosilning asosiy qismi esa bugunga qadar asrlar davomida saqlanib kelayotgan anʼanaviy usul — urugʻ ekilganidan keyin uni suvga bostirib qoʻyish texnologiyasi orqali yetishtiriladi.
Bu taxminan 80-100 kun davomida sholi ekinining bir
qismi suvga botirilgan holda turadi, degani. Sholi yetishtirishda boshqa
ekinlarga nisbatan bir necha barobar koʻp suv talab qilinishi boisi shunda.
Oʻsimlik to pishib yetilguniga qadar bir gektariga 20 ming kub metrdan koʻproq
suv sarflanar ekan. Global suv tanqisligi ortib borayotgan hozirgi sharoitda
hatto ushbu jihat ham guruchga talabni kamaytirmayapti, aksincha, unga ehtiyoj
tobora ortmoqda.
Axir sholi yetishtirishni qisqartirib, odamlarning
guruch isteʼmolini cheklashning imkoni yoʻq. Shunchaki oʻsimlikni yetishtirish
davridagi suv sarfini kamaytirish choralarini koʻrish kerak. Dunyo olimlari bu
borada uzoq yillardan buyon tadqiqot oʻtkazadi. Keyingi yillarga kelib, ana
shunday tadqiqotlar asosida yangi va zamonaviy yechimlarning bir qanchasi
amaliyotda ommalashib boryapti. Masalan, sholini koʻchat usulida yetishtirish
ham suv sarfini qisman kamaytirayotgan ilgʻor texnologiyalardan. Ammo yaqinda
eshitganim yana bir usul sholi yetishtirishda haqiqiy yangilik ekani shubhasiz.
Gap suv yuzasida sholi yetishtirish haqida boryapti.
Jahon amaliyotida bu “suzuvchi sholi usuli” deb ham atalar ekan. Mamlakatimizda
ilk bor joriy yil aprelda xorij tajribasi asosida “suzuvchi sholi” usulida
sholi ekildi. Tajriba uchun yurtimizdagi bir qancha baliqchilik xoʻjaliklari
tanlab olindi.
Yangi tajriba haqida oʻqiganim hamon loyihani amalga
oshirayotgan Sholichilik ilmiy-tadqiqot institutiga yoʻl oldim. Nazarimda, suv
yuzasida sholi yetishtirish chinakam yangilik boʻlib, uning ommalashishi ham
yer maydonlari, ham suvni sezilarli darajada tejashga xizmat qiladi. Boshqa
jihatdan, yangi usulning qay tarzda qoʻllanayotgani, xalqaro amaliyotning
yurtimizga kirib kelishi sabablari ham qiziq.
— Mamlakatimizda ilm-fan rivoji, yangi texnologiyalarni
qoʻllashdagi saʼy-harakatlar qishloq xoʻjaligida yangicha yondashuvlarni joriy
etish orqali mahsulot yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qilyapti, — deydi
Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abdullo Mansurov. — Davlatimiz
rahbarining tegishli topshiriqlari bilan keyingi yillarda olimlarimiz yilda
ikki marta hosil olish, yotib qolishga chidamli, tezpishar, kam suv talab
qiladigan sholi navlarini yaratish, hosildorlikni oshirish kabi loyihalar
ustida faol ishlayapti. Oʻtgan yili noyabrda qishloq xoʻjaligi vaziri oldimizga
ayni yoʻnalishda innovatsiyalarni qoʻllash, xorij tajribasini kengroq oʻrganish
vazifasini qoʻydi. Shundan soʻng ilmiy xodimlarimiz jahondagi umumiy amaliyotni
oʻrganib, qator davlatlar tajribasini tahlil qildi. Jarayonda suv yuzasida
sholi yetishtirish texnologiyasi eʼtiborimizni tortdi. Mazkur amaliyot dunyo
boʻyicha yirik guruch yetishtiruvchi Xitoy, Malayziya, Vyetnam, Tailand kabi
mamlakatlarda yoʻlga qoʻyilgan. Bu usulda sholi odatdagidek tuproqli yerda
emas, balki tabiiy yoki sunʼiy koʻllar yuzasida yetishtiriladi. Mazkur
davlatlarda tabiiy koʻllar koʻpligi bois, sholi ana shu suv havzalari yuzasida
pishib yetiladi. Biz esa yurtimizdagi baliqchilik xoʻjaliklarida tajriba qilib
koʻrishga qaror qildik. Bu texnologiya Oʻzbekiston amaliyotida yangilik boʻlib,
natijasi oʻzimizga ham qiziq. Shu bois, innovatsion usulning amaliy natijalari
mutaxassislar tomonidan muntazam oʻrganib borilmoqda.
Poʻkaklar suvda soya vazifasini ham
bajaradi
Tajriba Fargʻona viloyati Yozyovon tumani, Namangan
viloyati Mingbuloq tumani hamda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq va Bekobod
tumanlaridagi bir qancha baliqchilik xoʻjaliklarida sinovdan oʻtkazilyapti.
Xususan, Quyi Chirchiq tumanidagi “TCT Fish Cluster” klasterining baliq
parvarishlanadigan havzalaridan bir gektari ajratilib, suv yuzasiga sholi
ekildi.
Bunda sholi urugʻi yoki koʻchatlari toʻgʻridan toʻgʻri
suvga solinmaydi. Avval ular maxsus tuvaklarga ekilib, soʻng har bir tuvak
turli kattalikdagi poʻkak (penoplast) lar orasiga oʻrnatiladi. Keyin bu
poʻkaklar suv yuzasiga qoʻyilib, bir uchi yerga bogʻlanadi. Poʻkak suvda
muntazam qalqib turgani uchun ham “suzuvchi sholi usuli”, deb taʼriflanadi.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, sholi ekiladigan
tuvak va penoplastlar Xitoydan olib kelingan. Ularning hajmi va oraliq
masofasi ham Xitoy texnologiyasi asosida tanlangan. Maxsus poʻkaklarning
uzunligi 120, kengligi 60 santimetr. Har birining ustiga 26 tadan tuvak oʻrnatilgan.
Tuvaklar hajmi 15 santimetr, qatorlari orasi esa 7 santimetr. Har bir tuvak
ichiga 20 kunlik tayyor sholi koʻchatlari yoki urugʻi solinib, 250 grammdan
tuproq va biogumus aralashmasi bilan toʻldirilgan. Bitta tuvakka 3-4 tadan
koʻchat ekilgan.
Tuvaklarning
suvga tegib turadigan tag qismi teshik boʻladi va oʻsimlik ildizi pastga
tushib, gidroponika usulida suvdan ozuqa oladi. To sholi pishib yetilguniga qadar
tuvaklar suv yuzasida shu holatda turadi. Qarabsizki, baliq boqiladigan sunʼiy
suv havzalarida bir vaqtning oʻzida sholi ham yetishtiriladi, unga ana shu
tayyor suvdan ortiqcha manba kerak boʻlmaydi. Suv zaxiralari tobora kamayib
ketayotgan hozirgi sharoitda bu guruch yetishtirishning eng tejamkor va
zamonaviy usuli ekanini aytayotganlaricha bor.
— Ushbu usul suvdan unumli foydalanish barobarida
organik mahsulot yetishtirish imkonini beradi, — deydi Abdullo Mansurov. —
Sababi, baliq uchun solinadigan ozuqa moddalari suv muhitida tabiiy oʻgʻit
vazifasini bajaradi. Shu bilan birga, baliqlarning sholi ildiz tizimi bilan
oʻzaro taʼsiri oʻsimlikning oʻsuvchanligini oshirib, hosildorlikka ijobiy
taʼsir koʻrsatadi. Natijada ekologik toza va yuqori sifatli mahsulot olinadi.
Baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlarining aytishicha, bu texnologiya baliqlarning
oʻsishi uchun ham foydali boʻlishi mumkin. Masalan, kun isib ketgan vaqtlari,
odatda, baliqlar soyaga oʻtib, oziqlanmay qoʻyarkan. Suv yuzasidagi sholi solingan
poʻkaklar esa baliqlarga soya berib turadi. Issiq paytlarda baliqlar ana shu soya
tagida oziqlanishda davom etadi. Umuman, xorij tajribasida mazkur usulning
salbiy jihatlari haqida gapirilmagan. Ammo biz bu boradagi ehtimollarni ham
oʻylaganmiz. Masalan, baʼzi baliq turlari sholining tuvak teshigidan
chiqadigan ildizini yeb qoʻyishi mumkin. Ammo bu xavfli emas. Chunki tuvak
ichida ham oʻsimlik ildizi boʻladi. Tashqaridagi ildizning qaytadan chiqishi
esa hosildorlikni yanada oshiradi.
Suv yuzasiga joylashtirilgan poʻkaklarning orasi zich
boʻlmaydi, 5-6 metr masofada ochiq qoldirilib, bir-biriga ulanadi. Aytaylik, 1
gektar baliq hovuzi boʻlsa, shundan 40-50 sotixini poʻkaklar egallaydi. Qolgan
qismi esa ochiq qoldiriladi. Chunki suv tagidagi baliqlar uchun yorugʻlik
cheklanib qolmasligi kerak. Shuning oʻzida ham yaxshigina miqdorda sholi
yetishtirish imkoniyati boʻladi.
Maʼlumotlarga koʻra, yurtimizda 176 ta baliqchilik
xoʻjaligi boʻlib, ularning umumiy maydoni 576 ming gektarni tashkil etadi.
Mamlakatimizdagi sholi maydoni esa 140 ming gektar. Mavjud yer maydonida hosil
yetishtirish davomida gektariga 20 ming kub metrdan ziyod suv sarflanar ekan.
Bu yer maydoniga nisbatan suv yuzasida sholi yetishtirish uchun imkoniyat
koʻproq ekanini koʻrsatadi. Birinchidan, yurtimizda birgina baliqchilik
xoʻjaliklaridagi maydonning oʻzi sholi yerlaridan toʻrt barobar katta.
Qolaversa, ularda sholi uchun qoʻshimcha suvga talab boʻlmaydi. Agar mavjud
baliqchilik xoʻjaliklarining 10-20 foizida sholi yetishtirilsa ham qancha suv
tejalishini tasavvur qilavering.
Sarf-xarajatlarga kelsak, suv yuzasida sholi
yetishtirilganda, birinchi yili nisbatan koʻproq xarajat talab etiladi.
Koʻchatdan tashqari, maxsus tuvak va poʻkaklarni sotib olishga toʻgʻri keladi.
Keyingi yillari esa ularga xarajat qilinmaydi. Chunki tuvak va poʻkaklardan 4-5
yil foydalanish mumkin. Bu mahsulotlar tajriba uchun Xitoydan olib kelinganiga
qaramay, yurtimizda ham bor. Keyinchalik toʻliq mahalliy vositalardan
foydalanish rejalashtirilgan. Qolaversa, poʻkaklar odatda qayta ishlangan
mahsulotdan tayyorlangani bois, narxi ancha arzon turadi. Agar yurtimizda suv
yuzasida sholi yetishtirish texnologiyasi ommalashib ketsa, sanoatda ishlab
chiqarishning yangi quvvatlari paydo boʻlishiga ham turtki berar ekan.
Bundan tashqari, suvda sholi yetishtirganda yerni
shudgor qilish va boshqa agrotadbirlarga ham zarurat boʻlmaydi. Mineral
oʻgʻitlar tejaladi. Boisi, baliqlarga beriladigan baʼzi oʻgʻitlar aynan sholi
uchun kerakli ozuqa vazifasini oʻtaydi. Kimyoviy dorilardan foydalanilmagani
hisobiga organik mahsulot yetishtiriladi. Hosildorlik oʻrtacha 50-55 sentner
boʻlishi taxmin qilingan. Bu tuproqda
yetishtiriladigan hosil bilan deyarli bir xil.
Oktyabrda ilk hosil olinadi
Yangi tajriba
uchun sholi ham urugʻ, ham koʻchatlash usulida ekib koʻrildi. Hozir koʻchatlar
oʻzini ancha tutib olgan, urugʻlarning oʻsishi ham yomon emas. Davlatimiz rahbarining
tegishli qarori bilan Oʻzbekiston amaliyotida sholini koʻchat usulida ekishga
oʻtilyapti. Keyinchalik oʻsimlik asosan shu tarzda yetishtiriladi. Hatto
Janubiy Koreyaning KOPIA xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda koʻchat ekadigan
zamonaviy texnika olib kelingan. Koʻchatlar issiqxonada, maxsus iqlim
sharoitida tayyorlanadi. Bu sholining vegetatsiya davrini qisqartirib, suv va
urugʻlikni sezilarli tejaydi. Qolaversa, sholi koʻchati tezroq yetilib, hosildorlik
ham yuqori boʻladi.
Maʼlumotlarga
koʻra, sholi yetishtiruvchi aksariyat yirik davlatlarda ushbu ekin deyarli
toʻliq koʻchatlab ekiladi. Bu zamonaviy mexanizm yilda ikki marta hosil
olishda ham muhim. Yurtimiz Sholichilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari ayni
yoʻnalishda tadqiqotlar oʻtkazib, bir qancha hududlarda tajriba-sinovlarni
oʻtkazyapti. 2024-yilda dastlabki natijalar olindi. Hozir Andijon, Toshkent va
Sirdaryo viloyatlarida tajriba davom etyapti.
Mamlakatimiz
iqlimi keskin kontinental boʻlib, doimiy issiqlik kuzatilmasa-da, sholidan
yilda ikki marta hosil olishga erishish mumkinligi aytilmoqda.
Mutaxassislarning tushuntirishicha, buning uchun fevralda koʻchatxonalarda
kassetalarga urugʻ solinadi va undan tayyorlangan koʻchatlar mart oyida dala
sharoitida ekiladi. Hosil iyulning oʻrtalarida oʻrib olinadi. Unga qadar —
iyunning boshida esa issiqxonalarga yana urugʻ tashlangan boʻladi. Bu
koʻchatlar ikkinchi hosil sifatida ekilgach, oktyabr boshida yigʻishtirib
olinadi. Shuning hisobiga oʻtgan yili birinchi ekishdan 65 sentner, ikkinchisidan
55 sentner hosil olindi.
Bu amaliyotni suv
yuzasida sholi yetishtirishda qoʻllash qiyinroq. Chunki sholi uchun issiq
harorat zarur. Hovuzlardagi suv harorati esa sovuq mavsumda ancha tushib
ketadi. Biroq eʼtiborni bir martada koʻproq hosil olishga qaratish mumkin va bu
navlarga ham bogʻliq. Ayni paytda ushbu tajriba uchun yangi mahalliy “billur”
navi tanlangan boʻlib, uning yotib qolishga chidamli ekani aytilmoqda.
— Oʻzbekistonda
yetishtiriladigan sholining 99 foizi mahalliy navlar hissasiga toʻgʻri keladi,
— deydi Abdullo Mansurov. — Ularning asosiy jihati oshbopligida. Xalqimiz
palovni koʻp isteʼmol qilgani bois, mahalliy navlarni yaratishda asosan shu
jihat inobatga olinadi. Xorijiy navlar esa tezpishar boʻlib, koʻpincha
boʻtqabop hisoblanadi. Shu bois, bizning guruchga bozorda talab ancha yuqori.
Yaqin uch yillik tahlillarga koʻra, mamlakatimizning sholi importi 3 baravar
kamayib, eksport 14 baravar oshgan. Bu mahalliy ehtiyojdan tashqari qismi.
Yaʼni Oʻzbekistonning 38,5 milliondan ortiq aholisiga 370 ming tonna guruch
talab etiladi. Yurtimizda esa 2025-yilda 440 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu
aholi ehtiyoji toʻliq qoplanib, eksport imkoniyati oshib borayotganini
koʻrsatadi.
Suv yuzasida
sholi yetishtirish qoʻshimcha hosil olish bilan birga mavjud suv maydonlaridan
unumli foydalanishga xizmat qiladi. Keyinchalik mazkur usulni keng qoʻllash
orqali sholi maydonlarini qisqartirish va ularda boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini
yetishtirish mumkin. Har holda yerda har qanday ekin turi oʻsaveradi, suv
yuzasida esa sholidan boshqa oʻsimlik unmasa kerak.
Ayni paytda
tajriba maydonlariga ekilgan “suzib yuruvchi sholi” ekinlari ancha boʻy choʻzib
qoldi. Dastlabki hosilni esa oktyabr boshlarida olish kutilmoqda.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi
Oʻzbekiston” muxbiri