Bundan taqriban uch ming yillar oldin ham bu yerda madaniyat va sanʼat, ilmu maʼrifat gullab yashnagan, oʻz chiroyi va latofati bilan insoniyat tafakkuriga nur berib turgan. Xususan, miloddan avvalgi IV asrda Samarqandni egallagan Iskandar Maqdunli (Aleksandr Makedonskiy)ning “...U men eshitganimdan ham goʻzalroq ekan” degan iqrori tarixiy manbalardan yaxshi maʼlum. Oʻz davrida dunyoning madaniy-iqtisodiy, harbiy-siyosiy tayanchlaridan biri boʻlgan Samarqand nafaqat “yer yuzining sayqali”, balki zamonlar osha dunyo tartibini belgilovchi qudrat (derjava) poytaxti ham boʻlgan.
Biroq bu muazzam kentning hayoti doim ham ravon kechmagan.
Sohibqiron Amir Temur, soʻng uning nabirasi Mirzo Ulugʻbek davri, yana ikki
asr oʻtib, XVII asrning birinchi yarmida (oʻsha vaqtda Samarqand Ashtarxoniylar
sulolasi hukmron boʻlgan Buxoro xonligi tasarrufida boʻlgan) hokim Yalangtoʻsh
Bahodir zamonlarida gullab-yashnagani moziydan maʼlum. Ammo muarrixlar undan
keyingi pallalar haqida koʻp soʻzlamaydilar. Buning sababi oddiy: chunki undan
soʻng shaharning oʻtmishida tanazzul davri kechgan... Koʻp uzoqqa borish shart
emas. XIX-XX asrlardagi avval Chor Rossiyasi, keyin bolsheviklar bosqinida u
katta talafotlar koʻrganini barchamiz yaxshi bilamiz. “Tenglar ichra teng”
boʻlgan yoki istiqlol tongi otgan ilk yillar ham koʻhna kent tarixida
taʼsirchan ahamiyat kasb etmadi.
Sovet hokimiyatining Samarqanddan koʻzlagan maqsadi ancha
ustakorlik bilan oʻylab topilgandi: mustabid ideologiya shahar xarobalari va
oʻtmishini koʻz-koʻz qilish orqali dahriy va repressiv imperiyani islom va
sharq madaniyati homiysi sifatida taqdim etish, undan umumtarix va qadriyatlar
vitrinasi — multikulturalizm, yaʼni sovetcha tenglik hamda bagʻrikenglikni koʻrsatish
uchun foydalanardi. Mustaqillikdan keyin bu qadimiy kentga boʻlgan eʼtibor
boshqa tomonga ogʻdi. Endi unga koʻproq oʻzlikni topish, ruhiyatdagi
posttotalitar holatni deformatsiyalash uchun qoʻllaniladigan vosita oʻlaroq
yondashila boshlandi. Toʻgʻri, ayni yangilanishlarni shunchaki formal oʻzgarishlar
edi, deyish adolatdan boʻlmaydi. Chunki obidalar, qadamjolar, meʼmoriy yodgorliklarni
tiklash va obod qilish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Ammo bu
harakatlar shaharning qadimiy shuhratini tiklash va eng muhimi, uning asriy
ruhiyatini qayta uygʻotishdek qudratni namoyon eta olmadi.
Nega? Chunki istak va harakat qanchalik samimiy va koʻlamli
boʻlmasin, ularda shaharning tarixiy xotirasi va mohiyatini toʻliq tiklash
uchun zarur boʻlgan ichki mazmun va uygʻunlik yetishmadi. Joʻngina aytganda,
shonli oʻtmishi, maʼnaviy identligi unga “tarix ikonasi” sifatida qarashdek uzoq
yillar ongimizda shakllangan glamur tasavvurlar soyasida qoldi.
Aslida, Samarqandni tushunish, jugʻrofiy ahamiyatini aniqlab
olish oʻta muhim edi. Nimaga desangiz, bu koʻhna zamin faqat moziy osori
atiqalariga emas, balki uning bagʻrida ming yillardan buyon yashab kelayotgan
xalq uchun ham vatan sanalardi. Buni toʻgʻri anglash uchun bizga xiyla uzoq
vaqt kerak boʻldi.
Ayni masalada fikr yuritishni bir nafas kechiktirib,
diqqatimizni bugungi kunlarga qaytarsak.
Oʻtayotgan oʻn yillik Samarqand hayotida yangi davrni
boshlab berdi. Men bugungi maqolada ayni oʻzgarishlarni mufassal sharhlash
fikridan yiroqman. Zotan, shaharning hozirgi qiyofasi, u yerda olib borilgan
bunyodkorliklar haqida hammamiz yaxshi bilamiz. Bir paytlar Sohibqironning
qudratli saltanatiga boshkent boʻlgan, olamni oʻziga mahliyo aylagan, xorijiy
sayyohlar va siyosatchilar qadami uzilmagan shahar bugun asl shavkatini
tiklayotganini barchamiz sezib turibmiz. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki,
uzoq tanaffusdan soʻng u yana dunyo siyosatchilari, iqtisodchilari yigʻilib
maslahatlashadigan xalqaro diplomatiya sahnasiga aylandi. Kelayotgan xorijlik
mehmonlar, hatto, sayyohlar ogʻzidan ham bir eʼtirofni koʻp eshitish mumkin
bugun: “Samarqandga ertaklardagi, tarix kitoblaridagi jozibasi qaytibdi!”.
Endi ayting, odamlardagi taassurotni yangilash, zamonlar yuki
monolitday quyib qoʻygan stereotiplarni parchalash oʻz-oʻzidan boʻladi deb
oʻylaysizmi?! Iddaomiz bekorga emas. Zotan, shaharning koʻrku tarovati faqat
besh-oʻnta meʼmoriy yodgorlik bilan oʻlchanmaydi. Qolaversa, “oʻtmish ruhi” tasavvuri
chechan gidlarning maroqli hikoyalari orqali toʻliq shakllanadi deb qarash ham
unchalik toʻgʻri emas.
Qadim tarovatni uygʻotish faqat bir amal — koʻhna devorlar,
tuproqlar qarida koʻmilib yotgan madaniy ohanglargagina tan. Ularni harakatga
keltirish uchun esa tarixiy-ruhiy hayot qatlamini qayta koʻrib chiqish talab
etilardi. Yaʼni nafaqat shahar, balki butun yon-atrofdagi madaniy hayotni
tubdan oʻzgartirish, ilmiy tilda aytganda, jamiyat hayotini desovetizatsiya —
mustamlakachilikning barcha meroslaridan tozalashni nazarda tutardi.
Oʻz-oʻzidan ravshanki, bu katta masshtabdagi yumush edi. Shu maʼnoda aytadigan
boʻlsak, Samarqandning qayta “oyoqqa turishi” oson kechdi degan odam adashadi.
2001-2003-yillarda
shu yoʻldagi mashaqqatli mehnatni men oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Aynan oʻsha
yillari Shavkat Miromonovich Jizzaxdan bu yerga ishga oʻtgan va ayni
masʼuliyatning ogʻir yuki u kishining yelkasiga tushgandi. Bugun baʼzi
davralarda ham hayrat, ham taajjub bilan “Yangi hokim ish boshlagan kezlarda
idora hududidan falon mashina chiqindi olib chiqqan ekan”, degan gaplar ham
ayni davrlarga tegishli. Eshitgan quloqqa garchi lofga oʻxshab tuyulsa-da,
haqiqatan, shunday boʻlgan. Boʻlganda ham, u kishi masalaga kechiktirib
boʻlmas, eng muhim yumushdek yondashgani hozirgidek yodimda. Oʻshanda mening
ham “Shuncha ish turib faoliyatni nega bundan boshladi”, deya ajablangan vaqtim
ham boʻlgan. Ammo keyin tushundim. Anglaganim shuki, bu hodisa nafaqat obodonchilik
harakati, balki uzoq yillar esdan chiqqan, tuzumlar va siyosatlar nazaridan
chetda qolgan, baʼzan esa takabburlik bilan koʻzga ilmay qaralgan ruhiy yangilanish
sari solingan bir yoʻl ekan.
Ayni
mulohazalarni qatʼiy aytishimning boisi bor, albatta. Chunki Shavkat
Miromonovich Toshkent va Jizzaxda boʻlgani kabi bu yerda ham ishni ozodalik va
sarishtalikdan boshlagan edi. Esimda, butun viloyat boʻylab boshlangan
obodonlashtirish ishlari nafaqat hududlarni, balki odamlar koʻnglini ham
yoritib yuborgandi oʻsha kezlarda. Mavzu konteksidan kelib chiqib masalaga
falsafiyroq yondashadigan boʻlsak, ayni oʻrinda koʻzdan panada qolayotgan majoziy
maʼnoni ilgʻashimiz mumkin: Shavkat Mirziyoyev ushbu ishga jazm qilar ekan, haqli
maʼnoda afsonayu rivoyatlar, zafar va gʻalabalar shavqi, shonu shavkati
choʻkib yotgan qadimiy va buyuk shahar bagʻrini ham qora oʻtmish gʻuborlaridan
poklayotgandek edi. Ha, Samarqandning maʼnaviy qiyofasi, ruhiyatidagi
yuksalish aynan shunday boshlangandi, desam hech ham adashmagan boʻlaman.
Zotan, har qanday buyuk ishlar, ulugʻvorlik, poklik poydevori ustiga quriladi.
Baʼzi davlatlarga safar qilgan
odamlarning “Aeroportdanoq yomon hiddan nafasim boʻgʻilib qoldi, koʻchalardagi
axlat uyumlarini koʻrib, koʻnglim aynidi, kayfiyatim buzildi”, deganga oʻxshash
hikoyalarini koʻp bor eshitgan boʻlishingiz mumkin. Ha, aslida, bepisand
qaraydiganimiz ozodalik shunchaki “roʻzgʻorbop” tushuncha emas, u ruhiyat
koʻzgusi, ichki madaniyat ifodasidir.
Aslini
olganda, Shavkat Mirziyoyev siyosiy yoʻnalishida men ayni ustuvorlikni bundan
ancha ilgari, uni tanigan yillarimdayoq sezganman. Oʻtgan asrning 80-yillari
oxirlari, 90-yillari boshida mamlakat siyosiy maydonida paydo boʻlgan yosh
yigit harakatchanligi, chechanligi bilan tezda koʻpchilikning eʼtiboriga
tushgandi. Oʻrni kelganda bir mushohadam bilan oʻrtoqlashib oʻtishim zarur deb
oʻylayman. Oʻqiganlarim va hayot tajribamga tayanib aniq ayta olamanki, bu
dunyoda tasodiflar yoʻq. Fikrimni yanada ochiqroq bildiradigan boʻlsam, buyuk
shaxsiyatlar oʻzlari haqida birinchi qadamlaridanoq ishora berishadi...
Xalqimizda
“Yaratganning nazari tushmasa...” degan magʻzi toʻq hikmat bor. Asrlar
davomida oʻz mohiyatini yoʻqotmagan, ota-bobolarimizning falsafadagi determinizm
tushunchasiga uyqash ushbu “xulosa”si, haqiqatan, biz odatda tasodif yoki omad,
deya taʼriflaydigan voqealar zamirida inson anglab yetmaydigan qonuniyatlar
borligini esga solib turadi.
Boʻlmasa
ayting, Jizzaxning olis bir qishlogʻida oʻsgan yoshgina yigit Oliy sovetga
deputat, poytaxtning markaziy rayonlaridan biriga hokim boʻladi deb kim
oʻylagan oʻsha damlar. Holbuki, sovet va undan keyingi dastlabki davrlarda ham
“shaharga faqat shaharliklar” deganga oʻxshash mutlaqo asossiz, yozilmagan
qoida hukmron edi.
Mayli,
rasamadi bilan quyiroqda hali bunga vaqt ajratamiz. Aslida, bosh mavzumiz
Samarqand, Shavkat Mirziyoyevning ayni viloyatdagi faoliyati toʻgʻrisida edi.
Biroq gapning oʻzani sal nariroqqa, u kishi ijtimoiy-siyosiy hayotga kirib
kelgan ilk damlarga burilib ketdi. Ehtimol, bunda ham bir hikmat bordir. Zero,
mohiyatni anglash uchun, avvalo, uning zamiriga nazar tashlash lozim,
deyishadi-ku ulugʻlarimiz.
II
Favqulodda
qobiliyatli odamlarga yashash va ishlash hamma zamonlarda ham oson kechmagan.
Masalan, gʻayrat-shijoati, dunyoqarashi va gʻoyalari jamiyatdagi anʼanaviy
tushunchalardan farq qiladigan, olmon faylasufi Immanuil Kant taʼbiri bilan
aytganda, odatdagidan ilgʻorroq “aql” atrofni ilhomlantirish bilan birga
tevarakdagilarda yetarlicha xavotir ham uygʻotishi mutlaqo bor gap. Bunga
tarixiy-siyosiy adabiyotlardan koʻp misollar keltirish mumkin. Biroq omadim
shundaki, ayni hodisani men kitob yoki arxiv hujjatlarida emas, oʻz hayotimda
koʻrganman.
U
kishini hali institutda ishlayotgan kezlaridanoq bilardim. Chunki “gorkom”dagi
ish faoliyatim avvaliga aynan fan va oʻquv muassasalari, keyin ham shunga yaqin
— mafkuraviy yoʻnalish bilan bogʻliq edi. Ochiq aytaman, oʻsha kezlar
harakatchan, koʻzidan oʻt chaqnab turadigan, oʻta tarbiyali va yoshiga
nisbatan xiyla mulohazali bu yigitga ortiqcha eʼtibor bermaganman. Nazdimda, u
oddiy bir oliy oʻquv yurtining ilmiy xodimi, nari borsa, navqiron
pedagog-ziyoli edi. Uning men, qolaversa, shahar jamoatchiligi va yuqori
elitaning tasavvurlarini toʻzgʻitib yuborgan, umumsiyosat sahnasida Shavkat
Miromonovich degan har tomonlama hurmat-eʼtiborga sazovor ism-sharif bilan
hisoblashishga majbur qilgan davri 90-yillar boshiga toʻgʻri keladi.
Oʻshanda
Mixail Gorbachyovning hamma yoqni ostin-ustun qilgan “qayta qurish va oshkoralik”
zamonlarining soʻnggi yillari, olatasir, birov birovni eshitmaydigan, hamma
gapiradigan davrlar edi. Aynan oʻsha yili Respublika oliy soveti deputatligiga
saylovlar boʻlib oʻtadi. Endigina 33 yoshga kirgan, poytaxt hayoti,
hokimiyatning shafqatsiz “oʻyinlari”ni hali ich-ichidan bilmagan yoshgina yigit
oʻz nomzodini xalq vakilligiga qoʻyadi.
Shundaygina
koʻz yugurtirib oʻqiganda silliq oʻtib ketadigan bu gaplar juda murakkab
vaziyatni ifoda etadi, aslida. Chunki nomzodlar ancha nomdor, tajribali, bundan-da
muhimrogʻi, hukmron siyosiy ayonlarga yaqinroq (ochiq aytganda, u kishidan
boʻlak bari “tanlangan”lar) edi. Keling, daʼvomiz asossiz boʻlmasligi uchun
oʻsha yili Shavkat Miromonovich bilan “siyosiy marafon”ga kirgan faollar
nomini sanaymiz. Shu oʻrinda eslatib oʻtay, asosiy saylovga kirguncha
talabgorlar sakkiz kishi boʻlgan. Chigʻiriqdan esa uch kishi oʻtadi. Bular
oʻsha yillardagi Toshkent militsiya oliy maktabi (hozirgi IIV akademiyasi)
rahbari Nikolay Ivanovich Ojiganov, Oʻrta Osiyo irrigatsiya va suv muammolari
ilmiy-tadqiqot instituti (maʼlumot uchun aytay, oʻsha vaqtlarda bu dargoh
nafaqat mintaqada, balki butun ittifoqda ilmiy-amaliy salmoqqa ega edi)
direktori Viktor Abramovich Duxovniy...
Tabiiyki,
bular orasiga mahalliy miqyosdagi institut oʻqituvchisi, buning ustiga “yuqori”
hali yetarlicha bilmagan yosh yigitning qoʻshilib qolishi koʻpchilikni
ajablantirdi. Baʼzilar buni shunchaki rasmiyatchilik uchun qoʻyilgan qadam deb
oʻylagan boʻlsa, birovlar kibrini ochiqcha koʻrsatib, mugʻombirona jilmaydi:
“Kecha qishloqdan kelgan bolaga bunday jiddiy tadbirda nima bor ekan?”.
Eʼtirof
etish kerak, ularning iddaosida jon bordek edi. Nega desangiz, nomzodlari
qoʻyilganlar orasidagi Ojiganov huquq-tartibot, qolaversa, respublika
ijtimoiy-siyosiy hayotida ancha eʼtiborga ega odam boʻlgan. Duxovniy esa, boya
qavs ichida alohida atay izoh berganimdek, nafaqat Oʻzbekiston, balki ittifoq
miqyosida katta qudratga doxil ayon oʻlaroq mutlaq gʻoliblikka haqlidek
tasavvur uygʻotardi. Chunki uning qoʻlida muhim dastak — irrigatsiya va suv
masalalari jamlangandi.
Yaxshi
bilasiz, oʻsha davrlar butunlay agrar tarmoqqa “oʻtirgʻizilgan”, “kindigi bir”
mintaqa respublikalari uchun bu soha hayot masalasi edi, goʻyo. Shuning uchun
Duxovniy egallagan martaba taʼsiri nafaqat Lenin (bugungi mustaqillik) maydoni
biqinidagi SK (Sentralnыy Komitet — Markaziy Qoʻmita) binosining serhasham
hujralarida, balki bizga qoʻshni boʻlgan barcha respublikalarni “mahv” etib,
shimolda joylashgan “markaz”ning qirmizi gumbazli saroylarida ham tantanali
tarzda aks sado berib turardi. Shu sabab saylovchilar uchun ham, shunchaki
vaziyatni kuzatib turgan tomoshatalab odamlar uchun ham natija qiziq edi.
Yakun shunday boʻldiki, toʻliq oshkoralik va erkinlik asosida oʻtgan saylovda
Shavkat Mirziyoyev raqiblaridan katta farq bilan ustun keldi...
Albatta,
shu oʻrinda savol tugʻiladi: qatoridagi siyosiy qudratga, obroʻ va martabaga
ega boʻlgan nomzodlarni u kishi qanday ortda qoldirib, deputatlik maqomiga
erishdi?
Men
ashaddiy fatalist emasman. Biroq yuqorida keltirganimdek, ota-bobolarimizdan
meros “taqdir”, “peshonasiga bitgan” degan azaliy tushunchalarni toʻliq inkor
ham etolmayman. Qolaversa, u kishining gʻolib boʻlishida tabiatidagi shiddat,
harakatchanlik va insonlarga boʻlgan cheksiz mehr, noyob odamgarchilik xislati
ham asos boʻldi deb oʻylayman. Chunki u institutda faoliyat yuritayotgan oʻsha
damlarda ham tumanda faol sifatida yaxshi tanilgan, mahallalar ahli, talabalar
mehrini qozonib ulgurgan edi.
III
Yuqorida
bir mulohazani boshlab, davom ettirishni ortga surgandik. Nazarimda, endi
uning mavridi keldi. Sovet davrida garchi “biz katta bir oila” degan balandparvoz
shior ustuvorlik kasb etgan boʻlsa-da, bu chaqiriqqa nisbatan skeptik qarash
yoʻq emasdi. Deylik, “ogʻa-ini”larning har birida, garchi pinhona boʻlsa-da,
oʻz manfaati yoki ijtimoiy-siyosiy identligini yuqoriroq qoʻyishga, barcha
imtiyozu ragʻbatlarga, avvalo, ular haqli ekanini isbotlashga tiyiqsiz urinish
istagi bor edi. Ayni shu “xususiyat” milliy respublikalar ichida ham koʻzga
tashlanardi. Boshqalarni chetga surib, oʻzimiz haqimizda gapiradigan boʻlsam,
oʻsha davrlarda kim qaysi viloyatdan, vohadanmi, vodiydanmi, sal pastroqqa
qarab tushsang, rayonma-rayon, urugʻ-aymoq surishtirish, xullas, hokimiyat
iyerarxiyasi shakllanishida ochiq aytilmasa-da, shunday oʻlchovning borligini
tamoman inkor qilib boʻlmasdi. Shavkat Miromonovichning deputatlik saylovlarida
va undan keyin, 1992-yilda Mirzo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlishida ham bu
sezilgan.
Masalaga
kengroq yondashganda, aslida, xalq tilida soddagina qilib “mahalliychilik”
deyiladigan, ammo jiddiyroq qarasangiz, qaysidir maʼnoda ijtimoiy
diskriminatsiyaga ham oʻxshab ketadigan bu xavfli qusur nafaqat Toshkent, balki
umumjamiyatimizga xos xavfli illat edi. Oddiy tushuntirganda, Qashqadaryoga
qashqadaryolik, Buxoroga buxorolik, Namanganga faqat Namangandan chiqqan
kadrgina rahbar boʻlishga munosib, degan xalqni boʻlib tashlashga, birlik va
yakdillikka raxna soluvchi qarash edi bu.
Men
aniq bilmayman, bunday radikal kayfiyat, qarash bizda qachon paydo boʻlgan?..
Ehtimol, uning shakllanishi oʻtgan asr boshlariga borib taqalar. Bilmadim. Har
qalay, kommunistlarning oʻsha yillari “milliy respublikalar va millatlarni
“yaratish” siyosati” oldin na etnik va na hududiy ixtiloflarga borgan
turkistonliklar oʻrtasida oʻziga xos ayirmachilikni keltirib chiqargani bor
gap. Tabiiyki, boʻlib tashlab, boshqarish ularning manfaatiga mos edi.
Jumladan, oʻlkadagi milliy kelishmovchiliklar — hudud va madaniy meros, etnos
yoki etnogenez atrofidagi “gʻijillashish”lar pinhona davom etarkan, bundan
“markaz” atay koʻz yumardi. Chunki hamjihatlik va ruhiy yaqinlikning yoʻqligi
mintaqaga doimiy ojizlik baxsh etib turishini ular yaxshi tushunishardi. Biroq
sovetlardan oʻzlashtirilgan salbiy tajriba, “boʻlib tashlab idora qilish
siyosati”, garchi zararimizga boʻlsa-da, bizda kechagacha davom etdi. Xususan,
mustaqillikdan keyin ham viloyatlar va hatto tumanlarni bir-biridan ajratib
turadigan “blok post”lar qoʻyilganini nima bilan izohlash mumkin. Ammo Shavkat
Miromonovichning poytaxtda muhim siyosiy personga aylanishi masalasi, yuqorida
ishora qilganimizdek, bundan ham jiddiyroq oqibatlarni keltirib chiqargan,
dangal aytganda, koʻplab oʻzini eng muhim ayon deb hisoblovchi mahalliy
“zodagon”larni bezovta qilgandi. Albatta, uzoq davrlardan beri bir maromda
ketayotgan “ish”lar dinamikasi birdan oʻzgarsa, tabiiy ravishda xotirjamlik
yoʻqoladi. Bu behalovatlikning qat-qatida hasad ham bor edi. Biroq men buni
katta ayb sifatida qoralamayman. Zotan, hasad ham nafsga bogʻliq. Nafs esa
hammamizda bor.
Hatto
bashariyat daholari deb ardoqlaydigan buyuklarda ham hasad boʻlgan. Masalan,
nainki rus xalqining, balki insoniyat oliy tafakkurining daholaridan biri Lev
Tolstoy oʻz zamondoshi buyuk adib Fyodor Dostoyevskiyni kunlagani (mavqe
qizgʻonish, rashk qilish) haqida koʻp xotiralar bor. Deylik, u koʻp maqolalarida
Dostoyevskiyni “tilning rasvosini chiqargan”likda ayblaydi. Bundan ham achchiqrogʻi,
Maksim Gorkiy xotiralarida keladi. Unda Tolstoy shunday deydi: “Dostoyevskiy
oʻzining jinni qahramonlaridan birini oʻzi ishonmagan maqsadga xizmat qilgani
uchun, oʻzidan va boshqalardan oʻchini olish uchun yashaydi deb yozadi. Bu
gapni u oʻzi haqida yozgan, u oʻzi haqida xuddi shunday deyishi mumkin
edi...”.
Xullas,
hasad masalasi umuminsoniy, tabaqalarga boʻlinmagan bir tuygʻu deyishimiz
mumkin. Qolaversa, bu yuqorida aytganimdek, unchalik kechirilmaydigan qusur
ham emas. Ammo ochiq dushmanlik bu noinsoniylik belgisi. Shavkat Miromonovich
Mirzo Ulugʻbek tumaniga hokim boʻlganida bunday nomardlarcha qilingan
harakatlar, dushmanona fitnalarga koʻp bor roʻbaroʻ kelgandi (oʻsha paytlari
shaharning Sobir Rahimov tumanida hokim boʻlganim uchun bu voqealardan yaxshi
xabardor edim).
Xalq
orasida ancha ommalashib ketgan, u kishining oʻzlari ham bir necha bor kulib
eslagan “Ulugʻbek haykali” haqidagi hangoma shulardan bittasi, xolos. Aslida,
kimning “ijod”i boʻlsa ham, bu oʻta puxtalik bilan oʻylangan ish edi. Ertalab
davlat rahbari xorijlik mehmon bilan birga gulchambar qoʻyishi kerak boʻlgan monumentning
boshini olib ketish... Chuqurroq oʻylasangiz, ayni buzgʻunchilik tashabbuskorlari
topilmalari zamiriga “siyosiy majoz”ni ustakorlik bilan berkitishgan: Mirzo
Ulugʻbek boshining kesilishi aslida shaxsan Shavkat Mirziyoyev siyosiy faoliyatiga
qilich sermash edi...
Albatta,
shuncha gapdan keyin haqli bir savol oʻrtaga chiqadi: Mirziyoyevga qilingan
kinli munosabatning boisi nima edi, uning viloyatdan ekanimi?! Yoʻq, bu yerda,
hali aytganimdek, undan-da jiddiyroq sabab ham bor edi. Motiv shundayki,
poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumaniga tayinlangan yosh hokim shahar
ijtimoiy-iqtisodiy hayotini oʻz gʻayrati, bilim va iqtidori, noyob qobiliyati
bilan favqulodda “uygʻotib” yuborgan va bu koʻpchilikni sergak torttirgandi.
Bugun aksariyat toshkentlik faollar, oʻsha mahallar faoliyati shahar hayoti
bilan bogʻliq boʻlgan, yuragi toza, vijdoni uygʻoq faxriylar madaniyat,
orastalik, saranjomlik va bunyodkorlik zavqi bilan ishlash va yashash
borasidagi koʻp tajribalarni aynan Shavkat Mirziyoyevdan oʻrganishganini ochiq
tan olishadi, eʼtirof etishadi. Sababi, mahalla va koʻchalar, xiyobonlar
goʻzalligi, odamlarni ulugʻ maqsadlar sari birlashtira olish bobida ushbu tuman
nafaqat Toshkentda, balki mamlakatda eng oldingi safda edi.
IV
Oʻzi
umuman bugungi aytmoqchi boʻlgan gapimiz Samarqand va Samarqand ruhiga qayta
“jon bagʻishlanishi” haqida edi. Lekin u yerdagi qilingan ishlar, Shavkat
Mirziyoyevning qalbidagi jasorat, Vataniga, oʻz tarixi va millatiga boʻlgan
soʻngsiz mehr-muhabbatni ochib berish uchun yuqoridagi hikoyalarni ham aytib
oʻtish kerak edi deb oʻyladim. Zotan, u kishining shaxsiyati oʻz-oʻzidan
osmondan tushgandek paydo boʻlib qolgani yoʻq. U bugungi mavqei — xalqining
sevimli Prezidentiga aylangunicha qancha zahmat chekdi, ne-ne balo-qazolardan
omon chiqa oldi. Bu Yaratganning biz uchun buyuk bir tuhfasi, albatta.
Endi
asosiy mavzu — Prezidentimizning Samarqandda amalga oshirgan ishlari, u
yerdagi faoliyati haqida bafurja gaplashsak. Negaki u kishining ayni shu
viloyatdagi faoliyati, tajribasi mamlakatimizning bugungi istiqboliga tagzamin
boʻldi, desam, adashmagan boʻlaman.
V
Oʻrta
asrlarda “Gʻarbda Rim, Sharqda Samarqand” degan taʼrif paydo boʻlganini
hammamiz yaxshi bilamiz, bundan faxrlanib yuramiz. Ammo yuqorida aytib
oʻtganimizdek, bu qadimiy kent ham xuddi inson taqdiridek murakkab yoʻlni
kechib oʻtgan.
Birgina
misol, garchi 2001-yilda Samarqandning meʼmoriy-tarixiy yodgorliklari
YUNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgani shaharning xalqaro maqomini
yana bir bor tasdiqlagan boʻlsa-da, oʻsha davrdagi real manzara uning shuhratiga
soya solib turar, xalqaro tashkilotning eʼtirofi esa shunchaki uning yoshi va
shonli oʻtmishiga koʻrsatilgan hurmat ramzidek taassurot qoldirardi.
Infratuzilmani qoʻyib turaylik, oddiygina maishiy madaniyat degan matoh ham
shahar hayotiga begonadek edi.
Viloyat
iqtisodiyoti ham xuddi shunday ogʻir ahvol — tanazzulda edi. Sanoat va tadbirkorlik
rivojlanmagan, qishloq xoʻjaligida yillar davomida yigʻilgan muammolar
anʼanaviy tus olgandi. Eng achinarlisi, 4 millionga yaqin aholining atigi 7
foizi tadbirkorlik bilan shugʻullanardi. Va ayni koʻrsatkich, taassufki, hudud
iqtisodiyotining ichki imkoniyatlari toʻliq ishga solinmaganidan, aholining
tadbirkorlik va biznes rivojiga boʻlgan ishonchi soʻnganidan ham darak berardi.
Ana
shunday murakkab bir pallada Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati hokimi etib
tayinlandi. U oʻsha paytdayoq yaxshi anglagan ediki, bu nafaqat taqdirning
siylovi, balki viloyatda olis davrlardan toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy
“meros” qarshisidagi sinov ham edi. Shu sabab u koʻpchilikka oʻxshab ishni
kabinetdagi majlislar yoki “telefon boshqaruvi” amaliyotlaridan emas,
toʻgʻridan toʻgʻri odamlar orasiga kirishdan boshladi.
Tushunmovchilik
boʻlmasligi uchun bir gapni aytib oʻtay. U kishining ishlari, faoliyatini xuddi
yonida turganday hikoya qilishimning sababi bor. Chunki Shavkat Miromonovich
viloyatga tayinlangan ilk damlar va undan keyin ham men deyarli doimo
yonlarida, hamnafas boʻlganman. Shuning uchun aniq eslayman, yangi rahbar ilk
ish kunini Samarqand xalqaro aeroportidagi holatni koʻzdan kechirishdan
boshladi (ehtimol, bugun shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan yangi aeroport
qurilishi shu mahallar u kishining koʻnglidan oʻtgandir.) Oʻshanda bir guruh
faollar hamrohligida yoʻl-yoʻlakay koʻchama-koʻcha, mahallama-mahalla piyoda aylanib,
hududning haqiqiy ahvoli, odamlarning kundalik dardu tashvishlarini bevosita
sinchiklab oʻrgandi.
Natijada
shahardagi koʻp yillik loqaydlik va eʼtiborsizlik oqibatida yigʻilib qolgan
turli muammolar birma-bir yuzaga qalqib chiqdi. Ayniqsa, viloyatning ogʻir
ekologik holati, koʻchalar, mahallalar va jamoat joylarida uyulib qolgan chiqindilar
Samarqandni tozalash va obod qilish ishlarini biror kun ham kechiktirib
boʻlmaydigan vazifaga aylantirgandi. Mubolagʻasiz aytganda, ahvol, boya oʻzim
soʻzim davomida shahar gigiyenasi bobida kesatgan, tanishlarimiz safar
taassurotlaridagi mamlakatlarnikidan pesh emasdi. Shu bois, bu borada jiddiy
“kurash” boshlandi. Bugun obodlik va ozodalik bobida ibrat namunasiga aylanib
ketgan hodisa — birgina viloyat hokimligi va uning atrofidan qariyb 70 ta yuk
mashinasida chiqindi olib chiqilgani vaziyatning nechogʻliq ayanchli tus
olganini tasdiqlab turardi.
Bu
hali hammasi emas edi. Ahvol shu darajaga yetib borgandiki, mavjud kuch va
texnika bunday keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari, qolaversa, maqsadni
toʻliq amalga oshirish uchun yetarli emasligi ayon boʻldi. Ana shunda shahar
hududi sektorlarga boʻlinib, har bir mahalla va koʻchaga aniq masʼullar
biriktirildi. Keyinchalik butun mamlakat miqyosida joriy etilgan “Sektor
tizimi”ning dastlabki namunasi aynan shu jarayonda shakllandi.
Xullas,
yillar davomida qoʻqim (chiqindi) bosib ketgan koʻchalar va mahallalar qisqa
vaqt ichida yangicha qiyofa kasb eta boshladi. Eng muhimi, oʻzgarishlar faqat
markaziy koʻchalar yoki viloyat markazi bilan cheklanib qolmadi. Ilgari hech
bir rahbar qadam bosmagan chekka hududlar, eʼtibordan panada qolgan mahallalar
ham yangilanish jarayoniga “tortildi”.
Koʻpchilik
yaxshi biladi, shahar biqinidagi Fidoyilar va Sarbadorlar kabi mahallalarda
azaldan shu yerlik aholi “loʻlilar” deb ataydigan yurtdoshlarimiz istiqomat
qilishadi. Garchi mavzudan chiqsam-da, gapim tushunmovchiliklar keltirib
chiqarmasligi uchun ochiq aytib qoʻyay: tashqaridan qaraganda, insonga
nisbatan goʻyo kamsitish yoki milliy ayirmachilikka oʻxshab tuyuladigan taʼrif
aholi orasidagi mutlaqo hayotiy munosabat aslida. Chunki xalqimiz biror
ijtimoiy jamoaning “kim”ligini ifodalash uchun “qozoqlar”, “qirgʻiz”, “tojik”
yoki yanada traditsional qatlamga oʻtadigan boʻlsak, “qoʻngʻirotlar”,
“barloslar” degan etnik tushunchalarni bajonidil qoʻllaydi va bu ayb ham,
haqorat ham hisoblanmaydi. Ayni konseptdan kelib chiqsak, loʻlilar ham hammamiz
qatori shu yurtning farzandlari sanaladi. Shu oʻrinda men aytmoqchi boʻlgan
fikr bu mulohazalardan anchagina farqli, yaʼni Shavkat Miromonovichning
insonparvarligi, odamlarga boʻlgan yuksak hurmati, mehri bilan bogʻliq
masaladir. Samarqandni bilgan odamlar yaxshi xabardor, bu mahallalarda
yashovchi aholida shu paytgacha na tugʻilganlik haqida guvohnoma, na pasport
boʻlgan. Ochigʻi, ushbu amaliyotni amalga oshirish haqida kimdir oʻylab
koʻrganiga ham shubha bor. Shavkat Mirziyoyev esa ularga qonuniy tarzda shaxs,
yashash va mol-mulk huquqini beruvchi guvohnoma va pasport berish tizimini
yoʻlga qoʻydi. Ushbu yurtdoshlarimiz ham vatanimizning chin fuqarolari boʻlish
sharafiga muyassar boʻlishdi. Mahallaning maktab ostonasini koʻrmagan bolalari
ilm dargohlariga jalb qilindi. Aholining idorama-idora yurib sarson boʻlishiga
sabab boʻlgan ogʻriqli muammolari yugur-yugursiz aynan shu yerning oʻzida hal
etildi.
Bir
soʻz bilan aytganda, odamlarning dardini eshitish, muammoni joyida hal qilish,
eng muhimi, “Davlat — xalq uchun” degan ezgu tamoyil — ana shu davr boshqaruvining
asosiy mezoniga aylangandi.
VI
Eslatib
oʻtganimizdek, Samarqand faqat “Samarqand”dangina iborat emas. Ushbu toponim
faqatgina meʼmoriy artifakt yoki madaniy merosdan tashqari, shu diyorda ming
yillardan buyon yashab kelayotgan millionlab odamlar — samarqandliklar va
ularning hayotini ham ifoda etadi. Shundan kelib chiqib gapiradigan boʻlsak,
viloyat maʼmurchiligi haqida ham alohida toʻxtalish kerakligini anglab yetamiz.
Chunki koʻhna shaharga nur va shukuh beradigan eng muhim sifat — xalqning
kayfiyati, turish-turmushidan rozilik alomati boʻlgan, koʻzlaridagi quvonch va
shodlik uchqunlaridir. Ayni nuqtayi nazardan olib qaraganda,
ijtimoiy-iqtisodiy sohani isloh qilish ham oʻta dolzarb, ortga surib
boʻlmaydigan vazifa edi viloyatda. Nimagaki, hududdagi oʻlda-joʻldalik, samarasiz
qaror va topshiriqlar, tashabbuslar odamlarni ishdan bezdirgan, davlat va umumsiyosatga
ishonchini susaytirgandi. Shavkat Mirziyoyev kelganidan taxminan bir yil oʻtib,
aniqrogʻi, 2002-yilning birinchi choragida viloyat iqtisodiyotida keskin
ijobiy oʻzgarishlar koʻzga tashlandi: sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish
107,3 foizga, xalq isteʼmoli mollari esa 112 foizga bajarilib, barqaror oʻsish
surʼatlari qayd etildi. Albatta, bu natija ortida odamlarning qayta uygʻongan
ishonchi, boshqaruvga nisbatan tiklanayotgan umidi yotardi. Biroq viloyatning
asosiy drayveri boʻlgan qishloq xoʻjaligidagi ahvol hamon murakkab edi: yer
unumdorligi, yaʼni bonitet darajasi keskin pasayib, ayrim hududlarda 10
ballgacha tushib ketgani hosildorlikka keskin taʼsir koʻrsatgandi.
Ayni vaziyatdan chiqish uchun
Shavkat Mirziyoyev masalaga ilmiy va amaliy nuqtayi nazardan yondashdi. U
kishining tashabbusi bilan koʻpni koʻrgan oqsoqollar, chuqur bilim va
tajribaga ega mutaxassislar hamda dehqonlardan iborat “Maslahat kengashlari”
tuzildi.
Tashqaridan qaraganda, ortiqcha
dovruqsiz bu tashabbus viloyat hayotida tub burilish yasadi. Negaki, xalq
tajribasi va koʻmagiga asoslangan ayni tuzilma davlat bilan xalq oʻrtasida
uzilgan rishtalarni tikladi. Boshqacha aytganda, ushbu mexanizm yerga boʻlgan
munosabatni qayta koʻrib chiqish, mavjud muammolarni joyida tahlil qilish va
aniq yechimlar ishlab chiqishda muhim omil boʻldi. Shu yondashuv orqali yer
unumdorligini tiklash — ilmiy hisob-kitoblar va amaliyot uygʻunligida hal etila
boshlandi.
Mavjud imkoniyatlarni toʻliq
safarbar qilish natijasida har gektar suvli yerga 20,5 tonnadan mahalliy oʻgʻit
berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Oradan qisqa vaqt oʻtgach, bu ishlarning ijobiy
samaralari yaqqol koʻrina boshladi — tuproqning biologik holati yaxshilanib,
yerning tabiiy unumdorligi asta-sekin tiklandi.
Islohotlarning navbatdagi
bosqichida hududlarning tabiiy-iqtisodiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, ularni
ixtisoslashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu esa, oʻz navbatida,
har bir tumanning oʻziga xos salohiyatini ochish va qishloq xoʻjaligi samaradorligini
oshirishda muhim strategik qadam boʻlib xizmat qildi.
Jumladan, Toyloq tumani
gʻallachilikka ixtisoslashtirilib, shaxsan viloyat rahbarining tashabbusi va
qoʻllab-quvvatlovi bilan Ukrainadan serhosil bugʻdoy urugʻlari olib kelindi
hamda sinovdan oʻtkazildi. Natijada gektaridan oʻrtacha 50 sentnergacha hosil
olinishiga erishildi.
Samarqand tumanida ilgari
eʼtibordan chetda qolgan toshloq va unumsiz yerlar oʻrnida zamonaviy intensiv
bogʻlar barpo etildi. Bu tashabbus hudud qiyofasini oʻzgartiribgina qolmay,
qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymatni ham sezilarli darajada oshirdi.
Ishtixon va boshqa tumanlarda
mahsulotlarni saqlash va bozorga uzluksiz yetkazishni taʼminlash maqsadida
zamonaviy muzlatkichli omborxonalar qurildi. Bu esa sarxil mahsulotlar
yoʻqotilishini kamaytirib, fermerlar daromadini oshirishga xizmat qildi.
Shavkat Mirziyoyev tomonidan
oʻsha yillarda qishloq xoʻjaligida asos solingan tizimli yondashuv keyinchalik
viloyat agrar tarmogʻining muvaffaqiyat garoviga aylandi, desam, ayni
haqiqatni aytgan boʻlaman. Zero, bir vaqtlar qatqaloq yerga aylangan,
hosildorligi past dalalarning yashil boqqa doʻnishi, bu shunchaki agrotexnik
tadbirlar samarasi emas, balki dehqon va fermerlar koʻngliga yoʻl topishning
oʻziga xos ifodasi boʻldi.
Aytish oʻrinliki, ushbu
islohotlar doirasida yana bir ogʻriqli muammo — hududlarni obihayot bilan
taʼminlash masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Sir emas, bir vaqtlar Qoʻshrabot
tumanidagi minglab gektar yer maydonlarining “taqdiri” butunlay
yogʻingarchilikka bogʻliq edi. Hatto ayrim vaqtlarda lalmikor yerlar
suvsizlikdan qaqrab, tuproq yorilib ketar, dehqonning mashaqqatli mehnati
behuda sarf boʻlganini koʻrib, odamning beixtiyor ichi achirdi. Ammo oldingi
rahbarlarda ham shunday kuyinish tuygʻusi boʻlganmi, yoʻqmi, buni bilmadimu
yangi hokim buni koʻrib chidab turolmagani bor gap. Aynan oʻsha yillari Shavkat
Mirziyoyevning qatʼiy irodasi va uzoqni koʻzlab yuritgan siyosati tufayli hududda
sel suvlari toʻplanadigan “Oqchopsoy” suv omboriga tamal toshi qoʻyildi. Shu bilan
birga, tabiiy manbalar va mavsumiy sel suvlaridan oqilona foydalanish maqsadida
“Oqtepasoy” suv omborini barpo etish gʻoyasi ham ilgari surildi. Ushbu
tashabbuslar minglab gektar lalmikor yerlarni obihayot bilan taʼminlash,
unumdorligini oshirish va hudud qiyofasini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan
muhim strategik qadam sifatida tarixiy ahamiyat kasb etdi.
VII
Azal-azaldan
suv baraka va farovonlik ramzi sifatida eʼzozlanib kelingan. Ehtimol, shu
bois, xalqimiz u bilan bogʻliq koʻplab ibratli rivoyatlar toʻqigan, buloq va
chashmalarga muqaddasot sifatida taʼrif bergan. Shuning uchun ham Samarqand
viloyati ahlining Sangin-Chashmasiyob, Sangarason-Navodon, Obirahmat,
Obimashat kabi buloqlar va jilgʻalarning zilol suvlaridan bahra olgan inson
“gunohlaridan poklanadi”, degan mulohazalariga hech kim shubha bilan
qaramaydi, balki oqayotgan suvdan qonib ichishga intiladi.
Ammo ming
afsuski, oʻz vaqtida mahalliy siyosatda tarixiy va odamlar aziz bilgan bunday
buloqlarni asrab qolish u yoqda tursin, shahar aholisini oddiy ichimlik suv
bilan taʼminlash ham eng ogʻriqli muammoga aylandi.
Yillar
davomida eʼtibordan chetda qolgan suv quvurlari chirib, xizmat muddatini oʻtab
boʻlgan, ularni zudlik bilan yangilash ham dolzarb ahamiyat kasb etgandi.
Qolaversa, shaharda aholi nufusi kun sayin oʻsib, mavjud imkoniyatlar odamlar
ehtiyojini qoplay olmay qolgandi. Viloyatning yangi rahbari obihayot taʼminoti
tizimini isloh qilish, koʻhna kentning “qon tomirlari”ga qayta jon bagʻishlash
yoʻlida ham qatʼiy qadamlar tashladi — aholi toza ichimlik suvdan muammosiz
bahramand boʻla boshladi.
Bundan
tashqari, toza ichimlik suvni 3-4 kilometr masofadan tashib ichgan Nurobod
tumanidagi Sazagʻon, Tepaqul va Oqsoy qishloqlari aholisiga yangi suv quduqlari
qazilib, ularning obihayotga boʻlgan talabi va ehtiyoji qondirildi. Bu
jarayon, oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, viloyat ahlining turmush farovonligini
yuksaltirish, inson qadrini ulugʻlash va odamlarning yuziga tabassum ulashish
yoʻlidagi muhim islohotlardan biri boʻldi.
VIII
Hammamizga
maʼlum, Shavkat Mirziyoyev Samarqandda koʻp muddat qolmadi: umumiy hisobda
ikki-uch yil. Biroq u kishi qoldirgan iz, anʼanalar mudom oʻz ahamiyatini
yoʻqotmagan. Yaxshi eslaymiz. Bir vaqtlar mamlakatimizda taʼlim sohasida turli
islohotlarga qoʻl urildi, majoziy aytganda, boshimizni toʻgʻri kelgan devorga
bir-bir urib chiqdik. Shunday bilarmonliklarimizdan biri “kollejbozlik”
siyosati edi. Biz ushbu “taʼlim strategiyasi”ga shu qadar berilib ketdikki,
ilhomimiz tiyiqsizligidan, hatto, oʻn-oʻn besh chaqirim atrofida birorta uy
boʻlmagan dashtu dalalarga ham uch-toʻrt qavatli kollejlar barpo qilib
tashladik.
Oqibati
nima boʻldi? Buni aytmasam ham barchamiz yaxshi tushunamiz, anglaymiz. Bu yerda
eng ogʻir yoʻqotish oʻrta taʼlim tizimi sohasida boʻldi. Maktablar qurilishi,
ularga boʻlgan eʼtibor keskin tushib ketdi. Hamma joyda boʻlgani kabi buning
ogʻriqli oqibatlari Samarqand viloyatida ham koʻrindi. Hududdagi qariyb 1050
ta maktabning ahvoli achinarli darajaga kelib qoldi. Yaʼni ularning deyarli
uchdan bir qismi kapital taʼmirga muhtoj, tomlaridan chakka oʻtar, devorlarini
zax bosgan, sinfxonalari esa oʻquvchilar taʼlim olishi uchun mutlaqo yaroqsiz
holda edi.
Bu holat
yurt kelajagi, millat taqdirini oʻylaydigan har qanday odam koʻnglini
tashvishga solishi tabiiy edi. Shu bois, Shavkat Mirziyoyev faoliyatining
toʻrtinchi kunidayoq Pastdargʻom tumanidagi 72-maktabga bordi. U yerdagi
manzarani koʻrib, har qanday insonning yuragi larzaga kelishi tayin edi: xom
gʻishtdan qurilgan, tomsuvoqli, sovuq kunlarda isitish imkoni boʻlmagan bu
xaroba maskanda 200 nafar bolajon taqdirning achchiq sinoviga dosh berib, ilm
olardi...
Moliyaviy
imkoniyatlar cheklangan, mahalliy byudjet degan tushunchalar xuddi siyosiy
latifadek tuyiladigan ogʻir bir sharoitda viloyat hokimi ayni vaziyatdan
chiqishning eng tezkor va maqbul yoʻlini topdi — boʻsh turgan qurilish
tashkiloti binosini maktabga moslashtirish tashabbusini ilgari surdi. Bu
favqulodda qaror oʻsha vaqtdayoq Shavkat Mirziyoyevning “yoʻq”dan “bor” qila
olish qobiliyatini namoyon etgandi.
Bino
qisqa fursat ichida chinakam oʻquv maskaniga aylantirildi va qish ostonasida
oʻquvchilar ilk bor issiq va yorugʻ sinf xonalariga koʻchirildi. Ushbu ezgu
tashabbusning mantiqiy davomi sifatida esa 2002-yilda shu hududda muhtasham,
ikki qavatli yangi maktab binosi qad rostladi. Bugun oʻsha joy oʻrnida barpo
etilgan zamonaviy, barcha sharoitlarga ega taʼlim dargohida 700 nafarga yaqin
oʻgʻil-qiz bilim olmoqda.
Shu
oʻrinda men eʼtiboringizni muhim bir nuqtaga qaratmoqchiman. Shavkat Mirziyoyev
moliyaviy imkoniyatlar cheklangan, maktablar “kollejbozlik siyosati” soyasida
qolib ketgan zamonlar taʼlim tizimini qoʻllab-quvvatlashning oʻziga xos yangi
tizimi — “yordamchi xoʻjalik” modelini joriy etdi. Unga koʻra, maktablar
qoshida homiylik va tashabbuskorlik asosida yordamchi xoʻjaliklar tashkil
qilindi. Ulardan tushgan mablagʻlar bevosita taʼlim muassasalarini
obodonlashtirish, infratuzilmasini yaxshilash hamda oʻquv muhitini
yuksaltirishga yoʻnaltirildi.
Bunday
noanʼanaviy, ammo xalq manfaatini koʻzlagan amaliy qarorlar tufayli qisqa vaqt
ichida viloyatdagi yuzlab maktablarning moddiy-texnik bazasi yangilanib, eski
va xarob maktablar oʻrnida mutlaqo zamonaviy qulay va barcha
shart-sharoitlarga ega taʼlim muassasalari qad rostladi.
Ayniqsa,
shunday oqilona yondashuv tufayli Samarqandning turli goʻshalarida qad
rostlagan 20 dan ortiq sport inshootlari, sobiq “Remzavod”ning tashlandiq hududi
oʻrnida barpo etilgan Olimpiya zaxiralari sport maktabi hamda “Yoshlar
markazi” minglab oʻgʻil-qizlarning orzulari roʻyobga chiqadigan sevimli
maskanga aylanganini bugun alohida qayd etish oʻrinli deb oʻylayman. Bugun
koʻpchilik samarqandliklar yaxshi eslashadi: oʻsha kezlarda Toyloq tumanida 5
ming oʻrinli muhtasham stadion foydalanishga topshirilgan edi.
Eng
qizigʻi, ushbu inshootlarning hech biri davlat byudjeti hisobidan qurilmagandi.
Bu esa “Izlagan imkon topar”, degan hikmatli ibora nechogʻliq haqiqat ekanini
amalda yana bir bor tasdiqlaydi.
Shavkat
Mirziyoyevning ustoz va murabbiylarga boʻlgan cheksiz hurmati shunchalik
ediki, u umuman imkoniyati yoʻq davrda ham ularga munosib sharoitlar yaratib
berish yoʻlida oʻzini qiynardi. Aynan shu ezgu niyat ifodasi oʻlaroq, Oqdaryo
tumanidagi sobiq “Kolxozstroy”ning qarovsiz hududi oʻrnida zamonaviy “Ustoz”
sanatoriysining barpo etilishi viloyat rahbarining maʼrifat ahliga boʻlgan
cheksiz hurmati va yuksak ehtiromini yana bir karra namoyon etdi. Shu maʼnoda
aytish mumkinki, bu maskanning nomi ham, mohiyati ham oʻsha kezlardayoq
keyinchalik muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan
muhim hayotiy haqiqatni anglatib turardi: “Millat tarbiyachisini eʼzozlagan
xalqning kelajagi porloq boʻladi”.
Sezib
turibman, maqolaning soʻnggi qismlari sizni zeriktirdi. Ensangizni qotirgan
boʻlsa ham ajablanmayman. Ruhi, matndagi xronologik ohang sovet va undan
keyingi turgʻunlik yillari kayfiyatini eslatuvchi ayni yoʻnalish bugun
hayotimizda favqulodda “begona”ga aylanib qolgandek... Holbuki, oʻsha davrda
gʻalladan xirmon-xirmon hosil olish, qiziqchimiz aytganidek, “yerni chuqurroq
haydash” va hatto mutaxassislar va dehqonlargina tushunishi mumkin boʻlgan
terminlarni qalashtirib nutq qilish, maqola yozish normal qabul qilinardi.
Chunki daladan boshqa oʻylaydigan, gapiradigan, koʻkrak kerib faxrlanadigan
hech bir sifatimiz yoʻq edi. Sobiq markazdan kelib dalaga qanday qadab ketgan
boʻlsa, istiqlolga erishganimizdan keyin ham tafakkuru ongimiz uzoq yil
egatlar orasida qoldi. Paxta va gʻalla, keng maʼnoda aytganda, ziroatchilik
hayotimizning barcha jabhasida ijtimoiy-siyosiy kult sifatidagi tahakkum —
dominantligini xuddi sovet davrlaridagidek aks ettirib turdi. Chuqurroq oʻylab
koʻrilsa, ayni safarbarlik ortida “strategik ahamiyat”dan boʻlak yana bir muddao
— jamiyatni manipulyatsiya qilish istagi ham yashiringandek edi. Yaʼni odam
tinimsiz nimagadir undab turilsa, matbuot ertadan to kech zarbdorlik, dala
ishlari, yetib boʻlmaydigan “plan” haqida muttasil gapiraversa, bu holat har
qanday erkin tafakkurga ham putur ketkazadi. Odamlar fikrini jamoaviy tarzda
bir nuqtaga “yigʻish”, barcha oʻy-xayollarni umumiy bir oʻzanga boʻysundirish,
tabiiyki, shaxsiy fikrni jilovlaydi. Hur fikrning shakllanmasligi esa bizning
klassik aqidalarimizga uygʻun kelardi.
Umumiy
maʼnoda ozodligimizning dastlabki chorak asriga jiddiy qaraydigan boʻlsak,
erkinligimiz nazariy, hurriyatimiz qaysidir maʼnoda “qaram mustaqillik”dek
tuyular edi. Koʻcha va xiyobonlarimizga osiladigan shiorlarimiz ham buni
bot-bot eslatib turardi: “Yangi uy qurmay turib, eskisini buzma!”. Aynan mana
shu eskisini buzmay saqlab qolish “anʼanasi” millat va davlat “kodi” maqomidagi
milliy ramzlarimizda ham oʻz “tarovati va teran goʻzalligi”ni aks ettirishga
ulgurdi. Deylik, mustaqillikka erishganimizdan keyin ham gerbimizdagi
chambarakka alvon-la oʻralgan “iftixorimiz ramzi” boʻlgan paxta va gʻalla
tasvirlari oʻzgarmadi. Nega? Holbuki, Prezidentimiz koʻp bor aytganlaridek,
paxtadan oladigan daromadimiz oʻsha yillari bir milliard dollarga
yetib-yetmagan. Shu holicha ham ushbu dehqonchilik mahsulotlari bizning ijtimoiy-maʼnaviy
identligimizni belgilashi kerakmidi? Biz oʻz asriy orzu-armonlarimiz, ulugʻ
niyatlarimiz va bu jahondagi ruhoniy “oʻzligimiz”ni shu oʻsimliklar siymosida
koʻrishimiz kerakmi?.. Albatta, bu mustaqillikdan keyin ham bir oyogʻimiz
mafkuraviy jihatdan sobiq tizim xarobalari uzra qolib ketganini anglatadi.
Men
bekorga bu toʻgʻrida gapirmadim. Chunki ayni narrativ “Mirziyoyev davri”
bizning dunyoqarashimizni qanday oʻzgartirganini yaxshi koʻrsatib bera oladi.
Masalan, sal avval eslaganimdek, bir zamonlar nafaqat aktual, balki siyosiy
ahamiyat kasb etgan “qishloq xoʻjaligi” gurunglari bugun hayotimizdagi qoʻrli
oʻrnini yoʻqotdi. Shuning uchun ham bu mavzuda yozish va oʻqish endilikda
nafaqat anʼanadan chiqdi, balki mohiyatan zerikarli, primitiv boʻlib qoldi.
Ongimizda sokin amalga oshgan, hali deyarli tahlil etilmagan ayni
yangilanishlar bizga bir narsani ochiq eslatib turadi: bizda ittifoq parchalangandan
keyin ham erkinlik masʼuliyatidan xavotir hissi bor edi. (ehtimol, bu siyosiy
hokimiyatni “yoʻqotib qoʻyish”dan qoʻrqish boʻlgandir). Jumladan, traditsional
tutumlardan voz kechmaslik, boshqaruv hamda jamiyat hayotidagi “anʼanaviy
ruh”ni saqlab qolishga intilish sezilar, shuning uchun shiorlarimiz ham, hali
aytganimdek, milliy ozodlikdan koʻra koʻproq yaqin oʻtmishga qayta
chorlayotgandek tuyulardi. Vaqt shuni koʻrsatdiki, mustaqilligimiz va
oʻzligimizni ifoda etuvchi simvollarimiz — davlat ramzlarimiz mohiyatida ham
oʻtgan asrning 90-yillaridagi siyosiy xavotir, qoʻrquv va ikkilanish tajassum
topgan. Ayni mavzudagi soʻzimni yakunlab, shuni aytishim mumkinki, bu olmon
faylasufi Erix From tasvirlagan “Ozodlikdan qochish” fenomeniga juda yaqin hodisa
edi.
Aytilgan
mulohazalar bizning tasavvurlarimizda bugun mamlakatimizning uch xil
xarakterdagi koʻrinishini aks ettirishi bilan nihoyatda ahamiyatli: “sovet Oʻzbekistoni”,
“postkommunistik Oʻzbekiston” va “Yangi Oʻzbekiston”...
IX
Hech
esimdan chiqmaydi: u kishi Samarqandda ishlayotgan davrlarda yonma-yon
ketarkanmiz, hazil aralash savol berdim: “Goh-gohida uxlab ham turasizmi,
Shavkat Miromonovich?!”.
U kishi
oʻz odatiga sodiq holda jilmayib javob qildi: “Manzildan-manzilgacha moshinada
nima qilish mumkin?”.
Suhbatimiz
garchi mutoyiba ruhida kechgan boʻlsa-da, uning zamirida haqiqat yashirin edi.
Men ochiq aytaman, shu paytgacha uning qaysi mahal uxlab yoki oyoq uzatib dam
olishini hech kim aniq aytib berolmasa kerak. Yuragi Vatan va xalq dardi,
mehru muhabbati bilan urib turadigan, oʻz surati va siyratida MILLAT SHAVKATI timsolini tobora
yorqin ifoda etib borayotgan Shavkat Mirziyoyevdan biz, kelajak avlod,
qolaversa, tarix hali koʻp narsani oʻrganishi, saboq chiqarishiga oʻzida
kuchli ehtiyoj sezishiga men aniq ishonaman.
Hech
boʻlmaganda, birgina Vatanni, uning tarixi va oʻz xalqini sevishni u kishidan
oʻrganish, oʻzlashtirib olishning oʻzi ham olamni guliston qilishga yetadigan
qudrat va salohiyat soladi qalbingizga.
Shavkat
Mirziyoyev Bosh vazir boʻlib ishlagan yillarda ham bu koʻhna zamindan uzilib
ketmadi. “Samarqand ruhi”ni “sayqallash”, qolaversa, viloyatning
ijtimoiy-iqtisodiy hayoti doimo eʼtiborida turdi.
Ana shu
ezgu qarash va yondashuv Samarqandning maʼnaviy hayotida tub burilish yasadi.
Shaharda Registon, Shohi Zinda, Amir Temur, Bibixonim, Xoja Doniyol, Ruhobod,
Hazrati Xizr, Rasadxona, Dahbed, Nodir devonbegi, Xoʻja Ahror Valiy yodgorlik
majmualari tarixiy qiyofasiga mos tarzda tiklandi.
Eng
muhimi, bir vaqtlar qarovsizlik va noqonuniy qurilishlar tufayli mahallalar
orasi, kimlarningdir uy-joyi ostida qolib ketgan muqaddas qadamjo — Imom
Moturidiy hazratlarining qabri topilishi maʼnaviy-madaniy hayotimizda ulkan
voqelikka aylandi. Ulugʻ allomaning muborak nomi, benazir ilmiy-maʼrifiy
merosi va buyuk taʼlimoti yana xalq qalbiga yuksak ehtirom va izzat-ikrom bilan
qaytarildi.
Men shu
oʻrinda bir haqiqatni roʻyirost aytishni istardim: aslida hozirgi
Samarqandning qayta shuhrat topishi va dunyo sahnida yana “Yer yuzining
sayqali” degan sharafli nomga chin maʼnoda munosib koʻrilishi aynan oʻsha
vaqtda boshlangan mana shunday maʼnaviy uygʻonishdan kuch-quvvat olgan, desam,
sira yanglishmagan boʻlaman.
Zero,
Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyati rahbari sifatidagi faoliyati davrida
asos solingan maʼnaviy uygʻonish keyinchalik butun mamlakat taqdiri va
taraqqiyot yoʻlini belgilab bergan ulkan strategik islohotlar uchun mustahkam
asos boʻldi. Muhimi, bu oʻzgarishlar quruq shior yoki balandparvoz daʼvatlar
sifatida emas, balki xalqimiz tafakkuri va qarashlarini oʻzgartirgan islohot
sifatida ularning hayotiga chuqur kirib bordi.
Bugun
xalqimiz qalbida jo boʻlgan milliy oʻzlikni anglash va millat tarixi bilan
bogʻliq tushunchalar, maʼnaviy qadriyatlarga nisbatan shakllangan yuksak
hurmat va muqaddas qadamjolar, bebaho tarixiy obidalarni bunyod etish hamda
ularni asrab-avaylashga boʻlgan daxldorlik hissi zamirida oʻsha yillarda
yongan milliy gʻurur va vatanparvarlik mashʼalasining qudratli nurini koʻrish
mumkin.
X
Maqola
avvalida Samarqand garchi bir necha ming yillik tarixga ega boʻlsa-da, uning
shonli oʻtmishida oʻz nomini qoldira olgan bunyodkorlar sanoqli degan edim.
Agar siz bu oʻtmish gavhari boʻlgan shaharga yaqin orada bormagan boʻlsangiz,
endi boring, uning goʻzalligidan zavqlaning, sahnidan nur yogʻilib turgan
maydonlari, muazzam Imom Moturidiy, Imom Buxoriy qadamjolarini ziyorat qiling.
Tarix va bugun uygʻunlashib ketgan “Boqiy Samarqand” ansamblini koʻring.
Bozorlar, mahallalar, koʻchalarni kezib, odamlarning yuzu koʻziga boqing. Chor
atrofda taralib turgan qadim oʻtmish va zamon ohanglariga quloq tuting...
Shunda
anglaysizki, ruhiyatingizda paydo boʻlgan iliqlik, qalbingizga inayotgan
shukuh qadim Samarqand ruhiyatidir. Ehtimol, oʻsha dam yuragingizda shahar
tarixida iz qoldirgan Vatan farzandlari nomini yana uzaytirishga ishtiyoq paydo
boʻlar...
U kishi
bugungacha bosib oʻtgan yoʻl odam qalbida shunday ezgu tuygʻularni uygʻotadi.
Zotan, bu yoʻl sharafli va shavkatli yoʻldir.
Bir
paytlar Uinston Cherchill oʻz zamonasiga ishora qilib, “Biz ulkan voqeliklar
va mayda odamlar davrida yashamoqdamiz”, degan edi. Kinoya aralash aytilgan
ayni malomat oradan bir asrga yaqin vaqt oʻtsa-da, bugun ham oʻz ahamiyatini
yoʻqotmagandek. Ayniqsa, nolish va ismsiz nafrat tobora milliy qadriyatga
aylanib borayotgan bizning bugungi kunlarimizga ham taalluqli bu gaplar,
desam, hech ham adashmagan boʻlaman. Xususan, bu achchiq taʼna koʻz oʻngimizda
boʻlayotgan shuncha oʻzgarishlar, yangilanishlarning qadriga yetmayotgan,
koʻrib koʻrmaganga olayotgan “mayda odamlar”ga tegishli, albatta.
Oʻzbekiston
bundan oʻn yil burun qanday edi, hayotimiz, sharoitlarimiz, turish-turmushimiz,
tafakkurimiz, biyron tilimizning holi nechogʻli edi, oʻsha paytlarda?!
Afsuski, odam bolasi tez unutadi. Qadriga yetish, shukr qilish degan oddiy
insoniy tuygʻularni ham esdan chiqaradi. Koʻz oʻngimizda yuz berayotgan katta
oʻzgarishlarning farqiga bormaydi yoki bilib turib takabburlik qiladi.
Yaqinda
yoshi saksonga borayotgan bir tanishim “falonchi qamalgandi, oʻgʻli lavozimga
oʻtiribdi. Falonchi ishdan olingandi, uch oy oʻtmay sal bundayroq
boʻlsa ham vazifaga qoʻyilibdi. Men tushunmadim, nega bunday boʻlyapti?” deb
soʻrab qoldi.
Ochigʻi, u kishidan xafa ham boʻlmadim, gapiga hayron ham
qolmadim. Negaki, bitta u emas, aksariyatimizda shunday fikr bor: birov
qamaldimi, urugʻ-aymogʻi bilan “supurilishi” kerak, ishdan ketgan odam nafaqat
siyosiy sahna, hatto jamoatchilik nazaridan uzoqda, koʻzga koʻrinmay yurishga
mahkum...
Toʻgʻri, ilgari shunday edi. Bugun zamon ham, siyosat ham
oʻzgardi. Biroq taassufki, jamiyat buni toʻgʻri anglab ololmayotir. Hayotimizda
boʻlayotgan oʻzgarishlar va ularga munosabatimizni kuzatib turib, baʼzan bir
narsaga hayron qolaman: bizda ham faxr, Millat va Vatan zafarlaridan quvonib
gʻururlanish hissiyoti bormi yoki bu tuygʻularimizni ham mustabidlik
toʻfonlariga “yem” qilganmizmi? Shuncha ishlar, oʻzgarishu yangilanishlar
boʻlayotir, ammo aksariyat hollarda ularga yondashuvimiz, hali aytgan
tanishimnikidek, oʻta nosogʻlom...
Mayli, targʻibot, Prezident siyosati, bugungi kunlarimiz
qadrini odamlarga keng va bafurja sharhlash, tushuntirib berish amaliyoti,
biroq bu ishlarimiz hozirda koʻngildagidek kechmayotgani alohida munozara
mavzusi. Ammo biz, tarixi ming yillarga teng xalq, oʻtmishi afsonaga aylangan
yurt farzandlari sifatida qalbimizda milliy gʻurur tuygʻusini shakllantirishni
oʻrganishimiz bugun juda dolzarb degan boʻlardim.
Men oʻtgan yili Prezidentimizning Oʻzbekiston kasaba
uyushmalari faollari va faxriylari bilan uchrashuvida u kishiga yuzlanib,
shunday murojaat qilgan edim:
“Bundan 6-7 asr ilgari bu yurtda koʻtarilgan muazzam
bayroq oʻz atrofida jahonni birlashtirgan, oʻziga qaratgan edi. Bu, shubhasiz,
buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur qurgan qudratli davlatning bayrogʻi edi.
Oradan qariyb yetti asr oʻtib, uzoq yillar koʻzdan panada
qolgan oʻsha bayroq bugun yana hilpiray boshladi. Bu bayroq bugungi Yangi
Oʻzbekistonning bayrogʻidir.
Bugun jahon uzra magʻrur hilpirayotgan ushbu bayroqni Siz
koʻtardingiz, muhtaram Shavkat Miromonovich!”.
Men bugun ham ayni fikrimda
sobitman!
Qudratilla
RAFIQOV,
siyosatshunos